Ochiq jamiyat va uning dushmanlari
"Ochiq jamiyat va uning dushmanlari" (1945) Avstriyalik fan faylasufi Karl Raymund Popperning siyosiy falsafaga bag'ishlangan kitobi bo'lib, unda faylasuf o'zining "ochiq jamiyat" to'g'risidagi g'oyalarini, shuningdek, "uning dushmanlariga" nisbatan fikrlarini ilgari surgan. Kitobning asosiy g'oyasi tarixiy taraqqiyotning muqarrar ravishda yakka rivojlanish o'zanidan kechishini da'vo qiluvchi teleologik tarixiychilik (ing. "historicism") metodiga qarshi fikrlar atrofida aylanadi.
Nomi |
The Open Society and Its Enemies |
---|---|
Asosiy mavzu |
Tarixiychilik, Ochiq jamiyat |
Janr | |
Muallif |
Karl Raymund Popper |
Nashriyot | Routledge |
Nashr etilgan mamlakat | Buyuk Britaniya |
Asar tili | Ingliz tili |
Nashr yili | 1945 |
Muallif Platon, Gegel va Marksning ishlarni tanqid qiladi, ularning asarlarini teleologik tarixiychilik nazariyalari deb ataydi va ularni totalitarizmning mafkuraviy asosini yaratishda ayblaydi.
Asar mohiyati
tahrirAsarda Popper tarixiychilikni tanqid qiladi hamda ochiq jamiyat va liberal demokratiya qadriyatlarini himoya qilib chiqadi. Asarning birinchi jildiga "Platon jodusi" deb nom berilishi, Popperning qarashini, ya'ni asrlar davomida Platonning asarlarini tarjima va talqin qilgan ko'pchilik mutafakkirlarning Platonning buyukligi va takrorlanmas uslubidan sehrlanib qolganidan dalolat beradi. Bu ish bilan muallif ko'pchilik tarjimon va talqinchilarning Platonning siyosiy falsafasining maftunkor uslubi va ifoda san'atiga jodulanib, mazkur falsafaning o'ta xavfli totalitarizmga yo'naltiruvchi jihatlarini e'tiborsiz qoldirganligini ko'rsatmoqchi bo'ladi.
Popper Platonning ijtimoiy jarayonlar va noroziliklarning tahlilini olqishlaydi, uni buyuk sotsiolog deb ataydi, biroq uning yechimlarini inkor etadi. Bu Popperning Platon davrida endigina shakllanib kelayotgan Afina demokratiyasining gumanitar ideallarini o'zining ardoqli "ochiq jamiyatining" boshlang'ich kurtaklari deb hisoblashi bilan bog'liq. Platonning demokratiyaga nisbatan nafrati, deb yozadi Popper, "uni yolg'onchilikni, siyosiy mo'jizalarni, ta'qiqchi irimchilikni himoya qilishiga, haqiqatni yashirishiga va nihoyada zo'ravonlikka" olib keldi. Popperning fikricha, Platonning tarixiy g'oyalari liberal demokratiyalar olib kelishi mumkin boʻlgan o'zgarishlardan qo'rquv bilan harakatga keltirilgan. Oqsuyak va Afinaning bir vaqtlardagi diktatori Kritiasning qarindoshi sifatida Platon, Popperning nazdida, o'z zamondosh oligarxlariga nisbatan xayrixoh va omma vakiliga nisbatan bepisand boʻlgan. Popper, shuningdek, Platon o'zining shuhratparastligi qurboni boʻlgan, deb ham taxmin qiladi va bunga Platonning o'zini oliy faylasuf-podsho sifatida tasavvur qilganligi sabab boʻlgan.
Asarning ikkinchi jildi "Soxta-payg'ambarlar davri: Gegel, Marks va Yakun" deb nomlanadi. unda Popper Gegel va Marksni tanqid qiladi va ularning g'oyalarini Aristotelga taqaydi. Popper aynan Aristotel g'oyalarini XX asr totalitarizmining dastlabki kurtaklari sifatida ko'radi.[3]
Mazkur kitob rus tiliga 1992-yilda tarjima qilingan.[4] Kitobning ruscha nashriga so'zboshisida Popper yozadi:
Bu kitobni yozishga Gitlerning vatanim Avstriyaga bosqinini eshitgan kunim qaror qabul qildim [...]. Kitob natsizm va kommunizmga, shuningdek, 1939-yil pakti natijasida vaqtinchalik ittifoqchilarga aylangan Gitler va Stalinga qarshi qaratilgan.
Kitobda men tarix sahifalaridan gitlerizmning kelib chiqishiga sabablarni axtardim, buyuk faylasuf, sinflar to'g'risida so'z yuritgan dastlabki siyosiy mafkurashunos Platonning ta'limotiga murojaat qildim [...]. Stalin shaxsi esa meni yana Karl Marks falsafasini qayta ko'rib chiqishga undadi. Marksizmni tanqid qila turib, men qaysidir darajada o'zimni tanqid ostiga oldim, chunki yoshligimda bir qancha muddat davomida marksist, hattoki kommunist ham boʻlganman. (Lekin, bu ta'limotdan yuz o'girganimda hali 17 yoshga ham to'lmagan edim.)[5]
Mazkur asarning o'zbekcha tarjimasi hali yaratilmagan.
Kitobning qabul qilinishi va ta'siri
tahrirPopperning mazkur kitobi Ikkinchi jahon urushidan keyingi G'arb liberal an'analarining eng ko'zga ko'ringan va kuchli himoyalaridan biri sifatida ardoqlanadi. Mashhur ingliz faylasufi, Nobel mukofoti sovrindori Bertran Rassel "Ochiq jamiyat va uning dushmanlari"ni "birinchi darajali ahamiyatga ega asar" va "demokratiyaning kuchli va zabardast himoyasi" deb atagan.[6] Jorj Soros tomonidan yaratilgan Ochiq Jamiyat Fondi o'z nomini ham, maqsad va dasturlari bilan ham Popperning kitobi oldida qarzdordir.[7]
Manbalar
tahrir- ↑ http://www.free-ebooks.net/ebook/The-Open-Society-and-Its-Enemies
- ↑ http://philpapers.org/rec/POPTOS-2
- ↑ https://books.google.com/?id=BzzJAwAAQBAJ&pg=PA65&dq=fascism+totalitarianism+%22I+now+proceed+to%22%22the+analysis+of+the+dependence+of+the+new+tribalism+or+totalitarianism+upon+the+doctrines+of+Hegel%22
- ↑ Поппер Карл Раймунд Открытое общество и его враги. Том 1 Чары Платона. Том 2 Время лжепророков: Гегель, Маркс и другие оракулы. Москва 1992.
- ↑ arxiv nusxasi, 2018-07-27da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-12-16
- ↑ arxiv nusxasi, 2015-01-15da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-12-16
- ↑ Christian De Cock, Steffen Böhm (1-noyabr 2007-yil). "Liberalist Fantasies: Žižek and the Impossibility of the Open Society". Organization. SAGE Publications. 14 (6). doi:10.1177/1350508407082264
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |