Geosiyosiy nazariyadagi eng muhim qoidalardan biri bu – yetakchi davlatlarning o‘z maqsadini amalga oshirish yo‘lida imkon qadar Yevropa yoki Osiyo hududida biror bir yirik siyosiy tuzilmaning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Aksincha mavjud yirik imperiya yoki mintaqaviy miqyosda kuchli mavqega ega bo‘lgan yirik davlatni parchalash asosiy vazifa hisoblanadi. Shu nuqtai-nazardan Yevroosiyo mintaqasidagi yirik davlatlarga nisbatan doimo ana shu strategiya qo‘llaniladi. Masalan, Xitoyning mintaqadagi mavqei va uning hududidagi ayrim ayirmachi guruhlarni (uyg‘urlar, tibetliklar, dunganlar bilan bog‘liq masalalarni eslang) qo‘llab-quvvatlovchi tashqi manbalanga e’tibor berilsa, vaziyatni anglash mumkin. Markaziy Osiyoga nisbatan qo‘llanilgan strategiyaga nazar tashlaydigan bo‘lsak ham xuddi shunday manzara ko‘zga tashlanadi. Turli nodavlat Tashkilotlari ko‘rinishida mintaqaga kirib kelgan tashqi kuchlar bu erdagi davlatlar, xalqlarni bir-biridan ajratishga qaratilgan hatti-harakatlar olib borishganligini osongina kuzatish mumkin. Boshqacha aytganda, turli nodavlat, notijorat ammo xalqaro mavqega ega bo‘lgan bunday Tashkilotlar mintaqadagi muammoviy nuqtalarni izlab topishga, ularni dolzarblashuvi uchun turli mavzularda anjumanlar Tashkil etishlari, bunday muammolar to‘g‘risida mahalliy olimlar va tadqiqotchilar yordamida maqolalar chop etishlari mumkin. Bunday faoliyat mintaqada geosiyosiy manfaatlari mavjud bo‘lgan davlatlar tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi va ularning tashqi strategiyasi yo‘nalishi hamda faolligiga qarab kuchayishi va susayishi mumkin. Markaziy Osiyoda, ayniqsa qozog‘iston va qirg‘izistonda bunday faoliyatda bo‘lgan Tashkilotlar ko‘p bo‘lib, ular mintaqadagi etnik, hududiy, suv taqsimoti kabi masalalardagi nizoli nuqtalarni qidirib topishga va ularga urg‘u bergan holda mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilishadi. Mintaqa atrofida kechayotgan geosiyosiy jarayonlar bu erdagi etno-siyosiy va diniy omillarga alohida e’tibor berishni talab etadi. Mintaqa atrofida etakchi davlatlarning turli xarakterdagi manfaatlari tezlik bilan shakllanib borayotganligi hamda ularning o‘zaro to‘qnashuvi ehtimoli ushbu omillarning tashqi kuchlar tomonidan ishga solinishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Buning isboti uchun bir necha yil davomida mintaqada diniy ekstremistik va fundamentalistik g‘oyalarni tarqatish oqibatida ro‘y bergan jarayonlar va mudhish voqealarni eslash kifoya bo‘lsa kerak. Bu mintaqadagi elatlaro munosabatlarning xatarli jihatlari xususida xorijiy OAVda ayniqsa keyingi yillarda chiqishlar kuchayib ketdi. Bu chiqishlarning asosiy ko‘pchiligi tashqi siyosiy kuchlarning buyurtmasi asosida tayyorlanishini esdan chiqarmagan holda, mintaqadagi elatlaro munosabatlar, umuman etno-siyosiy masalaning asli holiga nazar tashlaymiz. Markaziy Osiyo xalqlarining asosiy qismi turkiyzabon sunniy musulmonlardan iboratdir. O‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar, qoraqalpoqlar hamda uyg‘urlar mintaqaning mahalliy elatlari hisoblanadi. Milliy guruhlarning mintaqa bo‘ylab joylashuviga muvofiq ravishda tarixiy taraqqiyot natijasida har bir tub elatga xos tiynat, turmush tarzi, xo‘jalik yuritish uslubi, an’analar va milliy ruh shakllangan. Masalan mintaqaning shimoliy qismida asosan qozoqlar, qirg‘izlar, shimoliy-g‘arbda qoraqalpoqlar, shimoliy-sharqda va sharqda qirg‘izlar hamda uyg‘urlar, g‘arbiy va janubiy-g‘arbiy hududlarda turkmanlar, janubda va janubiy-sharqda afg‘onlar, tojiklar va boshqa ayrim elatlar, mintaqaning markaziy hududlarida esa asosan o‘zbeklar istiqomat qilishadi. Shuni ta’kidlash kerakki, bunday joylashuvda hech qanday sun’iylik ko‘zga tashlanmaydi va tarixiy shakllangan etnik chegaralarning ifodasi hisoblanadi.

Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekistonning o‘rni tahrir

 
Markaziy Osiyo

Aslida ham shunday, ya’ni Markaziy Osiyoning mahalliy elatlari qadim-qadimdan ana shu hududlarda istiqomat qilishgan va o‘zlariga tegishli hududning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos ravishda tiynati, ruhiyati hamda an’analari shakllangan. Shimoliy hududlarda istiqomat qiluvchi elatlar qadimdan asosan ko‘chmanchilik bilan hayot kechirganlari uchun, ularda shunga mos xo‘jalik yuritish tizimi shakllangan. Asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan qozoqlar, qirg‘izlar, qoraqalpoqlar va turkmanlarda urug‘-qabilachilik asosida qurilgan siyosiy tizim mavjud bo‘lgan. Ko‘pgina o‘zbek urug‘lari bilan qozoq va qirg‘izlarda an’analar, rasm-rusumlar va turmush tarzi borasida ko‘pgina o‘xshashliklar mavjud. Chunki o‘zbek urug‘lari ham qadimda ko‘chmanchilik bilan turmush kechirishgan. O‘zbeklar, uyg‘urlar va tojiklar nisbatan uzoq davlatchilik tarixiga esa bo‘lganliklari tufayli ularning xo‘jalik yuritish tizimi hamda turmush tarzi o‘ziga xos tarzda rivojlangan. Shaharlashuv jarayoni, ishlab chiqarish munosabatlari nisbatan erta rivojlangan bu elatlar Tashkil etgan siyosiy tizimlarda urug‘-qabilachilik an’analari saqlanib qolgan bo‘lsada, nisbatan tugal davlatchilik mexanizmi shakllangan. Hech bir elat o‘ziga tegishli hududning u yoki bu xususiyatidan norozi bo‘lmagan, boshqacha aytganda farzand ota-onani tanlay olmagani kabi hech bir elatning tarixiy vatanni tanlash yoki uni biror yoqqa ko‘chirish imkoniyati yo‘q. Ushbu elatlar ham hech qachon o‘zlariga tegishli hududning geografik o‘rni borasida norozilik kayfiyatida bo‘lmaganlar. Xo‘sh bu erda qanday muammo bo‘lishi mumkin? Keyingi yillarda Markaziy Osiyoni tadqiq qiluvchi mahalliy va xorijiy markazlar, jurnalistlarda o‘tgan asrning 20-yillarida Markaziy Osiyoda o‘tkazilgan chegaralash natijasida yo‘l qo‘yilgan hududiy muammolarga urg‘u bermoqdalar. Chunki mahalliy elatlarning asosiy qismi tarixan o‘zlariga tegishli hududlarda yashasalarda, ularning ayrim qismi o‘sha chegaralash natijasida tarixiy vatanlarining ma’muriy chegarasidan tashqarida qolgan. Boshqacha aytganda O‘zbekiston atrofidaga deyarli barcha chegara hududularida mahalliy elatlar aralash istiqomat qilishadi. Ulardan tashqari rusiyzabon elatlar ham o‘tgan asr davomida O‘rta Osiyo va qozog‘iston xalq xo‘jaligini yuksaltirish bahonasida ko‘chirib keltirilgan, jalb etilgan yoki Stalin davrida amalga oshirilgan deportatsiya natijasida majburiy ko‘chirilgan. Shuni ta’kidlash kerakki, ko‘pmillatlilik asta-sekin bu respublikalarda madaniy boylik sifatida anglangan va sira ham ichki xafsizlikka putur etkazuvchi omil sifatida qabullanmagan. Markazning milliy siyosati, mahalliy elatlarning kengfe’l va bag‘rikengligi rusiyzabon elatlarning ko‘payishiga olib kelgan. Mintaqaning tub elatlariga xos bo‘lgan mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik davlat qurilishi va siyosiy hokimiyat masalalarida ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Ijtimoiy hayotda esa ushbu hodisa o‘tgan asrning so‘ngi o‘n yilligida ayniqsa Tojikistonda kuchliroq namoyon bo‘ldi. Bu erda bir necha yil davom etgan fuqarolar urushi turli mintaqaviy