Oddiy shirkat
Oddiy shirkat shartnomasi bu – sheriklar (ishtirokchilar) deb ataluvchi ikki yoki undan ortiq shaxs foyda olish yoki qonunga zid boʻlmagan boshqa maqsadga erishish uchun oʻz hissalarini qoʻshish va yuridik shaxs tuzmasdan birgalikda ish qilish majburiyatini olishdir[1]. Mazkur shartnoma qonun chiqaruvchi tomonidan qoʻshma faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma deb ham yuritiladi.
Shartnomaning huquqiy belgilari
tahrirOddiy shirkatning shartnomasi konsensual, koʻp tomonlama, oʻzaro, haq olinadigan va fidustiar shartnomadir. Shartnoma imzolanganidan soʻng tuzilgan hisoblanadi. Unda ikki va undan ziyod shaxslarning ishtirok etish imkoni uning koʻp tomonliligini belgilaydi. Shartnoma oʻzaro ishonchga asoslangani uchun u fiduastiar hisoblanadi[2].
Rasmiylashtirish
tahrirOddiy shirkat shartnomasining ahamiyatli talablari quyidagilar toʻgʻrisidagi bitimlar hisoblanadi:
- hissalarni qoʻshish toʻgʻrisida;
- sheriklarning qoʻshma harakatlari toʻgʻrisida;
- amalga oshirilishi uchun ushbu harakatlar bajarilayotgan umumiy maqsad toʻgʻrisida.
Oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha tomonlar – sheriklar (ishtirokchilar) boʻlib, ular faqat yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) tijorat tashkilotlari boʻlishi mumkin.
Sheriklarning huquq va majburiyatlari
tahrirHar bir sherik quyidagi huquqlarga ega:
- umumiy mulkdagi ulushga (umumiy ulushli mulk huquqi, umumiy mulkdan foydalanish huquqi)[3]
- sheriklarning umumiy ishlarini yuritishga
- axborot olishga (u sheriklarning umumiy ishlarini yuritishga vakolat olgan-olmaganidan qatʼi nazar)
- daromad olishga
- oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish yoki tarafning talabi bilan oddiy shirkat shartnomasini bekor qilishga ega.
Har bir sherik quyidagilarga majbur:
- sheriklarning umumiy mulkiga ulush kiritish
- sheriklarning birgalikdagi faoliyatiga bogʻliq xarajatlar va zararlarni qoplash va shirkatning majburiyatlari boʻyicha javob berish
- shartnomaning boshqa tomonlariga umumiy ishlarning holati boʻyicha maʼlumot taqdim etish
- umumiy mulk va sheriklar faoliyatiga etkazilgan zarar uchun sheriklar oldida javobgar boʻladi.
Shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish
tahrirOddiy shirkat shartnomasini oʻzgartirish OʻzR FK 28-bobi[4] tartibida amalga oshiriladi. Oddiy shirkat shartnomasi bekor boʻlishning asoslari:
- sheriklardan birortasi muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb eʼlon qilinganda, agar oddiy shirkat shartnomasida yoki keyingi kelishuvda qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda shartnomaning saqlanib qolishi nazarda tutilmagan boʻlsa;
- sheriklardan birortasi nochor (bankrot) deb eʼlon qilinganda;
- sherik vafot etganda yoki oddiy shirkat shartnomasida ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilganda yoxud qayta tashkil etilganda, agar shartnomada yoki keyingi kelishuvda qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda shartnomaning saqlanib qolishi yoxud vafot etgan sherikning (tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning) uning merosxoʻrlari (huquqiy vorislari) bilan almashtirilishi nazarda tutilmagan boʻlsa;
- sheriklardan birortasi oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasida bundan buyon ishtirok etishdan voz kechganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno;
- muddat koʻrsatilgan holda tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi sheriklardan birining talabi bilan oʻzi va qolgan sheriklar oʻrtasidagi munosabatlarda bekor qilinganda;
- oddiy shirkat shartnomasining muddati oʻtganda;
- sherikning ulushi uning kreditori talabi bilan ajratilganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgani bundan mustasno;
- FKda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarda.
Oddiy shirkat shartnomasini bekor qilish holatida:
- sheriklarning umumiy egaligiga berib qoʻyilgan ashyolar tegishli sheriklarga qaytariladi (xususan, ushbu qoida yakka tartibda belgilanadigan ashyoga nisbatan qoʻllanadi).
- sheriklar bajarilmagan umumiy majburiyatlar boʻyicha solidar javobgar boʻladilar.
Manbalar
tahrir- ↑ https://lex.uz/docs/-180552#-196401 29.08.1996. Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 962-modda.
- ↑ Oqyulov, O „53“, . Toshkent davlat yuridik universiteti. TDYU, 2015.
- ↑ https://lex.uz/docs/-180552#-196401 OʻzR FK 964-m
- ↑ https://lex.uz/docs/-111189#-155943 382-modda. Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish asoslari