Nodirshoh

Eron XVI XVIII

Nodirshoh (1688-yil 22-oktabr, Deregyoz — 1747-yil 20-iyun, Xabushon) — Eron shohi (1736—47), qizilboshlilarning afshor qavmidan boʻlgan. Xurosonda harbiy qoʻmondon sifatida oʻz faoliyatini boshlagan. 1726-yilda safaviylar shohi Taxmasp II (1722—32)ning harbiy xizmatiga oʻtib, Mashhaddan afgʻonlarni quvib chiqargan. Hirotdagi afgʻonlarning abdal va Xurosondagi turkman qabilalariga qarshi kurashda gʻolib kelgan (1729). Eronni bosib olish uchun urush boshlagan Usmonli turk sultonligiga qarshi samarali kurashi Nodirshohning nufuzini oshirgan (1730—31). Taxmasp II ni taxtdan agʻdarib, uning oʻgʻli Abbos III ni shoh, oʻzini esa unga homiy (regent) deb eʼlon qilgan (1732). Turklar bilan urush tugagach, Eron shohi boʻlgan (1736). Nodirshoh Safaviylar davlati oʻrnida Eronda markazlashgan yirik davlatga asoslangan imperiya tashkil qilgan. Qoʻshni davlatlarga qarshi talonchilik yurishlari oʻtkazib, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Dogʻiston, Afgʻoniston, Belujiston, Oʻrta Osiyoning katta qismi, Shimoliy Hindistonni bosib olgan. Buxoro xonligiga qarshi uning yurishi dastlab muvaffaqiyatsiz tugaydi. Nodirshohning katta oʻgʻli Rizoquli mirza 1200 kishilik lashkari bilan Amudaryodan oʻtib, Qarshini qamal qilgan. Muhammad Hakimbiy otaliq va Buxoro xoni Abulfayzxon shahar ichida turib dushmanga qarshi kurashganlar. Buxoroliklarning ittifoqchisi Xiva xoni Elbars (1728—1740) katta qoʻshin bilan yetib kelgach, Rizoquli mirza shoshilinch sulh tuzadi va orqaga qaytadi (1736). Biroq Nodirshohning oʻzi katta qoʻshinga bosh boʻlgach, Balxni egallab, Buxoro ustiga yurish qilganida uni Muhammad Hakimbiy va oʻgʻli Muhammad Raxim qoʻllab-quvvatlaydi (1740). Buxoro ustidan siyosiy hokimiyat oʻrnatilgach, u Xiva xonligiga qarshi yurish qiladi. Xonqani egallash paytida Xiva xoni Elbars oʻldirilgan (1740). Nodirshoh hukmronligiga qarshi Xiva va Buxoroda bir necha marta qoʻzgʻolonlar koʻtarilgan. Eronda ham ichki nizolar va saroy fitnalari kuchayadi. Nodirshoh Xuroson noibi, oʻzining jiyani Aliqulixon tomonidan Mashhadda oʻldirilgan. Aliqulixon oʻzini Odilshoh nomi bilan shoh deb eʼlon qilgan. Nodirshohning oʻlimi bilan Eron davlatining markazlashtirish jarayoni toʻxtab qolgan.

Nodirshoh
forscha: نادر شاه
NaderShahPainting.png
Nodirshohning portreti
Mansabda
1736, 8-mart — 1747, 20-iyun
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1688, 22-oktabr
Deregyoz, Xuroson
Vafoti 1747, 20-iyun
Xabushon, Xuroson

AdabiyotTahrirlash

  • Mirza Abdal’azim Sami, Tarixi salatin-i mangitiyya, M., 1962.

Qahramon Rajabov.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil