Orol moʻylovdori (Barbus brachycephalus brachephalus) — karpisimonlar turkumiga va karplar oilasiga mansub baliq. Kalta boshli moʻylovdorning kichik turi[1]. Orol dengizi havzasida yashaydi. Oʻrta Osiyoning boshqa koʻl va daryolari uchraydi. Tanasi qayrilma, umumiy rangi kumushrang, orqa tomoni quyuq kulrang, qorin va juft qanotlari yorqin rangda. Uzunligi 111 sm gacha, vazni 23 kg gacha. Oʻtkinchi baliq. Aprel oyining oxiridan avgustgacha 17-22 °C haroratda urchiladi. Qimmatbaho tijorat baliqlaridan sanaladi. U yoʻq boʻlib ketish arafasida turibdi. Qozogʻiston va Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Orol moʻylovdori
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Actinopterygii
Oila: Karpsimonlar
Urugʻ: Luciobarbus brachycephalus
Turlari: Orol moʻylovdori
Xalqaro ilmiy nomi
Barbus brachycephalus brachephalus Kessler, 1872

Tarqalishi tahrir

Amudaryoning quyi va oʻrta oqimlari. Ilgari Orol dengizi va Sirdaryoda ham boʻlgan. Qashqadaryo va Zarafshonning quyi qismi suv havzalariga ham oʻtgan. Oʻzbekistondan tashqarida: Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston. Kaspiy dengizi havzasida – boshqa kenja turi uchraydi.

Yashash joyi tahrir

Qumli va toshloq tuproqli daryoning chuqurligi (2–4 m) joylarida. U loyqa soylarda, vaqti-vaqti bilan turgʻun suvlarda yashaydi.

Soni tahrir

Ilgari u koʻp tarqalgan edi, lekin soʻnggi oʻn yil ichida keskin kamaydi.

Hayot tarzi tahrir

Oʻtkinchi baliq. 7-8 yoshda jinsiy voyaga yetadi. Urchishi aprelning oxirlaridan to avgustgacha. Serpushtligi – 180-900 ming uvuldiriq atrofida. Suv hasharotlarining lichinkalari, mollyuskalar, oʻsimliklarning meva va urugʻlari bilan oziqlanadi.

Cheklovchi omillar tahrir

Daryo oqimining sun’iy tartiblanishi natijasida Orol dengizi hamda unga quyiladigan daryolarning tabiiy suv rejimining oʻzgarishi (suv sathining pasayishi va shoʻrlanishi) va suvining ifloslanishi, koʻpayish sharoitlarining yomonlashishi, brakonyerlik sabab boʻlmoqda.

Muhofaza etish tahrir

Ovlash taqiqlangan. Qizilqum, Surxon qoʻriqxonalarida va Quyi Amudaryo biosfera rezervatining qoʻriqlanadigan hududida muhofaza qilinadi. Turni koʻpaytirishni tashkil qilish, yashash joylarida maxsus muhofaza tartibini joriy qilish lozim[2].

Manbalar tahrir

  1. „Barbus brachycephalus brachycephalus Kessler, 1872“. 2019-yil 18-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 28-oktyabr.
  2. ОРОЛ МЎЙЛАБДОРИ (LUCIOBARBUS BRACHYCEPHALUS) (Wayback Machine saytida 2022-08-05 sanasida arxivlangan) redbook.uz

Adabiyotlar tahrir

  • Аральский усач // Казахстан. Национальная энциклопедия (рус.). — Алматы: Қазақ энциклопедиясы, 2004. — Т. I. — ISBN 9965-9389-9-7. (CC BY-SA 3.0)