Olimjon Qosimjonov (1878 - Toshkent — 1952) — naqqosh usta, Toshkent naqqoshligining yirik vakili. Hunarni usta Sheralixoʻja Hasanovdan oʻrgangan; u bilan birga ishlab knyazʼ Romanov saroyi (hozirgi Tashqi ishlar vazirligi qabulxonasi), A.Polovsev uyi (hozirgi Amaliy sanʼat muzeyi)ni bezashda qatnashgan. 1920-yillardan koʻpgina jamoat binolari (ayniqsa, 1923-yil 1-Butunittifoq qishloq xoʻjaligi va hunarmandlik koʻrgazmasi; 1938-yil Butunittifoq qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasining Oʻzbekiston paviloni va boshqalar)ni bezagan. Toshkent badiiy oʻquv ishlab chiqarish kombinatida naqqosh-instruktor boʻlib koʻplab shogirdlar (M. Qosimov, J. Hakimov, T. Toʻxtaxoʻjayev va boshqalar) tayyorlagan. Q. naqsh mujassamotlarida ranglar uygʻunligidan mahorat bilan foydalanib jozibador bezaklar yaratgan; u bezagan xontaxta, kursi kabi badiiy buyumlar respublika va chet mamlakatlar muzeylarida saqlanadi.

Manbalar

tahrir