guruhlar, xususan pomirliklar, hisorliklar, dushanbeliklar, qorateginlar, xo‘jandliklar va qo‘rg‘ontepaliklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Tojikistonda davlat tuzilmalari, iqtisodiy hududlar yoki xalq xo‘jaligidagi turli sohalarning mintaqaviy kuchlar tomonidan taqsimlanganligi me’yoriy holga aylangan va bu omil mamlakatda ichki xavfsizlikka putur etkazuvchi eng ta’sirchan vositalardan bir bo‘lib qolmoqda. Ayrim tashqi kuchlar Markaziy Osiyoning Tog‘li Badaxshon hududida istiqomat qiluvchi, musulmonlarning mintaqada keng kam tarqalgan guruhi, «ismoiliya» mazhabiga mansub Pomirlik tojiklarni ishga solishga harakat qilmoqdalar. Ularning fikriga ko‘ra, aynan hind-evropa qoniga mansub bo‘lgan pomirliklar diniy jihatdan yarim shia bo‘lganliklari hamda madaniy jihatdan Hindistondagi singxlarga ham yaqin ekanliklari tufayli Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining madaniy jihatdan markaziy nuqtasini Tashkil etadilar. Shu nuqtai-nazardan bu omil siyosiy maqsadda ham ishga solinishi mumkin. Markaziy Osiyoning tub elatlari yoki ulardan chiqqan olimlarning xayoliga kelmaydigan bunday mavzuning negizida aynan tashqi kuchlarning geosiyosiy maqsadi borligini yaqqol sezish mumkin. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda ham mahalliychilik omilining o‘ziga xos o‘rnini kuzatish mumkin. Bu qozog‘istonda juzlar o‘rtasidagi munosabatlarda namoyon bo‘lsa, qirg‘izistonda shimoliy va janubiy viloyatlar o‘rtasidagi munosabatlarda nmoyon bo‘ladi. qozog‘istonlik tadqiqotchilarning fikricha juzlar o‘rtasidagi ziddiyat mamlakat taraqqiyoti uchun jiddiy zarar etkazuvchi ijtimoiy illatdir. Bu haqda ayniqsa Qozog‘iston va Qirg‘iziston OAVda ko‘plab miqdorda chiqishlar mavjud. Qirg‘izistonda urug‘lar o‘rtasidagi munosabatlar qirg‘izlarning etnik butunligini parchalovchi omil bo‘lmasada, bu erdagi etno-madaniy munosabatlar shimoliy viloyatlar va janubiy viloyatlarda yashovchi etnik guruhlar, ya’ni qirg‘izlar-o‘zbeklar, qirg‘izlar-tojiklar, qirg‘izlar-qozoqlar o‘rtasidagi munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Mintaqadagi etno-siyosiy vaziyat geosiyosiy mavqeini baholashda muhim ahamiyatga ega bo‘lsada, etakchi davlatlar uchun mintaqaning ahamiyati uning jug‘rofiy joylashuvi hamda iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqadi. Mutaxassislar hamda siyosatchilarning ta’kidlashiga ko‘ra, ayniqsa Farg‘ona vodiysida har xil ko‘rinishga ega bo‘lgan ziddiyatlar mavjud. Bugungi kunda, Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqillikka erishganidan keyingi qisqa geosiyosiy tarixi davomida (Qirg‘iziston janubidagi, qo‘shni Tojikiston va Afg‘onistondagi voqealar) ro‘y bergan geosiyosiy jarayonlar, etnosiyosiy va mintaqaviy muammolarning o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligi hamda ularni jiddiy baholash zarurligini ko‘rsatmoqda. O‘ta jiddiy mazmundagi mavzuni tahlil qilish, bu hududning geosiyosiy shart-sharoitini “Katta Markaziy Osiyo” doirasida tahlil qilishni talab etadi. Bu esa o‘z navbatida avvalo etnik masalarning nima sababdan etnosiyosiy masalaga aylanganligini tushunishga, ikkinchidan etno-hududiy muammoning mintaqada qaytadan dolzarblashuvi savollariga qisman javob berishga yordam beradi.

Markaziy Osiyo geosiyosatidagi kuchlar balansida O‘zbekiston roli. tahrir

Markaziy Osiyo bu Yevrosiyo mintaqasining markazida joylashgan, keng hududida 50 mln.dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu hudud er yuzidagi etakchi davlatlar hisoblangan Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eron bilan chegaradosh. Markaziy Osiyo hududi chegarasining uzunligi 20 ming km. Mintaqning janubiy qismi geosiyosiy jarayonlar miqiyosida eng murakkab hisoblanib, ohirgi voqealar bu qism nafaqat hududda yoki mintaqada, balki butun jahonda strategik muvozanatni ta’minlashda asosiy rol o‘ynashini anglatdi. Hozirgi kunda ham Afg‘oniston, ziddiyatlar o‘chog‘i sifatida qolmoqda va bu shart-sharoit, mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solish imkoniyatini yaratmokda. Ikkinchi tomondan, mintaqada mavjud bo‘lgan tabiiy xomashyo, qulay jo‘g‘rofik va iqlimiy shart-sharotilar, yuksak iqtisodiy imkoniyatlar mavjudligi, mintaqa transmilliykompaniyalarni yangi bozor sifatida o‘ziga jalb qilmokda. Aynan mintaqaning iqtisodiy jozibadorligi, kelajakda uning zaif tomonlarini paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Z. Bjezinskiyning yozishicha, “1993 yildan 2005 yilgacha energiyani iste’mol qilish hajmi dunyoda 50 % ortishi kutilmoqda, bu o‘z navbatida yangi manbalarni o‘rganish va ekspluatatsiya qilishni talab qiladi”. Shu sababli, boy energiya manbalariga ega va etnik masalarda notich bo‘lgan mintaqa, kelajakda jahon ziddiyatlari maydoniga aylanishi mumkin. Bu bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyo ko‘pgina jihatlar bo‘yicha buyuk davlatlar uchun o‘zining siyosiy va iqtisodiy qiziqishlarini rivojlantirish uchun juda qulay mintaqa hisoblanadi. Geografik jihatdan Markaziy Osiyo Rossiya va AQSH yetakchiligida turli davlatlar tomonidan olib borilayotgan geosiyosiy o‘yinning “nazorat chizig‘ida” joylashgan. Bu erda gap Evrosiyo qat’asi uchun asrlardan beri “heartland” va “rimland” o‘rtasida davom etib kelayotgan qarama-qarshiliklar haqida ketmoqda. Shu sababli, Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan geosiyosiy muammolar, ushbu vaziyatda etnosiyosiy tanglikning paydo bo‘lishini keng ma’nodagi geosiyosiy zanjirning bir xalqasi sifatida talqin etish mumkin. Uning qay tarzda rivojlanishi ikki qarama-qarshi tomonning tanlagan taktikasiga bog‘liqdir. Markaziy Osiyo geosiyosiy jarayonlarining tabiati va yo‘nalishiga, yuqorida bayon qilingan davlatlardan tashqari, Xitoy, Pokiston, Hindiston va Eron kabi davlatlarning qizikishi tobora ortib bormokda. Bu davlatlar ba’zida diniy yoki etnosiyosiy qartalarni o‘ynashga harakat qilishmoqda. Dunyo xamjamiyatidan o‘ziga xos o‘rin egallab borayotgan O‘zbekiston o‘z ichki va tashqi siyosatida ana shu mezonlarga tayanadi. Mamlakatimizning ichki siyosati "Inson va uning manfaatlari har narsadan ulug‘" degan tamoyil asosida amalga oshiriladi. Bu jarayon har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratib berish, uning haq-huquq va erkinliklarini kafolatlash, ozchilikning ko‘pchilik irodasiga bo‘ysunishi, shu bilan birga, ozchilik fikrining ham ko‘pchilik tomonidan hurmat etilishi kabi demokratik qoidalarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida barcha davlatlar bilan teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qilish, ularning ichki ishlariga aralashmaslik, umuminsoniy qadriyatlarga sodiklik, tinchlik va xavfsizlikni asrab- avaylash, xalqaro huquq me’yorlarining ustuvorligi kabi tamoyillarga amal qiladi. Mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash, uni yadro qurolidan xoli makonga aylantirish, mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, xalqaro terrorchilik va aqidaparastlikka qarshi kurash mamlakatimizning jahondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Geosiyosat nuqtai-nazaridan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazini egallagan hamda muhim strategik mavqega ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy salohiyati nuqtai-nazardan o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan bu mamlakat demografik holati bo‘yicha boshqa respublikalarga nisbatan yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Boshqacha aytganda Markaziy Osiyo mintaqasining 40% aholisi faqat O‘zbekistonda istiqomat qiladi. qo‘shni respublikalarning O‘zbekistonga chegaradosh bo‘lgan barcha ma’muriy hududlarida o‘zbeklar mahalliy elatlar bilan birgalikda istiqomat qiladi. O‘zbek xalqiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, urf-odatlarni e’zozlash, an’analarga amal qilish, baqamti yashayotgan elatlar o‘rtasida tabiiy ravishda uning etakchiligini ta’minlab beradi. Masalan, turli elatlar birgalikda istiqomat qiladigan hududlarda to‘y, ma’raka, ta’ziya, hashar yoki boshqa ijtimoiy tadbirlar asosan o‘zbeklar etakchiligida o‘tishini kuzatish mumkin. Bu O‘zbekistonning mintaqada nafaqat geografik, balki etno-madaniy nuqtai-nazardan ham muhim bog‘lovchilik vazifasini namoyon etmoqda.

Xulosa tahrir

Mintaqaning geosiyosiy mavqei quyidagi omillar bilan belgilanmoqda: Markaziy Osiyoning geosiyosiy mavqei avvalo uning iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqmoqda. Bu borada eng manfaatli hamkorlar bilan ish olib borish muhim ahamiyatga ega. Mintaqada etakchi davlatlarning manfaatlari tezlik bilan shakllanib borayotganligini kuzatish mumkin. O‘z iqtisodiy manfaatlarini amalga oshira olmagan tashqi kuchlar mintaqada muhim ahamiyatgaega bo‘lgan omillar, xususan diniy, millatlararo munosabatlar, hududiy muammolar, suv taqsimotiga oid masalalar kabi omillarga urg‘u bergan holda mintaqada beqarorlik yuzaga keltirishlari mumkin. Shu nuqtai nazardan, millatlararo munosabatlarda barqarorlikni saqlash mintaqaviy xavfsizlikning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, mintaqada suv taqsimoti masalalarida hukumatlararo komissiya ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, respublikalar o‘rtasida chegaralash ishlarini oxiriga etkazish va bu masalada hech qanday muammo qoldirmaslik butun mintaqaning geosiyosiy mavqeining ko‘tarilishiga olib keladi. Shuningdek, mintaqadagi kommunikatsion tizim yaratilishi uning iqtisodiy va siyosiy ahamiyatini oshishiga olib keluvchi omil hisoblanadi. Albatta bunga respublikalar manfaatlarining solishtirilishi, shuningdek uzluksiz va jadal muzokaralar orqaligina erishilishi mumkin. Diqqat qilinishi zarur bo‘lgan yana bir muhim jihat, nodavlat mavqeida faoliyat yurituvchi xorijiy Tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarning mavzulariga diqqat qilish va ushbu tadbirlar tomonidan qabul qilingan xulosalarning mintaqa ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta’siri to‘g‘risida amaliy tadqiqotlar olib borish va tegishli tadbirlar o‘tkazish zarurdir. Mintaqaning iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solishda geosiyosiy raqobatga qo‘shilib ketish respublikalar o‘rtasida qiyinchilik bilan o‘rnatilgan hamkorlikka putur etkazish bilan birga, respublikalarni turli iqtisodiy gigantlar manfaatlarining qurboniga aylanib qolishiga olib kelishi mumkin. Teng manfaatlar asosida hamkorlik o‘rnata bilish dunyo iqtisodiy tizimiga tadrijiy hamda qonuniyatli integratsiyalashuvga, shu bilan birga mintaqa geosiyosiy ahamiyatining yanada ko‘tarilishiga olib kelishi shubhasizdir. Yangi ming yillik boshlarida Markaziy Osiyo hududida amalga oshirilayotgan geosiyosiy jarayonlar mintaqaviy xavfsizlik masalasiga aloxida to‘xtalib o‘tishni taqozo qiladi. Hududda fundamentalistik mafkurani yoyishga bo‘lgan urinishlar, bu illatning, nafaqat bir respublika miqyosida, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xavf solishini anglatdi. Bu vaziyat xavfsizlikning bo‘linmaslik tamoyili va uning globallashganlik tabiatini namoyon qildi. 10 yil ichida olib borilgan murakkab siyosiy jarayonlar natijasida, hududda mavjud bo‘lgan muammolar ko‘lami aniq belgilanib olingan bo‘lib, respublikalarni real xavfdan ogoh etish talabi kuchaymokda. Mahalliy tadqiqotchilarning xulosasiga ko‘ra, bu xavfsirash hayoliy fikrlashlarning natijasi emas. Shu sababli, birinchi o‘rinda tashqi kuchlar tomonidan Tashkil qilingan ichki xavf o‘zining in’ikosini topmoqda.

Manbalar tahrir

¹Qarang. Bjezinski Zb. Evrosiyo uchun geostrategiya // Tashqi ishlar. 1997 yil sentyabr/oktyabr.- B.52.