Oʻzbekiston Vatan taraqqiyoti partiyasi

Vatan Taraqqiyoti Partiyasi (VTP) 1992 yil mart oyida tuzilgan. Aʼzolari soni 35 mingdan ortiq.

Partiyaning maqsad va vazifalari uning nomida aks etgan boʻlib, vatan taraqqiyotiga xizmat qiladi, jumladan:

  • erkin bozor munosabatlari asosida Oʻzbekistonning iqtisodiy va maʼnaviy mustaqilligini rivojlantirish;
  • demokratik jamiyat taraqqiyotini jadallashtirishga qadam-baqadam taʼsir koʻrsatish;
  • ziyolilar, tadbirkorlar va dehqonlar manfaatini ifoda etish;
  • xususiy mulkchilikni har tomonlama muhofaza qilishni rivojlantirish;
  • faoliyatda hamisha amaliy tajriba hamda sogʻlom aql-idrokka tayanib ish koʻrish.

Partiya oʻz nashriga ega boʻlib, bu «Vatan» gazetasidir. Partiya huzurida jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi, tahlil-axborot markazi ishlab turibdi.

Partiya ilgʻor ziyolilar, tadbirkorlar, xususiy mulk egalari, fermerlar va dehqonlarni oʻz safiga birlashtirgan.

2000 yilda partiya «Fidokorlar» milliy demokratik partiyasi bilan birlashib, Fidokorlar nomi ostida faoliyat koʻrsatmoqda.