Nubuvvat martabasi
«Nabiy» soʻzi «Naba’» oʻzagidan olingan boʻlib, «Naba’» soʻzi «muhim va oʻta ahamiyatli xabar» degan ma’noni anglatadi. Shunga koʻra, «nabiy» soʻzining lugʻaviy ma’nosi oʻta muhim va buyuk xabar egasi yoki shunday xabarni olib kelgan shaxs demakdir. Bizning tilimizda «nabiy» soʻzi paygʻambar ma’nosini ifodalab, Qur’oni Karim tilida esa Alloh taolodan turli yoʻllar bilan vahiy qabul qilib oladigan va hech bir insoniy vositasiz Alloh taolo tarafidan odamlarga xabar yetkazib beradigan shaxsga «nabiy» deyiladi. Donishmandlar esa «nabiy» soʻzining ma’nosini quyidagicha sharhlaganlar:
«إِنَّهُ مُؤدٍّ مِنَ اللهِ بِلَا وَاسِطَةٍ مِنَ البَشَرِ»
«Nabiy deb, Allohdan biror inson vosita boʻlmay turib vahiy qabul qilib olib, uni odamlarga yetkazib beruvchi shaxsga aytiladi»[1].
«Nabiy»ning vazifasi vahiyni Allohdan qabul qilib olib, unga ilhom qilingan narsalarni xalqqa yetkazib berishdan iborat. Qur’oni Karimda bu haqda shunday deyiladi:
﴿فَبَعَثَ اللَّهُ النَّبِيِّينَ مُبَشِّرِينَ وَمُنْذِرِينَ﴾
«Alloh paygʻambarlarni xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordi» (Baqara surasi, 213-oyat)[2].
«Nubuvvat» va «Imomat» oʻrtasida doimiy bogʻliqlik mavjudmi?
tahrirBu savolning ketidan boshqa bir savol ham tugʻiladi: Kimki «nubuvvat» maqomiga erishib paygʻambar boʻlsa, albatta, imom va peshvo ham boʻladimi? Va shuningdek, «imomat» va «peshvolik» maqomiga molik boʻlganlar paygʻambar boʻlishlari shartmi?
Har ikkala savolning javobi salbiydir. Ya’ni ushbu ikkala maqomning oʻrtasida doimiy bogʻliqlik mavjud emas.
Endi esa vahiy boʻlmish Qur’oni Karim oyatlari yogʻdusida ushbu masalaga oydinlik kiritamiz. Qur’onda Tolutning mustabid va zolim Jolutga qarshi olib borgan kurashuvi tasvirlangan. Unda hazrati Muso (a.s.)ning rihlatidan soʻng, Alloh taolo «nubuvvat» maqomini Samuil nomli bir paygʻambarga topshiradi. Holbuki, bani Isroil qavmiga «peshvolik» va «rahnamolik» qilish maqomini esa hazrati Tolut zimmasiga yuklaydi. Shu oʻrinda diqqatingizni qissaning izohiga jalb etamiz:
"Hazrati Muso (a.s.)ning vafotidan soʻng bani Isroildan bir guruh odamlar oʻz zamonasining paygʻambari, ya’ni Samuil paygʻambar oldiga kelib: «Bizga boshliq va yoʻlboshchi tayinlang, toki uning rahnamoligida Alloh yoʻlida dushmanlarga qarshi kurashaylik», deyishadi. Shunda ularning paygʻambari ularga aytadi:
﴿وَقَالَ لَهُمْ نَبِيُّهُمْ إِنَّ اللَّهَ قَدْ بَعَثَ لَكُمْ طَالُوتَ مَلِكًا قَالُوا أَنَّى يَكُونُ لَهُ الْمُلْكُ عَلَيْنَا وَنَحْنُ أَحَقُّ بِالْمُلْكِ مِنْهُ وَلَمْ يُؤْتَ سَعَةً مِنَ الْمَالِ قَالَ إِنَّ اللَّهَ اصْطَفَاهُ عَلَيْكُمْ وَزَادَهُ بَسْطَةً فِي الْعِلْمِ وَالْجِسْمِ وَاللَّهُ يُؤْتِي مُلْكَهُ مَنْ يَشَآءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ﴾
«Paygʻambarlari ularga dedi: «Alloh sizlarga Tolutni hukmdor etib yubordi.» Ular [paygʻambarlariga javoban]: «U qandayiga bizning ustimizdan hukmronlik qila oladi, holbuki, biz hukmronlikda undan ham haqliroqmiz-ku va [bundan tashqari] unga mol-mulk ham moʻl-koʻl berilmagan», deyishdi. Paygʻambar aytdi: «Alloh uni sizlarga Oʻzi tanlab, uni ilmda va jismda [jismoniy kuch-qudratda] ziyoda qildi. Alloh hukmronligini Oʻzi xohlagan kishiga beradi. Alloh [fazlu karami] keng va ogohdir» (Baqara surasi, 247-oyat).