Nur qal’asiOʻzbekistondagi madaniy meros obyekti. Arxeologiya yodgorligi. Obyekt davri: Mil.avv. III asr. Navoiy viloyatining Nurota tumanida joylashgan. Obyekt manzili: “Eshon Sudur” MFY. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Navoiy viloyat tarixi va madaniy merosi davlat muzeyi operativ boshqaruv huquqi asosida.. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[1][2].

Nur shahriga qaysi tomondan kirmang xuddi mayoq singari Nur qal’asi yaqqol ko’zga  tashlanib turadi. Bu obida O’rta Osiyoda islomga qadar qurilgan antik arxeologik yodgorlik sanaladi. Arxeolog Ya.G’ulomov «Nur qal’asi miloddan avvalgi  yillarda bino bo’lgan», - deb yozadi. Rivoyatlarga qaraganda, Chingizxon uzoqdan tog’ tepasida qurilgan Nur qal’asini ko’rib shoshilib qolgan. Shaharni o’rab  turgan Pirosta mudofaa devorini ko’rib shaharga kechasi hujum qilishni buyurgan. Nur qal’asi Buxoro va Samarqand yo’lidagi istehkom bo’lib, shahar o’rta asrlarda «Nuri Buxoro» deb ham yuritilgan.

Nur qasrini, - deb yozadi arxeolog B.O’roqov, - Iskandariya ham deyishadi. Chunki uni mahalliy xalq Iskandarga qarshi kurash jarayonida qurgan.

Akademik V.A.Nilson (1953), akademik Ya.G’ulomov (1968) tomonidan olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasi shuni ko’rsatadiki, qal’aning ostki madaniy qatlami miloddan avvalgi asrlarda bino bo’lgan.

Nur qal’asi mashhur Nur chashmasining ustki qismida suv boshiga egalik qilish, dushman qamaliga bardosh berish maqsadida qurilgan. Qal’aning ichki qurilmalari yaxshi saqlab qolinmagan. Qal’a qurilish tarixiga ko’ra o’ziga xosdir. U «Kichik ayiq» yulduzlar turkumiga mos ravishda 7 ta minora va ularni birlashtiruvchi yo’laklar bilan birlashtirilgan. Mahalliy otaxonlarning aytishlaricha, agar qal’a dushman tomonidan o’rab olinsa ham  qal’adagilar suvsiz qolishmagan. Qal’aning taxminan o’rtalaridan askarlar maxsus zina bilan tushib qal’a ostidan oqib o’tayotgan chashma suvidan  olib chiqishgan.

Nur qal’asining asosiy me’moriy qurilishi IV-VII asrlarda qayta  tiklangan.

VIII asrga kelib urush to’fonlari uni yana xarobaga aylantirgan. Somoniylar davrida yana qayta ta’mirlangan. Nur qal’asi XVIII asrlarda yanada mustahkamlanib, qadimgi poydevor ustiga yana kuzatuv minoralari qurilgan. Qal’a asosan xom g’isht va toshdan qurilgan. Nur qal’asi ko’plab lashkar va lashkarboshilarni o’z himoyasiga olgan. Somoniylarning dushman tomonidan tor-mor etilgan. Muntansir Nurga  kelib joylashgan va 1004 yilga kelib Dabusiyadagi dushmanga qarshi hujum uyushtirgan.

Darhaqiqat, tabiatning Nuri yog’ilgan bu ko’hna shahar o’zining ko’plab muqaddas islomiy qabrlari, qadamjolari bilan O’zbekistonning boshqa shaharlaridan ajralib turadi. Ushbu ziyoratgoh joylar bugungi kunda tadqiq etishga muhtoj. Shayx Abulhasan Nuriy qabri (Chashma sohilida), Shayx Abulhasan Rumiy qabri (xonaqohda), Xo’ja Burhoniddin Jarilloh qadamjosi (Mozori Bandikushoh), Ahmadi Zamjiy  (Mozori Sangandoz) qadamjosi, Xo’ja Ubaydulloh qadamjosi, «Mozori Chilla» Bibi Sittaitagalboz, (Mozori Shohirust) qadamjosi, Nukriddin Qattol (Temir qovuqdagi avliyo) ziyoratgohi, Boumarso’fi (Qo’rg’on mahallasi) qabri, Nurgulato qabri (Chashmasohilida), Imom Hasan Imom Husayn qadamjosi (Dehibaland qishlog’ida), hazrat Shohimardon (G’ozg’on qo’rg’onida), Xo’ja Abduxoliq G’ijduvoniy qadamjosi (Qo’rg’on mahallasida), Zangiota qadamjosi (Qo’chot hududida) va boshqa ko’plab tabarruk ziyoratgohlar yillar davomida Nurotaning islomiy mavqyei xalqimizning diqqat markazida turganligidan dalolatdir. O’rta asrlarda ilm-fan gullab-yashnagan Buxoro va uning atrofidagi eng qadimgi shaharlaridan biri bo’lgan Nurning «Nuri Buxoro» deb atalishi bejiz emas. XX asr oxirlarida shaharda 32 ta masjid, chashma majmuasida madrasa va xonaqohlar bo’lganligini mahalliy xalq hozir ham eslaydi. Ko’pincha masjidlar o’zlaridan qadimiyroq me’moriy obidalar ustiga qurilgan. Eskirgan, buzilib ketgan masjid o’rniga yangisi qurilgan. Ammo masjidning eski nomi saqlanib qolgan.

Manbalar

tahrir