Oltinxon Toʻra, Mahmud ibn Sayid Nazir at-Taroziy (taxminan 1894, Avliyo ota, hozirgi Taroz shahri — 1991.26.6, Makka) — ulamo, adib, tarjimon. Dastlabki taʼlimni padari buzrukvoridan, soʻngra shayx ibn Kamol Nosirxon Toʻra Kosoniydan, davrining boshqa yetuk olimlaridan oldi. Xoʻjand, Toshkent, Buxoro madrasalarida oʻqidi. Arab, fors, turk tillarining barcha lahjalarini mukammal egalladi, mudarris boʻlib yetishdi. Shoʻro tuzumining ziyolilarga, ilm ahllariga oʻtkazgan nohaq zugʻumi sababli mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻldi. 1932-yildan Kobul shahrida istiqomat qila boshladi. Vir muddat Afgʻoniston maorif vazirligida maslahatchi lavozimiga tayinlandi. Soʻng Hindistonning Bombay shahridagi masjidda imom xatib boʻlib xizmat qildi. Ikkinchi jahon urushi boshlangandan keyin Saudiya Arabistoniga koʻchib borib, umrining oxirigacha Makka va Madina shaharlarida yashab ijod etdi. O.T. Makkadagi Harami sharif, Madinadagi Masjid an-nabaviyda mudarrislik qilib Qurʼon va hadislardan saboq berdi.

O.T. tafsir, hadis, fikh, adabiyot va ilmning boshqa sohalariga oid 20 dan ortiq asarlar muallifi va tarjimonidir. U Qurʼoni karimni hozirgi zamon oʻzbek tiliga ilk bor tarjima qilib, tafsir yozdi. Bu kitob Hindiston, Pokiston (1976) va Saudiya Arabistonida (1985) chop etilgan. Shuningdek, olim Kurʼonning ayrim suralarini ham tarjima va tafsirlari bilan alohida holda nashr qildirgan. Imom Abu Zakariyo anNabaviyning paygʻambar hadislariga bagʻishlangan "Riyoz us-solihiyn" ("Yaxshilar gulshani") nomli 4 jildli asarini, Imomi Aʼzamning "Fikh al-akbar" ("Asosiy shariat qoidalari"), "Aqoid islomiya", "Hizb al-Aʼzam" kabi kitoblarini arabchadan oʻzbek tiliga oʻgirdi. Oʻzbek, arab, fors, urdu tillarida diniy maʼrifiy mazmunda risolalar, tasniflar, ruboiylar yozdi. O.T. tomonidan atTermiziy qalamiga mansub "Kitob ashshamoilu an-Nabaviya" asarining oʻzbek tiliga qilingan tarjimasi sunggi yillarda Toshkentda arab va hozirgi oʻzbek imlosida bir necha marta nashr etildi.

Manbalar

tahrir
  • Riyoz us-solihin (Yaxshilar gulshani), 1-kitob, T., 1991; Kitob al-haj, T., 1993.

Adabiyot

tahrir
  • Jalilov S, Sayid Mahmud Taroziy — Oltinxon toʻra, T., 1997.