"Opa-singillar" romani — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor tomonidan 1955-yil yozilgan asar boʻlib, u ayollarning jamiyatda tenglik uchun kurashi, erkinlik va ilgʻorlik uchun toʻkilgan qonlar, shijoat va mardlik timsoli boʻlgan XX asr boshidagi oʻzbek xotin-qizlarining hayoti va faoliyati haqidagi muhim asar hisoblanadi. Oʻrta Osiyo xududida, xususan Oʻzbekistonda 1924-yil Sovet davlati rasman tashkil etilgach, mamlakat ziyolilari va jadidlari tomonidam „Hujum“ harakati boshlanadi. Garchi harakat dastavval muvaffaqiyatsizlikka uchragan boʻlsada, ammo millat xotin-qizlari tafakkurida chuqur iz qoldiradi.

Opa-singillar
Muallif(lar) Asqad Muxtor
Muharrir(lar) Feruza Quvonova
Bezovchi(lar) Iroda Umarova
Muqova artist(lar)i Bobur Murodov
Mamlakat SSSR bayrogʻi SSSR Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i Nasr
Nashr etilgan sanasi 2023-yil, 10-aprel
Nashriyot „Oʻzbekiston SSR Davlat nashriyoti“ (1955-yil)
„Gʻofur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti“ (1971-yil)
„Yangi asr avlodi“ (2023-yil)
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1955-yil
1971-yil
2023-yil
Sahifalar soni 544
ISBN 978-9943-9083-6-9
Avvalgisi "Daryolar tutashgan joyda" qissasi
Keyingisi "Tugʻilish" romani

Asqad Muxtorni „oxirgi jadid“ deb eʼtirof etishadi. Chunki u jadidlar boshlagan ishni toʻliq yakuniga yetkazdi. 1924-1938-yillar oraligʻida oʻzbek xotin-qizlarini paranji tashlashlari, ozod va mustaqil shaxs boʻlib yetishishlari uchun ikki mingdan ortiq ayollar oʻz aka-ukalari, otalari va erlari tomonidan oʻldirildi[1]. Bu oʻrtada yangi tashkil etilgan Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasiga koʻz tikkan davlatlar oʻzlarining „Katta oʻyin“larini oʻynashar edi. Asqad Muxtor aynan ana shunday davr mavzusini shijoat bilan yotirishgan jazm etdi va „Opa-singillar“ romanini yozdi[2].

Mazmuni

tahrir

Asarning 1971-yilgi nashridan olingan epigrafi:

"Xotin-qizlarning toʻla ozod boʻlishlari va erkaklar bilan haqiqatan ham teng huquqli boʻlishlari uchun ijtimoiy xoʻjalik mavjud boʻlishi va xotin-qizlarning umumiy mehnatda ishtirok qilishlari zarur". (V. I. Lenin)

Asar voqealari Fargʻona viloyatining Naymancha qishlogʻidagi kosiblar mahallasida roʻy beradi. Onaxon, Joʻraxon, Yefim Danilovich, Ergash va boshqa bir qator qahramonlar asar asosini tashkil etadi. Kosiblar mahallasida avloddan-avlodga oʻtib keluvchi bu kasbni davom ettirayotgan mehnatkashlar, Oq podsho davrida zulmi kuchaygan Qudratillaxoʻjavofurushdan qarz boʻlishadi. Shuning uchun ham arzon narxga uning doʻkonlari uchun xotinlar kecha-yu kunduz mehnat qilishadi. Biroq revolyutsiyada jonini fido qilgan Sobir suvoqchining xotini Onaxon, erining doʻsti Yefim Danilovich, „Vakila aya“ — Joʻraxon va boshqa qator kishilar bilan birgalikda xususiy mulkchilikni tugatish, ayollar erki va ozodligi uchun kurashishadi. Ishni boyning doʻkonlari uchun boʻz toʻqishni tashlab, davlat foydasi uchun artelga ishga oʻtishadi. Keyinchalik harakatlari kengayib Naymancha ilk fabrikani qurishadi. Bu yoʻlda bir necha qurbonliklar berishadi. Asar fabrika 8-mart kuni xotin-qizlarga topshirilishi bilan yakunlanadi.

