Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti
"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti - Koʻp jildli Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, soha ensiklopediyalari, izohli va koʻp tilli lugʻatlar, maʼlumotnomalar tayyorlash va nashr etishga ixtisoslashgan ilmiy-maʼrifiy muassasa. Dastlab Oʻzbekiston hukumatining „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasini tashkil etish haqida“gi qarori (1968-yil 18-yanvar) bilan Toshkentda Oʻzbekiston FA tarikibida (Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining 1965-yil tuzilgan ensiklopediya boʻlimi negizida) Oʻzbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasi nomi bilan tashkil etilgan. 1990-yildan 1997-yilga qadar „Qomuslar Bosh tahririyati“ deb yuritilgan.
Tarixi
tahrirOʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martdagi 154-sonli qarori bilan „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyotiga aylantirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-iyundagi qarori asosida nashriyotga Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Tibbiyot nashriyoti qoʻshilishi munosabati bilan qayta tashkil etilgan. Muassis Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi. Nashriyotning asosiy faoliyati jamiyat hayotining barcha sohalari boʻyicha ensiklopedik nashrlar, lugʻatlar, maʼlumotnomalar, oʻzbek xalqining tarixiy, madaniy merosi, qadriyatlari, tibbiyoti, sport va boshqa nashrlarga boʻlgan aholi ehtiyojini qondirishdan iborat.
Tarkibi
tahrirNashriyotda 2007-yil 1-yanvarga 6 ta ilmiy tahririyat: Ilmiy-uslubiyat va soʻzlik; Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar; Tabiiy fanlar; Tibbiyot; Adabiyot va sanʼat; Tarix va qadriyatlar; tahririyatlari hamda Ishlab chiqarish, Buxgalteriya va iqtisodiy tahlil boʻlimlari bor. Nashriyotga ilmiy-metodik rahbarlikni jamoatchilik asosida ishlaydigan Bosh tahrir hay’ati (universal ensiklopediyaga) amalga oshiradi. Uning tarkibiga yirik olimlar, jamoat arboblari, nashriyot rahbarlari kirgan. Bosh tahrir hay’ati OʻzMEning gʻoyaviy, ilmiy, tahririy va badiiy darajasini oshirishda, maqolalar mezonini belgilashda, soʻzliklarni tasdiqlash, murakkab va munozarali masalalarni hal etishda qatnashadi, har bir jild materiallarini nashrga tavsiya etadi.
Nashriyot ilmiy tahririyatlari huzurida fan sohalari boʻyicha ilmiy-maslahat kengashlari ham tuzilgan. Ularning aʼzolari Bosh tahrir hay’ati aʼzolari rahbarligida ishlaydi hamda muayyan sohaning soʻzligi va maqolalarini koʻrib chiqib tasdiqlaydi. 1971—1980-yillar mobaynida 14 jildli universal „Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasi“ (OʻzSE, Beryniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan, 1981) nashr etildi. Unda 40 mingdan ziyod maqola joylashgan. Mazmun-mundarijasi bilan sovet mafkurasiga xizmat qilgan. Respublikada universal ensiklopediya nashrini yoʻlga qoʻyish Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidentlari akademiklar: H. M. Abdullayev, O. S. Sodiqov, „Akademiya“ nashriyoti direktori A. Yoqubov nomlari bilan bogʻliq. Birinchi Bosh muharriri (1968—1974-yillarda) akademik, falsafa fanlari doktori I. M. Moʻminov (1908—1974). Keyingi Bosh muharrirlari: 1975—1976-yillarda falsafa fanlari doktori M. Baratov (1933—2005), 1977—1986-yillarda akademik, tibbiyot fanlari doktori K. A. Zufarov (1925—2002), 1986—1988-yillarda falsafa fanlari doktori Q. H. Xonazarov (1922), 1988-yildan iqtisod fanlari doktori N. Toʻxliyev (1947).
