Oʻsimlik liniyalari
Oʻsimlik liniyalari (lot. — ip) — jinsiy yoʻl bilan koʻpayuvchi, bir gomozigotali oʻsimlik avlodlari; ular faqat urugʻi orqali koʻpayadi, barqarorligi maʼlum bir standart navga muvofiq tanlash yoʻli bilan saqlab boriladi. Oʻsimlik liniyalari sof, izogen, nasl berish layoqatini tiklovchi, bepushtlikni mustahkamlovchi liniyalarga boʻlinadi. Sof liniyalar — oʻzidan changlanuvchi gomozigotali oʻsimliklarning genotipik bir xil nasli (qarang Genotip). Biror belgiga nisbatan olish mumkin boʻlgan sof liniyalarning soni shu belgilarni nazorat qiluvchi juft genlar soniga bogʻliq. Mas, agar belgini bir juft Aa gen nazorat qiladigan boʻlsa, ikkita sof liniya — AA va aa liniyalarini hosil etishi mumkin; agar belgini boshqa yana bir juft gen — Vv ham nazorat qiladigan boʻlsa, u holda toʻrtta sof liniya — AAVV. aaVV, AAvv va aavv liniyalarni olish mumkin, p juft genlar ishtirokida olinishi mumkin boʻlgan sof liniyalar soni 2" ga teng . Sof liniyalar irsiyati juda barqaror boʻlib, oʻzining barcha belgi va xususiyatlarini nasllariga mustahkam oʻtkazish va uzoq muddat saqlab qolish layoqatiga ega. Sof liniyalarni birinchi boʻlib daniyalik genetik V.Iogansen oʻrgandi. U oʻzining "sof liniyalar" nazariyasini yaratib (1903), ularning evolyutsiya va seleksiya uchun ahamiyatini izohlab bergan. Chetdan changlanuvchi bitta oʻsimlikning bir necha avlodida takrortakror majburan oʻzidan changlantirib olinadigan irsiy tabaqalanuvchi nasllari oʻzidan changlantirilgan liniyalarni tashkil qiladi. Bunday liniyalar asosan geterozisli duragay urugʻlar yetishtirishda otaona sifatida foydalanish maqsadida yaratiladi. Izogen liniyalar — allel genlarning bir yoki bir necha jufti tarkibidagi turli allellarni hisobga olmaganda genetik tuzilishi bir xil liniyalar. Bu xil liniyalar toʻyintiruvchi qayta chatishtirish yoʻli bilan olinib, oʻsimliklar u yoki bu sifat belgisining xoʻjalikbiologik ahamiyatini aniqlash imkonini beradi.
Oʻsimliklarning nasl berish layoqatini tiklovchilar — bunday liniyalarni sitoplazmatik erkaklik bepusht formalar bilan chatishtirilganda ularning hosil berish qobiliyati qayta tiklanadi. Bepushtlikni mustahkamlov chilar — bunday liniyalar yoki navlarni sitoplazmatik erkaklik bepusht formalar bilan chatishtirilganda bepusht formalarning bu xususiyati saqlanib qoladi. Chetdan changlanuvchi oʻsimliklarda majburan oʻzidan changlanishni bir necha avlodlarda takrorlash genetik tabaqalanishga ega boʻlgan oʻzidan changlangan liniyalar hosil boʻlishiga olib keladi. Oʻsimlik liniyalari seleksiya ishida yangi navlar yaratish uchun boshlangʻich material boʻlib xizmat qiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |