Muxolifat

Muxolifat
(Muxolafatdan yoʻnaltirildi)

Muxolifat(arabcha — teskarilashish, kelishmovchilik) — rasmiy hukumat, uning siyosati bilan kelishmay boshqacha siyosiy yoʻl tutib, faoliyat yuritish. Muxolifatning mavjudligi fuqarolik jamiyatining siyosiy madaniyatini belgilab beruvchi muhim xususiyat hisoblanadi. Muxolifat boʻlishning asosiy talablari quyidagilardir: hokimiyatni boshqarish, tashkil etish boʻyicha oʻz dasturiga, oʻz “komanda”siga, oʻz faoliyatining gʻoyaviy, mafkuraviy asosiga ega boʻlish; amaldagi huquqiy normalar asosida faoliyat olib borish; oʻz dasturini mafkuraviy yoʻllar bilan keng jamoatchilikka yetkazish; oʻz elektorati (saylovchilar doirasi)ga ega boʻlish, ular manfaatini koʻzlab qonun doirasida kurashish; hal qilinishi kerak boʻlgan vazifalarni yechish uchun alternativ (muqobil) yoʻllarni taklif etib, uning toʻgʻriligini amalda isbotlashga harakat qilish.

Hozirgi davrda Muxolifatning rivojlangan shaklini Buyuk Britaniya va AQShda koʻrish mumkin. Muxolifat bu mamlakatlarda har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi, uning rahbarlari rasmiy lavozimlarga ham tayinlanadi.

Oʻzbekistonda Muxolifatning vujudga kelishi, faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yaratildi, bu asoslar tobora rivojlantirib borilmoqda. Oʻzbekiston Respulkasi Konstitutsiyasida “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek, hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolafatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas” (34-modda), deb yozib qoʻyilgan. Chunki Muxolifatning boʻlishi, uning amaldagi qonun va tartibotlar doirasida faoliyat yuritishi jamiyat rivojiga katta hissa qoʻshadi. Muxolifat oʻzining gʻoyalari, takliflari, dasturlari bilan rasmiy hukumat koʻrmagan tomonlarga ishora qilib turadi. Buning natijasida rasmiy hukumat yaxshiroq ishlashga, doimo izlanib, oldinga intilishga harakat qiladi.

Manbalar tahrir