Qahramonlari

tahrir
  • Onaxon: Sobir masterovoyning xotini. Ayollar ichida paranjini tashlashni targʻib qiladi va ularni artelga borishga koʻndiradi. Joʻraxon vafot etgach uni oʻrnini egallaydi. Partiyaga aʼzo boʻladi.
  • Sobir masterovoy: Onaxonning eri, revolyutsiyada sovet mafkurasi uchun kurashib halok boʻlgan. Yefim Danilovichning oʻrtogʻi va yaqin doʻsti boʻlgan.
  • Yefim Danilovich: Sibirga surgun qilingan Rossiyalik qochoq. Uni Sofya ismli ayol qutqarib qoladi. Keyinchalik turmush qurishib, Oʻrta Osiyoga kelishadi. Revolyutsiya va xotin-qizlar erki uchun kurashadi.
  • Sofya Borisovna: Otasi va akasi surgun halok boʻlishgach, qochib yurgan Yedim Danilovich qutqaradi. U bilan turmush quradi. Vera ismli qizlari bor.
  • Joʻraxon: Moskvaga borib, Lenin mitingida ilk bor paranji tashlagan ayollardan biri. U revolyutsiyada faol ishtirok etadi. Naymanchada boʻlib oʻtadigan xotin-qizlarga allaqador sud ishlarida ularni himoya qiladi. 1925-yilga fabrika qurilishiga partiya tomonidan tayinlanadi. Buyuk Britaniya josuslari tomonidan oʻldiriladi. Xalq orasida „Vakila aya“ nomi bilan tanilgan.
  • Qudratillaxoʻjavofurush: Burjua, boy. Naymanchadagi kosiblar mahalasida yashovchi boʻzchilarni sunʼiy ravishda oʻziga qarzdor qilib olgan. Sovet tuzumi oʻrnatilgach qoʻli kaltalik qilishni boshlaydi.
  • Qiltiriqmaxsum: Qudratillaxoʻjavofurushning xizmatkori, boʻzchi xotinlar ishini nazorat qiladi. Asar soʻngida jinoiy ishlari sababli qamoqqa olinadi.
  • Ruzvon xola: Sultonboʻzchining xotini, Ergashning onasi, boʻz toʻquvchi xotin, hazilkash. Eri Qudratillaxoʻjavofurushdan qarzimni uzaman deb vafot etadi.
  • Ergash Mansurov: Sultonboʻzchi va Ruzvon kampirning oʻgʻli. U revolyutsiyada faol ishtirok etadi. Qaytib kelgach Naymanchada fabrika qurilishiga rahbarlik qiladi.
  • Hojiyaxon: sotuvchi qiz. Ergashning sevgilisi.
  • Dobrotvorsev: injener, fabrika qurilishi uchun Rossiyadan keladi. Onaxonga koʻngil qoʻyadi.
  • Bashorat: Onaxonning qizi, faol komsomolchi.
  • Tursunoy: Onaxonning kenja qizi, koʻkkoʻylakchilar guruhi aʼzosi.
  • Abdusamat: Koʻkkaylakchilar guruhi rahbari, faol komsomol, Bashoratda koʻngli bor, ammo asarda bu ochiqlanmaydi.
  • Galya: koʻkkoʻylakchilar guruhi aʼzosi.
  • Salimxoʻja Naimiy: shahar bilim yurtining muallimi. U Bashoratni hayoti xavfda qolishida va Onaxon pichoqlanib ketishida aybdor. Asar soʻngida Britaniya josuslari bilan birga ishlagani uchun qamoqqa olinadi.
  • Afgʻonchoyfurush: Britaniya josusi. Asl ismi Edgar Gladston. Koʻpchilik oʻlimiga sabab boʻladi. Joʻraxon shular jumlasidan.
  • Parixonotin: jin quvuvchi ayol. Aslida esa Usmoniy imperiyasi josusi, foxisha. Afgʻonchoyfurush tomonidan oʻldiriladi.
  • Nusratilla: Qudratillaxoʻjanining oʻgʻli. Bashorat sevib qoladi. Bashorat deb oʻylab Onaxonni pichoqlaydi. Asar soʻngida Afgʻonchoyfurush bilan xamtovoq boʻlgani uchun qamaladi.
  • Hojarbibi: Qudratillaxoʻjaboyning xotini, Nusratillaning onasi.
  • Qulmatqora: Asakalik mashxur qimorboz. Nusratilla unga Bashorat yutqazib qoʻyadi.
  • Nazokat: Normatparangni Namangandan tushirib kelgan xotini. Normatparang asar soʻngida dinga beriladi, Nazokat paranji qaytadi. Keyinchalim Yefim togʻa ularni koʻzini ochishga yordam beradi.
  • Anzirat: xalq orasida shukr kampir nomini olgan. U har narsaga, har doim shukr qilgan.
  • Matqovul: doʻkondor sotuvchi. Batragini uchinchi xotin qilib olgani uchun sud magʻlub boʻladi.
  • Xolniso: Batrak. Dastavval Yormozorlik boy, keyin Matqovul doʻkondor qoʻlida. Sudda unga Joʻraxon yutishiga yordam beradi.
  • Qumri: boʻz tikuvchi xotin. Onaxon uni yanga deb chaqiradi.
  • Marayimchaqqon: choyxonachi.
  • Abdumajidhoji: imom

Eʼtirof

tahrir

Davrimizning zabardast yozuvchilaridan biri Xayriddin Sultonovning Asqad Muxtor haqidagi fikrlari[3]:

„Bu gulistonning bogʻbonlari gʻaroyib insonlar edi. Ularning sardori — bosh muharriri oʻzbek adabiyotining klassigi Asqad Muxtor edi. Ulugʻ inson, ulugʻ adib, shafqatli murabbiy-u zoti sharif shaʼniga mening ojiz bisotimdan munosib soʻz topilmaydi. Faqat shuni ilova qilmoqni joiz bilamanki, Asqad Muxtor — adabiyot mohiyatini toʻgʻri anglagan va adabiyot xususida fikr almashmoq mumkin boʻlgan juda kam sonli adiblar sirasiga kirardi“.

Qiziqarli faktlar

tahrir
  • Asarda „Oʻzbekiston“ nomi atiga bir marta tilga olingan.
  • Asarning 2023-yilgi nashrida Leninning epigrafi olib tashlangan.
  • Asarning 1971-yilgi nashri 60 ming adadda bosilib chiqqan.

Manbalar

tahrir