Ong falsafasi falsafaning ongning tabiati va ontologiyasini tadqiq etuvchi, uning tana bilan oʻzaro aloqasini oʻrganuvchi sohasidir[1]. Falsafada tana-ong muammosi anchagina bahsga sabab boʻlgan muammodir, biroq bu borada baʼzi kelishmovchiliklar hal etilgan[2][3]. Bular qatoriga „Murakkab ong muammosi“, maxsus ong holatlari kabi muammolarni keltirish mumkin. Ongning bu sohada tadqiq etiluvchi jihatlari qatoriga ong hodisalari, ong funksiyalari, ong xususiyatlari, onglilik va uning asab tizimi vositachilari, ong ontologiyasi, bilish va fikrlash hodisalari tabiati hamda ong va tana munosabatlari kabilarni keltirish mumkin.

Miyaning frenologik tasvirlanishi. Frenologiya bu miyaning muayyan qismlariga konkret vazifalar yuklashga urinib koʻrgan eng birinchi urinishlardan biri boʻlib, bugungi kunda mazkur yoʻnalish ishonchni yoʻqotgan.

Dualizm va monizm qarama qarshiligi tahrir

Ong-tana muammosidagi eng markaziy qarama-qarshi falsafa yoʻnalishlariga dualizm va monizmni keltirish mumkin. Biroq mazkur muammoning yuqoridagi ikki kategoriya qoliplariga sigʻmaydigan turli oʻziga xos jihatlari ham mavjud.

Dualizm tahrir
 
René Descartes tomonidan tasvirlangan ong va tana dualizmi.

Dualizm falsafaga XVII asrda fransuz faylasufi René Descartes ijodi bilan kirib kelgan[4]. Descartes kabi substansialist dualistlar ongning mustaqil tarzda mavjud boʻluvchi substansiyadan iborat, deb hisoblasa, xususiyatchi dualistlar fikricha, ong — bu miyadan kelib chiquvchi, biroq miyaning oʻzi bilan cheklanmaydigan bir qancha mustaqil xususiyatlar boʻlib, ular alohida moddiy birlik, yaʼni substansiya emasdir[5].

Monizm tahrir

Monizmda esa tana va ong mustaqil substansiyalar emas, balki ontologik jihatdan bir-biridan farqlanmaydigan birliklardir. Bunday qarash dastlab Gʻarb falsafasida miloddan avvalgi V asrda qadimgi yunon faylasufi Parmenid tomonidan ilgari surilgan boʻlib, keyinchalik, XVII asrda Benedikt Spinoza tomonidan rivojlantirilgan. Moddiyatchilar, monistlar fikricha, faqatgina fizik nazariyalar tomonidan mavjud sifatida eʼlon qilinuvchi jismlar mavjud, ong hodisalari esa oxir-oqibatda moddiy nazariyalar rivojlanishi bilan mazkur nazariyalar bilan tushuntirilishi mumkin. Fizikalistlar ong hodisalarini jismoniy hodisalar va moddiyat bilan tushuntirishning turli yoʻnalishlarini ajratib koʻrsatishadi

Idealistlar fikricha faqatgina ongning oʻzi mavjud, tashqi olam esa ongdagina mavjud boʻladi, yoki ong tomonidan yaratilgan roʻyodir. Ernst Mach va William James kabi neytral monistlar fikricha dunyodagi voqea-hodisalar qanday munosabatlarga kirishishlariga koʻra ongga bogʻliq, yoki jismoniy sifatida koʻrilishi mumkin. Spinoza kabi ikki-jihatning mavjudligini ilgari suruvchilar fikricha ong va tana qandaydir bizga nomaʼlum boʻlgan substansiyaning ikki bir-biridan mustaqil jihatidir[6].

Bugungi kundagi holat tahrir

Bugungi kunda ko'pchilik ong faylasuflari reduktiv fizikalist, yoki no-reduktiv fizikalist pozitsiyada bo'lib, o'zlarining turli-tuman nazariyalarida ongning tanadan mustaqil va alohida emasligini ta'kidlaydi. Bu yondashuvlar sotsiobiologiya, informatika (ayniqsa sun'iy intellekt sohasidagi tadqiqotlar), evolyutsiyaviy psixologiya va neyro-ilmlar kabi fanlarda ayniqsa mashhur. Reduktiv fizikalistlar barcha ong hodisalari va ong holatlari oxir-oqibatda miyada sodir bo'luvchi fiziologik jarayonlar va holatlar bilan tushuntirilishi mumkin, ddeb ta'kidlaydi. No-reduktiv fizikalistlar esa garchi ong miyadan alohida va mustaqil substansiya bo'lmasada, ong hodisalari oxir-oqibatda miya hodisalariga asoslanadi deb hisoblaydi. Undan tashqari, ularning fikricha, ong hodisalari va holatlarini tasvirlashda ishlatiluvchi tushuncha va konsepsiyalarimiz o'ta muhim va ularni shunchaki miyada sodir bo'luvchi jismoniy holatlarni tasvirlashda ishlatiluvchi tushuncha va konsepsiyalar bilan almashtirish imkonsiz, deb hisoblashadi. Bu yondashuv falsafada superventlik deb atalib, unga ko'ra, ong hodisalari miyada sodir bo'luvchi hodisalarga nisbatan supervent maqomida hisoblanadi. Neyro-bilimlar sohasidagi taraqqiyot ushbu masalalardan ba'zilarini hal qilish imkonini berdi, lekin ko'p masalalar hali-hanuz o'z yechimini kutmoqda. Bugungi kunda ong muammosini tadqiq etuvchi faylasuflar ong holatlarining subyektiv sifatlari va intensionallik hodisasini qanday qilib naturalistik yo'l bilan tushuntirish ustida bosh qotirishmoqda.

Manbalar tahrir

  1. Kim, Jaegwan (1995). „Emergent properties“. In Honderich, Ted (ed.). Oxford Companion to Philosophy. Oxford: Oxford University Press. p. 240. ISBN 9780198661320.
  2. Siegel, S.: The Contents of Visual Experience. New York: Oxford University Press. 2010.
  3. Macpherson, F. & Haddock, A., editors, Disjunctivism: Perception, Action, Knowledge, Oxford: Oxford University Press, 2008.
  4. Descartes, René (1998). Discourse on Method and Meditations on First Philosophy. Hacket Publishing Company. ISBN 978-0-87220-421-8.
  5. Hart, W.D. (1996) „Dualism“, in Samuel Guttenplan (org) A Companion to the Philosophy of Mind, Blackwell, Oxford, 265-7.
  6. Kim, J., „Mind-Body Problem“, Oxford Companion to Philosophy. Ted Honderich (ed.). Oxford:Oxford University Press. 1995.