Muharrirlari
tahrirOʻzSE tayyorlash tarixida Gʻ. Salomov, A. Q. Valiyev, M. Abdullayev, A. Shomahmudov, P. Gʻulomov, Yu. Eshonqulov, S. Qorayev, T. Umarov, V. Rahimov, Sh. Tolipov, Gʻ. Neʼmatov, Sh. Temurov, R. Meliqulov, E. Ahmedov, S. Sharofuddinov, U. Ahrorov, E. Zokirov, N. Kalentov, E. Shermatov, S. Saidaminov, Z. Matkarimova, D. Musayeva, J. Mirzayeva va boshqalar muayyan iz qoldirdilar. M. A. Mirboboyev, A. Abdurahimov, D. A. Shorahmedov, M. N. Aminov, S. Xolnazarov, M. Ashirova, A, Majidov, X. Z. Zokirov, S. Ibragimova, E. Inogʻomov, F. Hasanov, I. R. Xodiyev, A. Burxonovlar ensiklopediya nashrida katta tajriba maktabini oʻtab, 12 jildli universal „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ni va boshqa nashrlarni tayyorlashda faol ishtirok etdilar. Milliy ensiklopediyani tayyorlashda, shuningdek S. Musayev, S. Toirov, S. Yoʻldoshev, H. Abdiyev kabi tajribali jurnalistlar, A. Madvaliyev, O. Mavlonov, R. Maʼrufov, O. Bekov kabi olimlar, N. Mutalov, M. Gʻafforova, M. Islombekova, M. Rasulova, M. Olimov, Sh. Alimova kabi muharrirlar katta hissa qoʻshdilar.
Faoliyati
tahrirNashriyot oʻtgan davr mobaynida 100 dan ortiq nomda turli ensiklopediya va fan sohalari boʻyicha izohli lugʻatlar, maʼlumotnomalar, lugʻatlar, ommabop kitoblar nashr etdi. Bular orasida „Oʻzbekiston Respublikasi“, „Toshkent“ (rus va oʻzbek tillarida), „Paxtachilik“ (2 jildli, rus tilida), „Uy-roʻzgʻor“, „Salomatlik“ ensiklopediyalari, „Ruscha-oʻzbekcha lugʻat“ (2 jild), „Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“, „Hadis“ (1-4-jildlar; 4-marta nashr etildi), „Yosh fizik ensiklopedik lugʻat“, „Yosh matematik ensiklopedik lugʻat“, „yosh ximik ensiklopedik lugʻat“, „Ensiklopedik lugʻat“ (2 jild), „Bolalar ensiklopediyasi“ (3-marta nashr etildi), „Xotin-qizlar ensiklopediyasi“ (3-marta nashr etildi), „Ish yuritish“ (2-marta nashr etildi), „Islom ensiklopediyasi“, „Oʻzbekiston Respublikasi“ (rus, oʻzbek va ingliz tillarida), „Oʻzbek ismlari izohli lugʻati“, „Neft va gaz boʻyicha ensiklopedik izohli lugʻat“, „Fizikadan izohli lugʻat“, „Tilshunoslik terminlari izohli lugʻati“, „Ruscha-oʻzbekcha-xitoycha soʻzlagich“, „Oʻzbekcha-arabcha lugʻat“, „Maʼnolar mahzani“ (oʻzbek xalq maqollarining izohi) va boshqa adabiyotlar, oʻrta maktab, kasb-hunar kollejlari, tibbiyot maktablari uchun darsliklar bor.
Nashriyot 2000—2006-yillarda 12 jildlik Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi nashrini yakunladi. OʻzMEning 1—11-jildlarida umumiy hajmi 1600 nashriyot-hisob tabogʻini tashkil etgan qaryib 50 ming maqola berildi. OʻzME har bir jildida 800—1200 atrofida rangli va oq-qora suratlar, xaritalar oʻrin oldi. 5 mingga yaqin muallif va taqrizchilar qatnashdi. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasining 12-jildi maqolalari faqat Oʻzbekistonga tegishlidir.
Nasriyot 2006—2008-yilarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti bilan birgalikda 5 jildli „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“ nashr etdi (umumiy hajmi 375,0 nashriyot hisob tabogʻi). 2008chi yilda nashriyotda Imom Buxoriyning „Sahihiy Buxoriy“ hadislarini 2ta kitobda nashr qildi (adadi 10000 nusha, umumiy hajmi 161,48 nashriyot hisob tabogʻi). 2009-yilda Toshkent shahrining 2200-yiligi minosabati bilan davlat buyurtmasi asosida „Toshkent“ ensiklopediyasini chiqardi. Nashriyotda 2009chi yilda 61 nomda,885,5 nashriyot-hisob tabogʻida, 942,1 nushada mahsulot chiqardi.
2012-yil davomida nashriyot tomonidan 15 xil nomdagi adabiyotlar chop etildi. Ular ichiga lugʻatlar, ensiklopedik, ijtimoiy-siyosiy, maorif, bolalar, tibbiyot sohasidagi adabiyotlar kiradi[1].
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Государственным научным издательством "Ўзбекистон миллий энциклопедияси" выпущена литература 15 наименований, 2014-02-26da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-02-16
Havolalar
tahrir- - Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasining rasmiy sayti (Wayback Machine saytida 2014-02-03 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |