Oʻzgaruvchanlik
Oʻzgaruvchanlik — tirik organizmlar hamda viruslar belgi va xususiyatlarining xilmaxil boʻlishi. „Oʻ.“ termini organizmlarning yangi belgi va xususiyatlar hosil qilishi yoki eski belgi va xususiyatlarni yoʻqotishini ham ifodalaydi. Oʻ. irsiyatga qarama-qarshi maʼnoni anglatadi (qarang Irsiyat). Tabiiy sharoitda paydo boʻladigan Oʻ. tabiiy, yaʼni spontan, eksperimentda hosil qilinadigan Oʻ. sunʼiy, yaʼni indutsirlangan Oʻ. deyiladi. Oʻ. manbai genetik materialning kombinatsiyasi yoki rekombinatsiyasi, gen yoki xromosoma tarkibining oʻzgarishi, atrof muhit sharoitining taʼsiri boʻlishi mumkin. Tabiatiga koʻra, Oʻ. genotipik, yaʼni irsiy va fenotipik, yaʼni noirsiy shakllarga ajratiladi.
Genotipik Oʻ. — organizmlar belgi va xususiyatlarining genotip bilan bogʻliq boʻlgan, avlodlarda saqlanib qoladigan (Ch.Darvinga koʻra, aniq boʻlmagan) Oʻ., yaʼni belgilarning keskin oʻzgarishi — mutatsiya (mutatsion Oʻ.) yoki organizmlarni duragaylashda belgilarning kombinatsiyalanishi (kombinatsion Oʻ.) tufayli kelib chiqadi (qarang Duragaylash).
Fenotipik Oʻ.da genotip oʻzgarmaydi. Organizmning individual rivojlanishi davomida uning yoshi (qarishi) bilan birga barcha morfofiziologik va biokimyoviy belgilarining oʻzgarishi (ontogenetik, yaʼni yosh bilan bogʻliq Oʻ.) bunga misol boʻla oladi. Oʻ.ning boshqa bir xili modifikatsion Oʻ. (modifikatsiya)ni bitta turga mansub, genetik jihatdan bir xil, lekin har xil sharoitda yashaydigan va organizmdan miqdor va sifat jihatdan farq qiladigan individlarda koʻrish mumkin. Modifikatsion Oʻ. (Ch.Darvinga koʻra, aniq boʻlgan Oʻ.) muayyan belgilarning muayyan yoʻnalishda oʻzgarishi orqali yuzaga chiqadi va ommaviy xususiyatga ega boʻladi. Har xil fizik va kimyoviy omillar taʼsirida yuzaga keladigan modifikatsion Oʻ. morfozlar deyiladi. Muayyan genlar mutatsiyasi bilan bogʻliq boʻlgan morfozlar fenokopiyapar deb ataladi. Fenotipik Oʻ.ni organizmlardagi belgilar va xususiyatlar bilan emas, balki ular rivojlanish imkoniyatining irsiylanishi asosida tushuntirish mumkin. Shu sababdan genotipning fenotipda roʻyobga chiqishi uchun muayyan sharoit boʻlishi lozim. Mas, oʻsimlik rangining yashil boʻlishi uchun xlorofill sintezlanishini nazorat qiluvchi gen bilan birga yoruglik \am zarur. Muhit sharoiti taʼsirida paydo boʻladigan Oʻ. darajasi ham koʻp jihatdan irsiyatga bogʻliq, chunki genotip har bir belgiga nisbatan organizm reaksiyasi normasini belgilab beradi. Irsiy va noirsiy Oʻ. organizmlarning individual sifat va miqdoriy, mustaqil va korrelyativ (oʻzaro bogʻlangan), adaptiv (moslanishli) va noadaptiv hamda b. belgilarining xilmaxilligini belgilab beradi. Evolyutsiya jarayonida Oʻ.ning turli shakllari bir xilda ahamiyatga ega boʻlmaydi. Irsiy Oʻ. organik evolyutsiyaning asosi (qarang Makroevolyutsiya) va seleksiya uchun material manbai hisoblanadi. Noirsiy Oʻ. organizmlarni muhitning oʻzgarib turadigan sharoitiga moslanishini taʼminlaydi. Matematik statistika va solishtirmatavsifiy metodlar — Oʻ.ni oʻrganishning asosiy metodlari.
Adabiyot
tahrir- Grin A., Staut B., Teylor S., Biologiya. Per.s angliyskogo, M., 1991; Mavlonov O., Biologiya, T., 2003.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |