Muxtorjon Murtazoyev
Murtazoyev Muxtorjon (1909.5.5 - Qoʻqon — 1994.2.3) — xonanda, sozanda (gʻijjak, dutor, tanbur), bastakor. Fargʻona vodiysi zamonaviy bastakorlik maktabining asoschilaridan. Anʼanaviy musiqa yoʻllarini Mahram hofiz va gʻijjakchi Qodirjon Ham-damovlardan oʻrgangan. Qoʻqon shahri Temiryoʻlchilar madaniyat saroyida musiqa rahbari (1929—33), Qoʻqon teatrida sozanda (1933—41) va musiqa rahbari (1957-yildan), Yangiyoʻl teatri (1942—45), Muqimiy teatri (1945 — 57)da gʻijjakchi-konsertmeyster, Qoʻqonda maqomchilar ansamblining badiiy rahbari (1957-yildan). Mumtoz va zamondosh shoirlarning sheʼrlariga yaratgan qoʻshiq va ashulalari ("Oʻrta-ma", "Gulzor makoni", "Sogʻinish", "Jonim ila jonim", "Bir ishva bilan", "Ey koʻngil", "Jafo ham qilmading" va boshqalar) M.Ahmedov, O.Imom-xoʻjayev, K.Moʻminov va boshqa hofizlar repertuaridan oʻrin olgan. Ayniqsa, T. Qodirov talqinidagi "Fargʻona tong otguncha", "Bizni tashlab" kabi badiiy yetuk asarlari ommaviylashgan. "Doʻstlar" (Uygʻun pʼyesasi), "Qumrining murodi" (J.Mashrabiy), D.Jalilov bilan birgalikda "Ishqobod" (S.Abdulla), "Xolisxon" (Hamza) kabi spektakllarga musiqa bastalagan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |