Noʻmon Aminov (1908, Buxoro – 1-may 1998, Buxoro) — zardoʻz, Oʻzbekiston xalq rassomi (1982). Qadimgi Buxoro zardoʻzlik maktabi vakili. Otasi Aminjon Majidovdan hunar oʻrgangan. 30-yillardan Zardoʻzlik arteli (1960-yildan Buxoro zardoʻzlik fabrikasi)da ishlagan. Tilla, nuqra, ipak, zar iplar yordamida nodir soʻzanalar, portretlar yaratgan. Koʻplab shogirdlar tayyorlagan. Uning rahbarligida zardoʻzi soʻzanalar, portretlar va boshqa tayyorlangan. Koʻplab murakkab bezakli namoyonlar ishlagan ("Kitoba", 1956; "Goʻri Amir", 1970). U yaratgan an’anaviy naqsh (chok)larning 32 namunasi Amaliy san’at muzeyida saqlanadi.