Oʻpkaning tiriklik sigʻimi
Oʻpkaning tiriklik sigʻimi (OʻTS) — oʻpkadagi toʻliq havo chiqarilib yuborilgandan soʻng oʻpkaga kirishi mumkin boʻlgan maksimal havo hajmi[1]. Odamning chuqur nafas chiqarishidan keyin nafas olishi mumkin boʻlgan havo hajmi spirometr yordamida oʻlchanadi[2].
Oʻpkaning tiriklik sigʻimi uchta koʻrsatkichlar yigʻindisidir[3].
- Oʻrta yoshli inson tinch holatda nafas olish va nafas chiqarish hajmi taxminan 500 ml[4].
- Qoʻshimcha havo — odam 500 ml, nafas havosining ustiga yana qoʻshimcha 1500 ml havo olishi mumkin.
- Zaxira havo — tinch holatda 500 ml nafas chiqarilgandan keyin ham qoʻshimcha 1500ml nafas chiqarish mumkin.
Kattalarda oʻpkaning oʻrtacha tiriklik sigʻimi taxminan 3500 ml ni tashkil qiladi. Sportchilar uchun 1000-1500 ml koʻproq, suzuvchilar uchun 6200 ml gacha yetadi. Oʻpkaning tiriklik sigʻimi qancha katta boʻlsa oʻpka shuncha yaxshi ventilyatsiya qilinadi va tana koʻproq kislorod oladi. Oʻpkaning tiriklik sigʻimi balandlik bilan ijobiy, yosh bilan salbiy bogʻliq. Semiz odamlarda oʻpkaning tiriklik sigʻimi 10-11% kamroq boʻladi, shuning uchun ularning oʻpkasida gazlar almashinuvi kamroq, tez-tez nafas oladi. Tashqi va ichki taʼsirlar natijasida nafas olish chastotasi va nafas olayotgan havo hajmi oʻzgarishi mumkin, lekin bunday omil taʼsiri toʻxtagandan soʻng ular oʻz-oʻzidan normal holatga qaytadi va qon tarkibidagi gazlar muvozanati normallashadi. Jismoniy faoliyat davomida odam tez-tez va sayozroq nafas oladi, bu esa nafas qisilishi, bosh aylanishi va zaiflikka olib keladi. Dam olishdan soʻng nafas olish chastotasi va chuqurligi normal holatga keladi.
Oʻpka ventilyatsiyasi — bu tashqi muhit va oʻpka alveolalari oʻrtasidagi gazlar almashinuvi jarayoni. Oʻpkaning ventilyatsiyasi[5] (havoning oʻzgarishi) koʻkrak boʻshligʻi hajmining davriy oʻzgarishi natijasida amalga oshadi. Nafas harakatlari hisobiga alveolyar havoda gazlar tarkibi oʻzgaradi. Oʻpka ventilyatsiyasining samaradorligi nafasning chuqurligi va miqdoriga bogʻliq. Katta yoshdagi odam tinch holatda minutiga 16-20 marotaba nafas oladi. Insonning nafas olishi, nafas chiqarishiga qaraganda qisqaroq boʻlib: 1:1,3 nisbatni tashkil qiladi. Tinch holatda oʻpkaning minutlik hajmi erkaklarda 6-10 l/min ni tashkil qiladi va jismoniy ish bajarganda bu koʻrsatkich 30 dan 100 l/min gacha ortishi mumkin. Tananing holatiga qarab oʻpkaning turli qismlari turlicha ventilyatsiya qilinadi. Tik turganda oʻpkaning pastki qismlari yuqori qismlariga nisbatan yaxshi ventilyatsiyalanadi. Agar inson chalqancha yotgan holida boʻlsa yuqori va pastki boʻlimlar orasidagi ventilyatsiya farqi yoʻqoladi, lekin orqa tomon oldingi tomoniga nisbatan yaxshi ventilyatsiyalanadi. Yon tomonga yonboshlab yotganida esa oʻpkaning pastki qismlari yaxshi ventilyatsiyalanadi[6]. Nafas olish va nafas chiqarish fazalari nafas olish siklini tashkil qiladi[7].
Spirometriya — bu oʻpkaning funksional holatini baholash usuli boʻlib, havo oqimining hajmi va tezligini oʻlchash imkonini beradi (nafas olish va chiqarishdagi havo)[8]. Spirometriya uning sifatini baholash, bronxopulmonar tizimning qaysi qismi taʼsirlanganligini oldindan aniqlash, kasallikning ogʻirligini, uning rivojlanish tezligini va qabul qilingan davolash choralarining samaradorligini baholash uchun moʻljallangan[9].
Manbalar
tahrir- ↑ „Медицинская энциклопедия“. 2016-yil 11-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 7-aprel.
- ↑ „O'pka“ (Rus tili) (2021-yil 26-yanvar). Qaraldi: 2024-yil 7-aprel.
- ↑ „O'pkaning hayotiy sig'imi“ (Rus tili) (2022-yil 8-aprel). Qaraldi: 2024-yil 7-aprel.
- ↑ „Nafas olish tizimi“. Qaraldi: 2024-yil 7-aprel.
- ↑ „O'pka ventilyatsiyasi“ (O'zbek tili) (2023-yil 4-avgust). Qaraldi: 2024-yil 7-aprel.
- ↑ „O'pka ventilyatsiyasi“. Ziyo uz. Qaraldi: 8-aprel 2024-yil.
- ↑ „Ventilyatsiya“ (O'zbek tili) (2023-yil 17-fevral). Qaraldi: 2024-yil 7-aprel.
- ↑ „Spirometriya“. Qaraldi: 8-aprel 2024-yil.
- ↑ „Spirometriya“ (Rus tili) (2019-yil 28-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 7-aprel.
Adabiyot
tahrir- Jiznennaya yomkost lyogkix (JYeL) / Shiryaeva I. S. // Bolshaya meditsinskaya ensiklopediya: v 30 t. / gl. red. B. V. Petrovskiy. — 3-e izd. — M.: Sovetskaya ensiklopediya, 1978. — T. 8: Yevgenika — Ziblenie. — 528 s.: il.
- Votchala-Tiffno proba / Tixomirov E. S. // Bolshaya meditsinskaya ensiklopediya: v 30 t. / gl. red. B. V. Petrovskiy. — 3-e izd. — M.: Sovetskaya ensiklopediya, 1977. — T. 4: Valin — Gambiya. — 576 s.: il.