Noingalyatsion anestetiklar
Ushbu sahifani Anesteziyalovchi moddalar bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Umumiy anestetiklar organizmga yuborilish yoʻllariga qarab ingalyatsion va noingalyatsion guruhlarga ajratiladi. Noingalyatsion anestetik preparatlarga geksenal, natriy tiopentali, sombrevin, viadril, natriy oksibutirati, kalipsol kabilar kiradi.
Natriytiopentali
tahrirNatriytiopentali (pentotal-natriy, tiopentobarbital) gʻovaksimon massa, suvda-eruvchan. Natriy tiopentali organizmga asosan vena orqali yuboriladi. Buning uchun 1-2,5 foizli eritmalar qoʻllanadi. Goho mushaklarga inyeksiya qilish uchun ham qoʻllanadi. Pediatriya sohasida tiopental natriy toʻgʻri ichak orqali ham yuboriladi. Natriy tiopentali koʻpincha anesteziyaga kiritish bosqichi — induksiya uchun ishlatiladi. Endoskopiya, bronxoskopiya va shu singari muolajalar ham tiopental natriy yuborish zaminida bajarilishi mumkin. Natriy tiopentali mustaqil anestetik tarzida ishlatilmaydi. Bu guruh preparatlar analgetik xususiyatga ega emas, ular narkotik uyqu keltirib chiqaradi, xolos. Natriy tiopentali ishlatilganda termoregulyatsiya, nafas olish va vazomotor markazlarining depressiyasi, miokardning qon haydash qobiliyati pasayishi, bronxlar muskulaturasi tonusining oshishi, gipersalivatsiya kabilar kuzatiladi, laringospazm, bronxospazm xavfi tugʻiladi. Tiopental natriy katta dozalarda qoʻllanilganda parenximatoz organlar disfunksiyasi vujudga keladi.[1]
Geksenal
tahrirGeksenal (evipan natriy, siklobarbital). Oq, koʻpiksimon va taxir mazali massa. Suv va spirtda yaxshi eriydi. Geksenal organizmga 1-5 foizli eritma koʻrinishida asosan vena orqali yuboriladi. Mushaklar ichiga inyeksiya qilish va intrarektal usullardan ham foydalanish mumkin. Geksenal eritmasi bevosita ishlatilishdan oldin tayyorlanadi. Ishlatilishi mumkin boʻlgan maksimal dozasi — 1000 mg. Geksenalning anesteziyaga kiritish bosqichi induksiya uchun foydalaniladi. Barbitur kislota mahsulotlaridan boʻlgan geksenal va natriy tiopentali barcha xususiyatlari boʻyicha bir-biriga juda yaqin turadi. Ammo geksenaldan kelib chiqadigan asoratlar va toksik koʻrinishlarning yorqinligi, natriy tiopentalnikiga qaraganda sezilarsiz boʻladi.[1]
Sombrevin
tahrirSombrevin (epontal, predion) — ultraqisqa taʼsirli anestetik. Oq-sariq, yogʻsimon suyuqlik, suvda qiyin eriydi. 5 foiz eritma koʻrinishida 10 ml ampulada chiqariladi. Sombrevin tezlik bilan qon fermentlari taʼsirida parchalanib, birikmalarga aylanadi. Sombrevin organizmga faqat vena orqali yuboriladi. Sombrevin kuchli analgetik va anestetik xususiyatlarga ega. 8-10 mg/ kg dozada yuborilganda 15-30 sekund oʻtgach bemor hushini yoʻqotadi, 30-40 sekund oʻtgach anesteziyaning jarrohlik bosqichi vujudga keladi va 3-4 daqiqa davom etadi. Bemoming anesteziya holatidan chiqishi keskin roʻy beradi, ruhiy adekvatlik va mushaklar tonusi tez tiklanadi. Sombrevin taʼsiridan nafas va qon aylanish faoliyati oʻzgaradi. Qisqa vaqtli giperventilyatsiya ketidan gipoventilyatsiya, gohida apnoe roʻy berishi mumkin. Arterial qon bosimi biroz pasayadi, taxikardiya paydo boʻladi. Vena qon tomirlari qattiq qitiqlanib, flebit taraqqiy etadi. Sombrevin tez va yuqori konsentratsiyada yuborilganda allergik holat — mayda toshmalar, ogʻir hollarda esa anafilaktik shok roʻy berishi mumkin.[2]
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Oripov. Noingalyatsion anestetiklar, 2, Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008-yil — 192-193-bet. ISBN 978-9943-08-238-0.
- ↑ Azizova. Analgetiklar. Toshkent: yangi asr avlodi, 2006-yil — 123-126-bet. ISBN 978-9943-08-025-6.