Oʻlkashunoslik — mahalliy aholi tomonidan oʻz ona yurti hisoblangan muayyan oʻlka, viloyat, shahar, tuman, qishloq va boshqalar hududlarning har tomonlama oʻrganilishi. Oʻ. tabiiy, ijtimoiy, madaniy, tarixiy va boshqalar tadqiqotlar majmuidan iborat. Oʻ.da oʻlkaning tabiati, aholisi, xoʻjaligi, tarixi, madaniyati, arxeologiyasi, oʻlka namoyandalari oʻrganiladi. Oʻ. kompleks va soha Oʻ.likka boʻlinadi. Kompleks Oʻ. turli sohalarni bir-biri bilan bogʻliq holda, soha Oʻ. geografiya, tarix, etnografiya, madaniyat, toponomika va boshqalar sohalarga oid masalalarni alohida oʻrganadi. Hozirgi vaqtda ekologik vaziyat va tabiatni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish masalalarini oʻrganuvchi Oʻ. rivojlanmoqda. Oʻ.ning asosiy maqsadi oʻz oʻlkasi tabiati, aholisi, etnografiyasi, xoʻjaligi, madaniyati, ekologik vaziyat va hokazo haqida ashyoviy dalillar, maʼlumotlar, namunalar toʻplab, ularni ommalashtirib, aholi bilimini oshirishdir. Oʻ. juda katta ijtimoiy-siyosiy, madaniymaorifiy, oʻquvtarbiyaviy ahamiyatga ega. Ayniqsa, milliy qadriyatlarni aniqlash va ommalashtirishda Oʻ.ning oʻrni juda katta.

Oʻzbekistonda Oʻ. tashkiliy shakliga koʻra 3 turga boʻlinadi: ilmiy (davlat), jamoat va maktab. I l m i y (davlat) Oʻ. bevosita davlat ilmiy tashkilotlari, ilmiy tekshirish institutlari, tabiiy, tarixiy va arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish qoʻmitalari, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari, maxsus muzeylar xodimlari tomonidan olib boriladi, tadqiqot maʼlumotlari toʻplanadi, topilmalar maxsus muzeylarda koʻrgazmalarga qoʻyiladi. J a m o a t Oʻ. mahalliy hokimiyatlarning bevosita rahbarligida tegishli joylardagi tabiiy, tarixiy va arxeologik, etn., toponimik va boshqalar tashkilotlar mutaxassislari tomonidan olib boriladi. Maktab Oʻ. umumiy taʼlim maktablarida, geogr., tarix, botanika, zool., til va adabiyot oʻqituvchilarining bevosita rahbarligida tashkil etiladi. Oʻlka tabiati, tarixi, aholisi, xoʻjaligi, madaniyati, etnografiyasi, toponimikasi, arxeologiyasiga oid dalil va topilmalar maktab Oʻ. muzeylarida namoyish etiladi.

Oʻzbekiston hududida Oʻ. tarixi oʻrta asrlarga borib taqaladi. Abu Rayhon Beruniyning "Hindiston", "AtTafhim", "Mineralogiya", "Saydana" asarlarida Oʻ.ka, jumladan, toponomik Oʻ.ka oid, Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asarida geografik, toponimik Oʻ.ka oid maʼlumotlar juda koʻp. Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asari esa Oʻ.ning mumtoz asari hisoblanadi.

Mamlakatimizda oʻlkani har tomonlama oʻrganish 20-asr oʻrtalarida ayniqsa rivojlandi. Bunda oʻlkaning tabiati va tabiiy boyliklarini oʻrganish kengaydi. Chunki bu vaqtda mahalliy tabiiy boyliklar va ulardan xalq xoʻjaligida koʻproq foydalanish vazifasi qoʻyilgan edi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Oʻ. ishlari xalq tarixini, qadriyatlarini oʻrganishga, ularni tiklashga qaratildi. Fan va texnika rivojlanishi, tabiat va tabiiy resurslardan foydalanishning jadallashishi natijasida ekologik Oʻ. tez rivojlanib bormoqda. Maktablarda yosh oʻlkashunoslar guruhlari tashkil etilib, oʻz joyining tabiati, ekologik sharoitlari, tarixi, toponimikasi va qadriyatlarini oʻrganish taraqqiy etmoqda. Baʼzi mamlakatlarda Oʻ. maktabdagi taʼlim ishlarining tarkibiy qismi hisoblanadi.