Oʻzbekiston Respublikasi milliy kitob palatasi
Oʻzbekiston respublikasi milliy kitob palatasi — Oʻzbekistondagi bibliografiya va matbaa statistikasi sohasidagi markaz. 1926-yil 3-yanvarda Samarqandda tashkil etilgan. 1934-yildan Toshkentda faoliyat yuritadi. Oʻzbekiston Respublikasi milliy kitob palatasi respublika matbuot statistikasi materiallarini tayyorlaydi, respublikada nashriyotchilikning rivojlanishini baholaydi, uni rejalashtirishga yordam beradi. Respublikadagi barcha nashriyot va nashriyot huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar mahsulotini qabul qiladi, ularning statistikasi bilan shugʻullanadi, barcha kitoblar, shuningdek, jurnallar, toʻplam va gazetalardagi asosiy materiallar bibliografiyasini tayyorlaydi, matbaa nashrlarining xalqaro standart belgilarini joriy etish va milliy matbaa arxivini tashkil etish bilan shugʻullanadi.
Milliy kitob palatasi tarkibida nazorat nusxasini qabul qilish va matbuot statistikasi, kundalik bibliografiya, bibliografik maʼlumotnomalar, kataloglar, matbaa arxivi kabi tarmoqlar mavjud. 1927-yildan respublikadagi matbuot nashrlarining majburiy nusxasini olib, ular asosida ilmiy bibliografiya, matbuot statistikasini amalga oshiradi. Milliy kitob palatasi 1969-yildan oʻzbek tilida, 1971-yildan rus tilida alifbo va sistematik kataloglar yordamida turli bibliografik maʼlumotnomalar tayyorlaydi. 1928-yildan ,,Oʻzbekiston matbuoti solnomasi" va uning tarkibida 3 oyda 1-marta ,,Tanqidiy maqolalar solnomasi", ,,Tasviriy sanʼat asarlari solnomasi", ,,Vaqtli nashrlar solnomasi" va boshqalar nashr etiladi.
Milliy kitob palatasi 1976-yildan Oʻzbekistonda (1920-yillardan) chop etilgan kitoblar bibliografiyasini tayyorlab, kitob holida nashr qilishga kirishib, 30 jildli kitoblar solnomasini tayyorladi. Shu bilan birga, turli sohalarga oid oʻnlab maxsus nashrlar ham oʻquvchilarga taqdim etildi. Jurnal materiallari, gazeta maqolalari solnomalari ham oyma-oy nashr etib boriladi. Milliy matbaa bibliografiyasi elektron shaklda ham tayyorlanmoqda.
Milliy kitob palatasining arxiv fondida qariyb 80 yil davomida Oʻzbekistonda chop etilgan 3 mln 230 ming saqlov birligidan iborat bosma nashrlar mujassam. Milliy kitob palatasi bibliografiya nazariyasi va metodikasi boʻyicha ilmiy-metodik ishlar olib boradi. Har yili arxiv fondiga Oʻzbekistondagi nashriyotlar chop etayotgan mingdan ortiq kitob, shuningdek, 110 nomdagi jurnal va byulletenlarning, 510 dan ortiq nomdagi gazetaning har bir soni qoʻshib boriladi. Milliy kitob palatasi 2002-yilga qadar Oʻzbekiston Davlat matbuot qoʻmitasi huzurida ish yuritgan, keyin esa Oʻzbekiston milliy kutubxonasi tarkibiga oʻtkazilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |