Oʻzbekistonlik uygʻurlar – Oʻzbekistonda yashovchi koʻp sonli millat.

Uygʻurlar Xitoy Xalq Respublikasi Sins-zyan-Uygur muxtor rayonining tub joy aholisi hisoblanadi. Rasmiy statistik maʼlumotlarda ular 1990 yillar oʻrtalarida 8 milliondan ortiq kishini tashkil etganligi qayd etilgan. Uygʻurlar Markaziy Osiyo davlatlari (Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston va Turkmaniston)  shuningdek, Afgʻoniston,  Pokiston, Hindistonda ham tarqalgan. Uygʻur tilida soʻzlashadi. Uygʻur (yangiuygʻur) tili oltoy tillar oilasining turkiy guruhiga kiradi. Dindorlari, asosan, sunniy musulmonlar.

Bugungi kunda mamlakatimizda 48 268 nafar uygʻur millati vakillari istiqomat qilib kelmoqdalar. Bulardan 15 322 tasi Toshkent shahrida, 20 668 nafari Andijon viloyatida va 9 894 nafari Toshkent viloyatida joylashgan.

2. Uygʻurlarning etnik tarixi

Yapon (Yutyanxeng), fransuz (Klaprot) olimlari fikricha, „uygʻur“ atamasi miloddan avvalgi III-II asrlardan maʼlum. Uygʻurlar etnogenezi Xitoy manbalarida 4-5 ming yil avval tilga olingan „di“ (turk) larning „chidi“ (qizil di – janubiy turk) ga borib taqaladi. Xitoyning shimolida mavjud boʻlgan Chidi davlati miloddan avvalgi 594 yilda szin (Jin) xonligi tomonidan tugatilgach, chidilar shimolga ketishga majbur boʻlishgan. Uygʻurlar xun qabilaviy ittifoqi (mil. av. III-asr – mil. III – IV asrlar) da muhim rol oʻynaganlar. Milodiy V – VII asrlarda uygʻurlar Jujan (Avar) xonligi, keyinchalik Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. VII asrga qadar uygʻurlar tarkibida yogʻliqor (xon avlodi), quturgʻur, tur-lam-veybur, buqosqir, ovchagʻ, xazar-qasar, xoʻgʻursu, yagʻmo, ayovir kabi 9 qabila mavjud boʻlgan. Keyinchalik ularga Sirdaryoning yuqori qismi (Yassi daryosi) da yashagan adiz qabilasi qoʻshilishi bilan 10 uygʻur ittifoqi shakllangan. VII – IX asrlardagi manbalarda 15 uygʻur qabila uyushmasi (baku, hun, bayirgʻu, tungro, sijie, chibni, iz-gil (sije), basmil (bashimi), qarluq (gelulu), sir, tardush, tuva, quvur-qon, barsuk, qirgʻiz) qayd etilgan.

3. Uygʻurlarning Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi

Uygʻurlarning Oʻzbekiston hududiga kelib joylashishi bir nechta bosqichda kechgan:

Birinchi bosqich, uygʻurlar dastlab Oʻrta Osiyo hududlarida XV−XVI asrlardan koʻchib kelib boshlaganlar. 

Ikkinchi bosqich, XVIII – XIX asrlarda hozirgi Oʻzbekiston hududlariga ommaviy koʻchishi davri boʻlib, ular qashgʻarlik, xotanlik, yorkentlik kabi joy nomlari bilan atalgan.

Uygʻurlar ommaviy koʻchishining  uchinchi bosqichi esa 1950-yillar oxiri – 60-yillar boshlariga toʻgʻri keladi.

1921 yilda uygʻurlarning Toshkentdagi yigʻinida umumiy nom bilan "uygʻur" deb atash qabul qilingan.

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston hududida uygʻurlarning asosiy qismi Fargʻona vodiysi, Toshkent vohasi va Toshkent shahrida joylashgan va qashgʻarliklar, taranchilar va dolonlar kabi hududiy-lokal guruhlardan iborat boʻlgan. Dolonlar uygʻurlarning qirgʻizlar bilan assimilatsiyalashgan avlodlari hisoblanadi.

Toshkentda Qoshgʻar darvozasi tomonda "Qoshgʻar" mahallasi (hozirga qadar qoshgʻar toponimi shaharda saqlanib qolgan) bor. Ular 127 uy xoʻjaligi (oʻrtacha bir xoʻjalikda besh kishi boʻlgan) ni tashkil etgan. Mahallaning asosiy aholisini Qoshgʻardan koʻchib kelganlar tashkil etgan va savdo-sotiq bilan shugʻullangan. Mahallada bozor, karvon saroy, masjid va boshqa maishiy inshootlar boʻlgan.

XX asrning 20-yillarida uygʻur qishloq sovetlari va 1937 yillardan boshlab 60 dan koʻproq uygʻur kolxozlari tashkil etilgan edi.

4. Uygur tili.

Turkiy tillardan biri boʻlgan yangi uygʻur tili asosan, Xitoyning Sinszyan-Uygʻur muxtor rayonida, shuningdek, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston respublikalarida, Afgʻoniston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 7,7 million (jumladan, Xitoyda 7,5 million) kishidan ortiq.

"Uygʻur", „Uygʻur tili“ atamalari 1921 yilda yagona etno-lingvistik jamoa uchun olimlar (S.Ye. Malov) tomonidan taklif etilgan va (avvalgi nomlari: Gʻarbiy Xitoy tatar tili, Xitoy musulmonlari tili, Gʻarbiy Xitoyning turkiy lahjalari, Sharqiy Turkiston tili va boshqa)  qadimgi uygʻur tilining davomchisi hisoblanmaydi.

Uygʻur tili 3 lahjaga boʻlinadi: hozirgi adabiy uygʻur tiliga asos boʻlgan markaziy (ili, turfon, qashqar, koʻmul, urumchi, karashar, koʻchor, qoʻrlin oqsu, yorkand shevalaridan iborat); sharqiy (lobnor) va janubiy (xoʻtan). Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda yashovchi uygʻurlarning 2 lahjasi boʻlib, ularning nomlanishida (ili-yettisuv, qashqar-fargʻona shevalari) uygʻurlarning Gʻarbiy Xitoydan Yettisuv va Fargʻona vodiysiga koʻchib oʻtganliklari aks etgan.

Uygʻurlar VII asrgacha qadimgi uygʻur yozuvidan, XI asrgacha soʻgʻd alifbosiga asoslangan yozuvdan, XI asrdan eʼtiboran arab grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanganlar. Oʻrta Osiyo hududida yashagan uygʻurlar 1930 yilgacha arab, 1930-46 yillarda lotin grafikasi asosidagi yozuvdan; 1946 yildan esa rus grafikasi asosidagi yozuvdan unga uygʻur fonemalarini ifodalovchi qoʻshimcha harflar qoʻshgan holda foydalanganlar. Xitoydagi uygʻurlar hozirgacha arab grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanadilar.

5. Oʻzbekiston uygʻurlari etnografiyasining oʻrganilishi

Oʻzbekistonda yashovchi uygʻurlar mavzusi filosoflar, siyosatshunoslar, tilshunoslar, etnograflar tomonidan oʻrganilgan. Uygʻurlarning oʻrganilishi dastlab Sharqiy Turkistonda boʻlgan qator tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan. Sovet hukmronligi yillariga oid dastlabki tadqiqotlar XX asrning 30-50-yillariga toʻgʻri keladi va ularda Oʻzbekistondagi uygʻurlarga oid boʻlgan qator maʼlumotlar keltirilgan. Jumladan, Ch. Ch. Valixanov, A. N. Kuropatkin, N.Ya. Bichurin, A. Kazembek kabi tadqiqotchilarning asarlarida koʻpgina maʼlumotlar keltirilgan.  

XX asrning 60-90-yillarida uygʻur millatiga mansub tadqiqotchilar uygʻur xalqining etnik tarixi, tarixiy taqdiri, koʻchishlari, yangi etnik muhit taʼsiri kabi masalalarga bagʻishlangan asarlari paydo boʻldi. Bularga V.F Shaxmatov, Z. L. Amitin-Shapiro, I. M. Yuzbov, M.N Kabirov, M.R Ruziev, R..Qodiriy, U Mamatoxunov, I.Tuxtiev, M Kutlukov, G. Sadvakasov, L. A. Chvir, S.S Gubaeva, Osim Boqi oʻgʻli kabi tadqiqotchilarning ishlarini misol keltirish mumkin.

Oʻzbekiston mustaqilligi davrida Qoʻqon xonligi va Sharqiy Turkiston oʻrtasidagi savdo-madaniy aloqalar, Fargʻona vodiysidagi uygʻurlar haqida ham maʼlumotlar berilgan ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Xususan, G.Valixonovaning "Fargʻona vodiysi uygʻurlari: turmush tarzi va madaniyati" asarida asosan vodiy uygʻurlarining oilaviy maishiy turmushi, moddiy va maʼnaviy madaniyatdagi ayrim jihatlar, uygʻurcha urf-odat va marosimlar kabi masalalarga eʼtibor qaratilgan.  

Uygʻurlarning diaspora sifatidagi oʻrni, uning Oʻzbekiston va umuman, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari bilan munosabatlari masalasi R. X. Murtazaeva, M. A. Babaxodjaev, A..Doniyorov, R. R. Nazarov, A. G. Muminov, O. R. Musaev kabi tarixchilar, siyosatshunoslar, filosoflar tomonidan oʻrganilgan.

6. Uygʻurlarning xoʻjaligi

XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Sharqiy Turkistonda kechgan siyosiy jarayonlar natijasida uygʻur etnik guruhi vakillarining salmoqli qismi Oʻrta Osiyoning asosan ikki mintaqasi – Yettisuv oʻlkasi va Fargʻona vodiysi hududlariga koʻchib oʻtganlar. Sharqiy Turkistonning oʻziga xos tarixiy-madaniy aloqalar markazi boʻlgan Qashqarda afgʻonlar, kashmirliklar, badaxshonliklar, oʻzbeklar va boshqa koʻplab xalqlar istiqomat qilganlar. Ular orasida „andijonlik“ (butun vodiylik oʻzbek)lar yetakchi mavqega ega boʻlganlar. „Andijonlik“larning alohida mahallalari boʻlgan, yirik mavzelarda savdo rastalari faoliyat koʻrsatgan.

Hozirgi Oʻzbekiston hududlariga, qisman Qoʻqon xonligi hududlariga kelib joylashgan uygʻurlarning asosiy qismi dehqonchilik (donchilik, polizchilik, bogʻdorchilik) bilan shugʻullangan. Uy ehtiyojlari uchun chorvachilik bilan ham mashgʻul boʻlganlar. Ilgari Turkiston hukumati koʻchib kelganlarga sugʻorma yerlarni 10 yilga ijaraga berganlar va yigʻim hamda soliqlar undirilishi haqida koʻrsatmalar berilgan.

7. Uygʻurlarning madaniyati

a) Kiyimlari

Oʻz navbatida uygʻurlarning ipak shoyilari, taqinchoqlari, musiqa asboblari, taomlari, hatto meʼmorchilikdagi milliy anʼanalari Oʻrta Osiyoda, xususan Fargʻona vodiysida mashhur boʻlgan.

Uygʻurlarda bosh kiyimi – doʻppilarning 70 dan ortiq turi mavjud boʻlgan, ular kishilarning yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqei va boshqalarga koʻra farq qilgan.

Qashqar boʻzi – "dabi", paxtadan xonaki tayyorlangan – "barang", xitoy ipagidan tayyorlangan – "tuvar" (tovar), yarim ipak va bir oz qoʻpolroq zarbof – "parcha", toʻq koʻk, yoʻl-yoʻl "las" vodiy aholisi orasida juda mashhur boʻlib ketgan.

XIX asr oʻrtalariga kelib uygʻur erkak va ayollarining anʼanaviy liboslarida biroz oʻzgarish kuzatiladi. Bu davrga kelib erkaklar anʼanaviy kiyimlaridan boʻlgan koʻylakning ikki nusxasi oldi ochiq va oldi yopiq holatda, yengi uzun, keng, uzunligi tizzadan  tushib turadigan, yelkasi keng, jiyak bilan bezatilgan holda tayyorlangani paydo boʻlgan. Ushbu nusxadagi koʻylaklar ilmiy adabiyotlarda „tunikanusxa“ deb nomlangan. Yosh oʻspirin yigitlar asosan „oʻyma yoqa“ yoki „kiftaki“ koʻylaklar kiyganlar. Keyinchalik esa ushbu nusxadagi koʻylaklarning kaltaroq va nisbatan torroqlari ham urf boʻlgan.

b) Uy joylari

Uygʻurlarning moddiy madaniyatida ham koʻplab milliy xususiyatlar namoyon boʻladi. Jumladan, Toshkent viloyati Qutb Yulduzi mahallasida uygʻurlarning uy-joylarni qurilishi va tarhida anʼanaviy usullar saqlanib keladi. Qashgʻarcha ayvon, moʻri oʻchoq va „kan“ deb nomlanuvchi isitish tizimi, uyni turli parda, kashta tushirilgan sochiqlar bilan bezatilishi va hokazolar shular jumlasidandir. Hovlini maʼlum qismini gulzor qilinishi ham uygʻurlarning milliy anʼanalaridan hisoblanadi. Hozirgi kunda uygʻur milliy kiyimlarini asosan keksa avlod vakillari kiyishadi.

v) Uygʻur taomlari

Turkiy xalqlar orasida uygʻurlarni dunyoga mashhur qilgan umummadaniyat belgilaridan biri bu ularning milliy taomlaridir. Shuning uchun ham butun Markaziy Osiyoda jumladan, Oʻzbekiston hududlarida uygʻur taomlari keng tarqalgan. Maʼlumki, uygʻur milliy taomlarining shakllanib borishiga tabiiy, hududiy, iqtisodiy, madaniy omillar katta taʼsir koʻrsatgan. Uygʻurlar mai­shiy turmushining xarakterli jihatlari eng avvalo, ularning pazandachilik mahoratida namoyon boʻladi.

Qadimda va hatto hozirda ham Markaziy Osiyo hududida yashovchi oʻzbek, qirgʻiz, qozoq, uygʻur, qipchoq kabi xalqlar goʻshtli, sutli, sabzavotli taomlar, mol hamda qoʻy yogʻini koʻplab isteʼmol qiladi. Manbalarda keltirilishicha, qadimda uygʻurlar goʻsht, sut, qimiz bilan keyinroq bugʻdoy, guruch kabi dehqonchilik mahsulotlarini isteʼmol qilib kelganligi tarixiy manbalarda ham qayd etilgan.

Hozirda uygʻur pazandachiligida xamirli taomlar katta oʻrin egallaydi. Bunday taomlarni tayyorlash texnologiyasi anchagina murakkab, uzoq vaqt hamda katta mahorat talab qilganligi bois koʻp xalqlar bu borada uygʻurlarni mohir deb tan oladi.

Xamirli taomlar uygʻur pazandachiligiga dungonlar orqali kirib kelgan. Koʻplab xamirli taomlar nomlari dungon tilida ekanligining oʻzi buning dalilidir. 1862 yilgi dungʻonlar qoʻzgʻolonidan soʻng koʻplab dungonlar Qashqarga qochib keladilar va tirikchilik oʻtkazish maqsadida bozor va yoʻl boʻylarida yemakxonaar ochib, ovqat tayyorlab sotgan. Shu tarzda uygʻur oshxonasiga manti, lagʻmon, mampar, yutagʻza, sangʻza kabi yemaklar dungonlar orqali kirib keldi va ommalashdi.

Lagʻmon barcha uygʻur oilalarida eng koʻp tayyorlanadigan taomdir. Lagʻmon xamiri qoʻl mehnati talab qilib, har bir kesilgan xamir qalamchasi qoʻl bilan burab, eshib, choʻzib chiqiladi. Natijada, xamir oʻziga xos taʼmga ega boʻlgan. Fasllar va iqlimga qarab lagʻmon qaylasi yoki sayga turli sabzavot va ziravorlar qoʻshish mumkin. Bahorda lagʻmonga rediska, koʻk piyoz, bodring, kuzda sholgʻom, turp, karam va albatta qaysi fasl boʻlmasin, chin-say, sin-say, ju-say, ba-say kabi ziravor, koʻkatlar qoʻshib tayyorlangan.

Uygʻurlar orasida marosimlar choy nomlari bilan ataladi, bunda har bir marosim maqsadi, mohiyati choy bilan ifoda etilgan. Masalan, "Ahliq choy (oqlik choyi)"– unash­tiruv marosimi sifatida boʻlgʻusi kelin uyida rasmiy sovchilar kelganda oʻtadigan marosim hisoblanadi. "Maslahat choy" toʻy xarajatlari va boshqa masalalar hal etiladigan, shuningdek, barcha muhim tadbirlar oldidan yaqin qarindoshlar bilan oʻtadigan marosim. „Seliq choy (soliq choyi)“ kelin uchun kuyov tomonidan yuborilgan seplar keladigan kun, anʼanaga koʻra, qudalar yaqindan tanishib, bir dasturxonda maslahatlashishadi. "Totliq choy" (rahmat choy) kuyov xonadonida kelinning ota-onasi uchun chaqirilgan mehmondorchilik ziyofati. "Hoduq choy (Hordiq choyi)" toʻydan keyin yaqin qarindoshlar chaqiriladigan ziyofat. Marosim koʻpincha „hordiq oshi“ ham deyiladi.

Uygʻurlarda erkaklar yigʻinlari – „mashrap“ (gap). Sharq xalqlariga xos boʻlgan muhim xususiyatlardan biri oʻzbeklarda „gap“, uygʻurlarda esa „mashrap“ deb nomlangan erkaklarning anʼanaviy yigʻinlari ularning ijtimoiy hayotida katta va muhim rol oʻynagan. Ushbu ijtimoiy hodisani ilmiy jihatini oʻrganish etnolog, antropologlarning eʼtiborini koʻpdan buyon oʻziga tortib keladi.

Etnografik maʼlumotlarga koʻra, erkaklar yigʻinlari mahalla yoki jamoadagi tengdoshlar – doʻstlar, joʻralar asosida paydo boʻlgan turli yosh guruhlarining qishgi oʻtirishlari davomida shakllangan. Ular odatda aholi ijtimoiy mavqei va yoshga qarab uch xil guruhdan iborat boʻlinishga ega boʻlgan. Masalan, oʻzbek va uygʻurlarda 20−25 yoshdan 30−35 yoshgacha boʻlgan uylangan va uylanmagan yigitlar 1-guruhga mansub: ularning koʻpchiligi hali ota-onasi bilan birga yashaydi. 35−40 yoshdan 50−55 yoshgacha boʻlgan uylangan erkaklar 2-guruhga mansub: ular alohida oilalarning boshliqlari boʻlib, oʻz xonadonlarining toʻliq egalari hisoblanishadi. Va nihoyat 55−60 yoshda va undan katta yoshdagilar 3-guruhga mansub: ular odatda farzandlarining qaramogʻida yashaydi va oila guruhlarining oqsoqoli hisoblanishadi. Yigʻin xarakteri gap ishtirokchilarining yoshiga bogʻliq boʻlgan. Xuddi shunday boʻlinish Toshkent shahri Bektemir tumanida va Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida yashovchi uygʻurlarning "mashrap" davralari uchun ham xos deb aytish mumkin.

Uygʻurlarning erkaklar oʻtirishlarida milliylikka xizmat qiluvchi muhim axloqiy va estetik tarbiyaviy jihatlar yanada yorqinroq namoyon boʻladi. Bu yigʻin boshlanishidan avval davra oʻtirishlarini tashkil etish va boshqarishda boshchilik qiluvchi „yigitboshi“ saylanadi, u esa kassir, musiqachi va oshpaz kabilarni tayinlaydi. Shuningdek, oʻtirish aʼzolari tomonidan „qozi“ saylanadi, u mashrap intizomini buzgan aʼzosiga jazo belgilaydi. Mashrapning ichki tartib intizom qoidalariga, masalan, oʻtirishdan kechga qolmaslik, oyoqlarini toʻgʻri joylashtirib oʻtirish, "yigitboshi"ning ruxsatisiz tashqariga chiqmaslik va shu kabilar kiradi. Ushbu qoidalarni buzgan kishiga esa jazo sifatida oʻtirish paytida tik turish, qoʻshiq aytib berish yoki oʻyinga tushib berish, oʻtirish aʼzolaridan astoydil uzr soʻrash va hattoki, moddiy jarima boʻlishi ham mumkin. „Mashrap“ oʻtirishi davomida asosan milliy musiqa va qoʻshiqlar (odatda uygʻur maqomlari) tinglanadi, oʻyin-kulgu qilinadi. Bu yigʻin ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlib, u nafaqat ziyofat balki, erkaklar jamoasining oʻzaro yordam va qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi birligi hisoblanadi.

8. Oʻzbekiston uygʻurlarining milliy oʻzlikni anglashi

Oʻzbekistonda yashovchi boshqa milliy diasporalarga nisbatan uygʻurlar madaniyati va etnik xususiyatlariga koʻra oʻzbek xalqiga juda yaqin hisoblanadi. Uygʻurlarning madaniyati, tili va diniy eʼtiqodi (islom dinining sunniy mazhabiga mansubligi) jihatidan oʻzbek xalqiga juda yaqinligi, qolaversa, bir necha asrlar va yillar davomida oʻzbek madaniy muhitida yashab kelayotgani bois bugungi kunda uygʻurlarning madaniyati va tilida oʻzbekcha elementlar koʻplab uchraydi. Balki, shu jihatdan, yaʼni til va madaniyatiga koʻra koʻpchilik uygʻurlarni, ayniqsa ularning tarqoq holda yashovchi qismini batamom „oʻzbeklashib ketgan“ deb aytish mumkin.

Oʻz oʻrnida taʼkidlash joizki, uygʻur milliy madaniyatining oʻzbek milliy madaniyatiga ham sezilarli taʼsiri boʻlgan. Bu borada oʻzbek milliy taomlari, meʼmorchilik usullari va sanʼatida "qashgʻarcha" yoki "uygʻurcha" deb nom olgan koʻplab elementlarni uchrashi ham dalil boʻla oladi. Uygʻur xalqiga xos madaniy xususiyatlar, urf odat va marosimlar, ijtimoiy hayotdagi va tildagi milliy belgilar uygʻurlar zich yashovchi aholi punktlarida nisbatan yaxshi saqlanib qolgan. Masalan, Toshkent shahrining Bektemir tumani Bektemir mahallasida va Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumani Yoʻngʻichqali qishloq fuqarolar yigʻini Qutb Yulduzi mahallasida yashovchi uygʻurlar oʻz milliy urf-odat va anʼanalarini birmuncha yaxshi saqlab keladi. Ushbu har ikkala aholi punktida ham uygʻurlar uzoq vaqt davomida koreyslar bilan birga aralash yashab kelishgan. 

Mustaqillik yillarida tabiiy ravishda Oʻzbekistonda yashovchi uygʻurlarning milliy oʻzlikni anglashi ortib bordi. Milliy oʻzlikni anglash deganda faqat oʻz tarixi va qadriyatlarini bilishga intilishnigina emas, balki milliy oʻziga xosligini saqlab qolishga qaratilgan hatti-harakatlarni ham tushunish lozim. Binobarin mustaqillik yillarida Oʻzbekistondagi uygʻurlarning etnomadaniy oʻziga xosligini, milliy urf odat va marosimlarini, milliy tilini saqlashga boʻlgan intilishlari birmuncha ortdi.

Oʻzbekistondagi uygʻurlar milliy oʻzligining belgisi sifatida uygʻur tiliga alohida eʼtibor qaratadi. Ular uygʻur tilini unutib yubormaslik maqsadida oilada albatta oʻzaro uygʻur tilida soʻzlashishga harakat qiladilar. Buni ayniqsa, keksa avlod vakillari yoshlardan qattiq talab etib keladi. Bu oʻrinda eʼtibor qaratish lozimki, uygʻur tili asosan oila ichida va millatdoshlar oʻrtasidagina ishlatilib, umumiy muloqot tili sifatida esa oʻzbek va rus tillaridan foydalanishini taʼkidlash joiz. Shu bois ham Toshkent shahri va viloyatida kompakt holda yashovchi aksariyat uygʻurlar odatda ikki yoki uch tilli hisoblanadi.

Oʻzbeklar singari uygʻurlarning ham milliy qadriyatlari islom dini bilan chambarchas bogʻliq. Mustaqillik tufayli vijdon erkinligini taʼminlanishi, diniy qadriyatlarning qayta tiklanishi, Roʻza va Qurbon hayitlarini oʻtkazishga, Haj amalini bajarish kabi diniy amallarga keng yoʻl ochib berilishi uygʻurlarning diniy oʻzlikni anglashiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Bu davrda uygʻurlar orasida diniy bilim sovet davridagiga nisbatan birmuncha ortdi.

Uygʻurlar milliy xarakter jihatidan joʻshqin, oʻyin-kulgiga chanqoq, xushchaqchaq xalq hisoblanganligi bois ularning toʻy va oʻtirishlarida hamda taomlarida milliy oʻziga xoslik koʻproq namoyon boʻladi. Jumladan, toʻy-maraka va oʻtirishlarda uygʻurlarning milliy xususiyatini bildiruvchi belgilar sirasiga milliy taomlardan – sayi (milliy salat turi), ashlam (qovurilgan oshirilgan manti), atkan choy (yogʻli sutga shakar solib tayyorlanadi) kabilar, milliy kuy-qoʻshiqlar – guloyim, uygʻur muqomi (maqomi) kabilarni kiritish mumkin. Bundan tashqari sovchilik bilan bogʻliq "rahmat taʼzim", „kichik choy ichirish“, „katta choy ichirish“, „seliq“, toʻy kuni oʻtkaziladigan "qiz majlisi", toʻydan keyingi "kuyov salomi" kabi marosimlar uygʻurlarning milliy oʻziga xosligini koʻrsatuvchi muhim belgilardir. Axborotchilarning taʼkidlashicha uygʻurlar orasida yuqorida sanab oʻtilgan milliy urf odatlarning aksariyati asosan Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach qayta tiklandi.       

Bozor iqtisodiyoti sharoitida uygʻurlarning tadbirkorlik va uddaburonlik hislatlari ham roʻyobga chiqa boshladi. Binobarin, biz oʻrgangan aholi punktlarida (Toshkent shahri Bektemir tumani Bektemir mahallasi va Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumani Yoʻngʻichqali mahallasida) yashovchi uygʻurlarning koʻpchiligi savdogarlik va tadbirkorlik ishlari bilan shugʻullanadi. Tadbirkorlik ishlarida uygʻurlar orasida ayniqsa, xususiy oshxona faoliyatini yuritish yuqori oʻrinda turadi.

Tabiiyki uygʻurlarning etnomadaniy identikligi mintaqaviy va global miqyosda ham taraqqiy etib bormoqda. Uygʻurlarning global etnomadaniy identikligi oʻzlarini qaysi davlatda yoki hududda yashashimizdan qatʼiy nazar "biz-uygʻurlarmiz" degan bahoni berishida sezilsa, mintaqaviy identiklik "biz-oʻzbekistonlik uygʻurlarmiz", „ular-qozogʻistonlik uygʻurlar“ yoki "ular-qirgʻizistonlik uygʻurlar" kabi holatlarda kuzatiladi. Qozogʻistonlik yoki qirgʻizistonlik uygʻurlar deganda asosan fuqaroligi va madaniy jihatdan koʻproq qozoq va qirgʻizlarga yaqinligi nazarda tutilsada, lekin yagona millat sifatida xech bir begonalik his qilinmaydi.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda yashovchi uygʻurlarning milliy oʻzlikni anglashi kuchaydi. Milliy til, urf odat va marosimlarni saqlab qolish va uygʻurlar jamoasida qayta tiklashga keng yoʻl ochildi. Umuman olganda uygʻurlarning etnomadaniy oʻzlikni anglashi ularning fuqarolik, diniy va hududiy identikligi bilan hamohang tarzda taraqqiy etmoqda.       

Adabiyotlar

tahrir

1. Etnicheskie atlas Uzbekistana. Otv. red. Ilxamov A.; In-t „Otkritoe obshestvo“ – Fond sodeystviya – Uzbekistan – B. m.: IOOFS – Uzbekistan: R. Elinina, 2002 – 452 s.: il., kart. – 1000 ekz. 2. Narodi Sredney Azii i Kazaxstana. Tom 2. M., 1963.