Oʻzlashtirish
Oʻzlashtirish (pedagogikada) — oʻquvchi yoki talabalar egallagan bilim, koʻnikma va malakalarning toʻlaligi, chuqurligi, ongliligi hamda mustahkamligi darajasini anglatuvchi pedagogik tushuncha. Oʻzbekistonda Oʻzlashtirishning daraja va koʻrsatkichlari oʻquvchi yoki talabalarga taʼlim davlat standartlari va oʻquv dasturlarida belgilab qoʻyilgan talablardan kelib chiqib, reyting ballari hamda besh balli baho tarzida belgilanadi.
Umumtaʼlim maktablarida Oʻ. choraklik, yarim yillik va yillik tarzida farklanadi. Oliy oʻquv yurtlarida Oʻ. oʻquv semestrlari miqyosida aniqlanadi. Oʻ.ning koʻtarilganligi yoki pasayganligini aniqlashda oraliq muddat, muayyan vaziyatdan kelib chiqib, erkin belgilanishi mumkin. Bunday hollarda bir yoki bir necha oʻquvchining, muayyan sinfdagi oʻquvchilarning, maktab, tuman yoki viloyat maktablaridagi barcha oʻquvchilarning belgilangan ixtiyoriy bir davriy oraliq (bir chorak, bir oʻquv yili, bir necha oʻquv yili)dagi Oʻ.i aniqlanishi mumkin. Oʻquvchilarning Oʻ.ini bir oʻquv fani boʻyicha aniqlash mumkin boʻlganidek, bir necha yoxud respublika talaba tanlov markazida qilinayotgani kabi barcha oʻquv fanlari boʻyicha ham aniqlash mumkin.
Yuqori Oʻ.ga erishish milliy pedagogik amaliyot oldida turgan eng muhim vazifalardandir. Chunki oʻquvchi va talabalarning intellektual rivojlanishi hamda kasbiy tayyorgarligi ularning Oʻ. darajalariga bevosita bogʻliq. Oʻ.ni yuksaltirish uchun taʼlim jarayonini oʻquvchi hamda talabalarning yosh va psixologik xususiyatlariga muvofiq uyushtirish, ilgʻor pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish, ilm-fanning soʻnggi yutuqlarini qoʻllash, oʻquvchi yoki talabalarni oʻqitish jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish, ularni eng zamonaviy didaktik vositalar bilan taʼminlash lozim boʻladi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |