Oʻzbekiston — Janubiy Koreya munosabatlari
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Oʻzbekiston – Koreya Respublikasi munosabatlari. Koreya Rerpublika 1991-yil 30-dekabrda Osiyo – Tinch okean mintaqasi davlatlari orasida birinchi boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini tan oldi. Oʻzbekiston bilan KR oʻrtasida 1992-yil yanvarda diplomatiya munosabatlari oʻrnatilgandan keyin siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda keng hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Mamlakatimiz rahbari Islom Karimovning 1992, 1995, 1999-yillarda Koreya Respublikasiga va Koreya Respublikasi prezidentining 1994-yilda Oʻzbekistonga rasmiy tashriflari chogʻida imzolangan hujjatlar oʻzaro hamkorlikning huquqiy poydevorini yaratdi. 1999-yilda oʻzaro tovar aylanmasi hajmi salkam 526,8 mln. AQSH dollariga yetdi. Koreya Respublikasi Oʻzbekistondan paxta tolasi, ip gazlama, kalava ip, elektr asbob-uskuna, xom teri, ipak, kimyoviy oʻgʻit olib, Oʻzbekistonga transport vositalari, elektr va mexaniq jihozlar, qora metall, kauchuk va rezina mahsulotlari, boʻyoqlar, turli xil jihoz va apparatlar, toʻqimachilik mahsulotlari yuboradi.
Janubiy Koreya |
Oʻzbekiston |
Oʻzbekistonda koreys sarmoyasi ishtirokidagi 80 ga yaqin korxona boʻlib, ular transport, elektronika, telekommunikatsiya, aloqa, toʻqimachilik kabi sohalarga mansub. „OʻzDEU avto“, „OʻzDEUelektroniks“, „Kabul-Oʻzbek kompani LTD“, „OʻzSamsoʻngelektroniks“ kabi qoʻshma korxonalar shu jumlaga kiradi. Ular avtomobil, xalq isteʼmol mollari, radio elektron maqsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Nurafshondada va Toshkentning „Koʻkcha“ dahasida qurilgan toʻqimachilik korxonalari mahsulotlari chetga eksport qilinmoqda. Fargʻona va Namangan shaharlarida ham shunday korxonalar barpo etiladi. Shuningdek, Koreya Respublikasining 19 ta kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi da oʻz vakolatxonasini ochgan. 1994-yildan buyon iqtisodiy hamkorlik va savdo-sotiq masalalari boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya va Koreya-Oʻzbekiston qoʻshma qoʻmitasi ishlab kelmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Koreya Respublikasining 10 ta banki bilan vakillik munosabatlari oʻrnatgan. Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bir necha yillar davomida respublika vazirliklari va idoralari bilan faol aloqa qilmoqda. Shu tashkilot yoʻli bilan oʻzbek yigit-qizlari muntazam ravishda Koreya Respublikasida malaka oshirishmoqda. Toshkent iqtisodiyot universitetida va Moliya instituti huzuridagi litseyda kompyuter sinflari tashkil etilgan. Oʻzbekistondagi boshqa litsey va kollejlarni oʻquv asbob-uskunalari bilan jihozlash loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Koreya Respublikasi Maorif vazirligining 1992-yil maydan beri ishlayotgan Toshkentdagi koreys taʼlim markazida oliy oʻquv yurtlari muallimlari va talabalari uchun tanlov asosida malaka oshirish yoʻlga qoʻyilgan. 1993-yil martda Toshkent sharqshunoslik institutida koreyashunoslik fakulteti ochilgan. Oʻzbekiston jahon tillari universitetida „Koreys tili markazi“, Samarqand chet tillar institutida „Koreys tili va madaniyati markazi“ ishlaydi. Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi bu markazlarni eng yangi adabiyot va video hamda audio kassetalar bilan jihozlagan.
Ikki mamlakat oʻrtasida madaniy aloqalar tobora kengayib bormoqda. Oʻzbek madaniyat va sanʼat arboblari Koreya Respublikasida oʻz mahoratlarini namoyish etish, Oʻzbekistonda koreys madaniyati haftaliklarini oʻtkazish odat tusiga aylanmoqda. 1998 va 1999-yillardagi ana shunday xaftalik doirasida Toshkentda koreys kitoblari va fotosuratlari koʻrgazmasi, koreys sanʼat arboblari va rassomlari koʻrgazmasi uyushtirildi. Sport turlari va koreys anʼanaviy oʻyinlari namoyish etildi. Kinofilmlar koʻrsatildi, nihoyat Alisher Navoiy nomidagi teatrda mashxur koreys ashula va raqs ansambllari katta tomosha koʻrsatishdi.
Tashriflar
tahrirKoreya Milliy assambleyasi spikeri Pak Byon Sok 2021-yil 5-aprel kuni rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. Ushbu tashrifda Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nurdin Ismoilovning Koreya Milliy assambleyasi spikeri Koreya Pak Byon Sok bilan uchrashuvlarini oʻtkazilgan[1].
6-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi parlamentining milliy assambleya spikeri Pak Byon Sok boshchiligidagi delegasiyasini qabul qildi. Delegasiya tarkibida Oʻzbekistonga spikerdan tashqari Janubiy Koreya parlamentining davlat boshqaruvi, moliyaviy siyosat, sanoat, savdo, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, sogʻliqni saqlash, mehnat munosabatlari, madaniyat, sport va turizm kabi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha qoʻmitalariga aʼzo 6 nafar deputat ham kelgan.
Suhbat chogʻida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqilgan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Корея Миллий ассамблеяси спикери Ўзбекистонга келди — фото“. Bugun.uz. 2021-yil 12-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 5-aprel.
- ↑ „Шавкат Мирзиёев Корея парламенти миллий ассамблея спикерини қабул қилди“. Bugun.uz. 2021-yil 19-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 6-aprel.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |