Non daraxti (Artocarpus altilis) – tutdoshlar oilasi artokarpus turkumiga mansub bir uyli oʻsimlik. Vatani Yangi Gvineya. Uni butun dunyoga ingliz va fransuz sayohatchilari XVIII asrda tanishtirganlar. Ayni vaqtda non daraxti 90 ga yaqin davlatda, jumladan Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoda, Tinch okeani orollarida, Karib havzasida, Janubiy Amerika va Afrikada oʻstiriladi. Uning bunday atalishiga asosiy sabab, non daraxti mevalarini xomlik vaqtida pishirilganda, yangi pishirilgan nonga oʻxshashidir. Taʼmi esa kartoshkani eslatadi.

Meva va Bargi

Non daraxti yetarlicha baland, boʻyi 20-26 metrga yetadi, tez oʻsadi, tashqi koʻrinishida emanni eslatib yuboradi. Ayrim shoxlari qalin, barglar bilan qoplangan mayda butoqlardan iborat, ayrimlari esa uchi toʻpbarg bilan tugaydigan ingichka uzun boʻladi. Barglari nihoyatda xilma-xil, hatto baʼzi tuplarining oʻzida ham yaxlit, ham panjasimon oʻyilgan barglarni koʻrish mumkin. Yashash sharoitiga koʻra doimiy yashil yoki barg toʻkuvchi daraxt boʻlib oʻsadi.

Gullari mayda, yashil, koʻrimsiz. Changchili gullari uzun toʻpgulda joylashgan boʻlib, birinchi gullaydi; urugʻchili gullari yirik toʻpgulda joylashgan boʻlib toʻgʻnagʻich koʻrishida boʻladi. Hayratlanarli tomoni non daraxti yirik koʻrshapalaklar (Pteropodidae) tomonidan changlanadi. Changlangandan soʻng urugʻchi gullardan asta-sekin qubbasimon yirik qovun shaklida mevalar hosil boʻla boshlaydi. Mevalari xomligida yashil rangda boʻlib, yetilgach sariq-jigarrang rangga kiradi. Uzunligi 20-25sm Diametri 30 sm gacha, ogʻirligi 3–4 kg gacha boradi. Mevasi xom vaqtida u qattiq boʻlib, uning tarkibida koʻp miqdorda kraxmalli, tolali oq meva eti boʻladi. Mevasi pishgach yumshab, oq rang sariqqa aylanadi va taʼmi shirin boʻlib qoladi. Daraxtning barcha qismida yopishqoq sutsimon lateks-sharbati mavjud boʻladi (aksariyat tutdoshlarga xos xususiyat).

Non daraxtining asosan ikki xili uchraydi: yovvoyi vakili – uning mevasida urugʻlar boʻladi; madaniy vakili – uning mevasida urugʻlari boʻlmaydi. Madaniy tuplarida vaqti-vaqti bilan yetilgan urugʻlar uchrab turadi. Non daraxti juda ham serhosil oʻsimlik boʻlib, 15-20 yoshida bitta tupida bir yilda 150 tadan 700 tagacha meva yetiladi. Tropik mintaqalarda esa yil boʻyi meva berib turadi. Odatda 9 oy meva beradi, 3 oy „dam oladi“. Tez oʻsadi, yillik oʻsishi 0,5 – 1 metrni tashkil etadi. Qalamchasidan koʻpaytiriladi. U hindihitoyning sernam oʻrmonlarida Moluk va Zond orollarida yovvoyi xolda oʻsadi. Oʻzbekistongaham introduksiya qilish ishlari olib borilgan, biroq iqlim sharoitimizga moslasha olmagan. Hosildorlik va oʻshish tezligi sezilarli darajada pasaygan

Qoʻllanilishi

tahrir

Non daraxti okeanlaridagi orollarda yashovchi aholining asosiy va muhim ozuqa mahsuloti hisoblanadi. Yetilgan mevalarning etini non sifatida yopish, qaynatish, quritish, xomligicha isteʼmol qilish, turli pishiriqlar tayyorlash mumkin. Odatda xom mevalari sabzavot sifatida, pishgan shirin mevalari esa non sifatida qoʻllanadi. Mevasida poʻstlogʻida lateks tomchilarining paydo boʻlishi uning pishganligini bildiradi. Meva eti tez buzilgani uchun mahalliy aholi uni quritib saqlashadi. Ushbu qurutilgan mevalar bir necha yillab buzilmasdan saqlanishi mumkin.

Mevasi nihoyatda toʻyimli hisoblanadi. Meva tarkibini 71% suv, 27% uglevodlar, 1% oqsil va 0,8% yogʻ tashkil etadi. Meva vitamin C (35%) va vitamin A ga (10%) boy.