Oxunjon Madaliyev
Oxunjon Madaliyev (21-may 1963-yil, Yangiarab qishlogʻi, Oltiariq tumani, Fargʻona viloyati – 29-iyun 2000-yil) – oʻzbek qoʻshiqchisi va bastakori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist. 1990-yillarda Oʻzbekistonda va qoʻshni respublikalarda shuhrat qozongan. 2000-yil 37 yoshida yurak xurujidan vafot etgan.
Oxunjon Madaliyev | |
---|---|
Tavalludi |
21-may 1963-yil |
Vafoti |
29-iyun 2000-yil (37 yoshda) |
Janrlar |
anʼanaviy musiqa |
Faoliyat yillari | 1989–2000 |
Fuqaroligi | SSSR Oʻzbekiston |
Amplua | Qoʻshiqchi va qoʻshiqnavis |
Madaliyev vafotiga qadar yuzlab qoʻshiq kuylagan. „Yolgʻiz ayol“, „Javohirim“, „Onamning duosi“, „Seni bugun koʻrmasam boʻlmas“, „Turkman qiz“, „Unutmoq osonmas bizlarni“ kabi qoʻshiqlari ommalashgan.
Hayoti
tahrirOxunjon Madaliyev 1963-yilning 21-may kuni Oʻzbekistonning Fargʻona viloyatidagi Oltiariq tumanida joylashgan Yangiarab qishlogʻida tugʻilgan. 1985-yil Fargʻona pedagogika institutining (hozirgi Fargʻona davlat universiteti) musiqa fakultetini tamomlagan. Habiba Madaliyevaga uylangan. 1990-yilning 14-yanvarida oʻgʻli Qilichbek Madaliyev dunyoga kelgan.[manba kerak] Oʻgʻli Madaliyev ham qoʻshiqchilik bilan shugʻullanadi.
Madaliyev 2000-yilning 29-iyunida 37 yoshida navbatdagi toʻyni tugatib, haydovchisi bilan Tico mashinasida ketayotganida miokard infarktidan vafot etgan. Bevaqt oʻlgani uchun qoʻshiqchi giyohvand moddalar isteʼmol qilgan, degan asossiz daʼvolar tarqalgan.[1] Shuningdek, vafotidan keyingi yillarda Madaliyevga suiqasd uyushtirilgan degan iddao ham tarqalgan.
Faoliyati
tahrirMadaliyev institutni tamomlaganidan keyin Oltiariq tumanidagi 26-sonli oʻrta maktabda musiqa fani oʻqituvchisi oʻlaroq ishlay boshlagan. Keyinchalik Fargʻona Davlat filarmoniyasida yakkaxon qoʻshiqchi sifatida ishlagan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Qilichbek Tojiyev Madaliyevning ustozi boʻlgan[2].
Madaliyev 1989-yili Toshkent shahrida „Kamolot – 89“ koʻrik tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, oʻsha yilning dekabrida „Xalqlar doʻstligi“ saroyida ilk yakkaxon konsertini bergan[3]. Umrining oxirigacha yuzdan oshiq qoʻshiqni ijro etgan. Qoʻshni mamlakatlarga, jumladan, Tojikiston va Qirgʻizistonda gastrol safarlariga borgan, oʻnlab shogird tayyorlagan.
Diskografiyasi
tahrirStudiyaviy albomlari
- „Ziyodam“ (1983)
- „Seni asrasin“ (?)
- „Kimligini aytmayman“ (?)
- „Sendadir xayolim“ (?)
- „Yulduzim“ (?)
- „Navbahor“ (?)
- „Javohirim“ (?)
- „Oʻzbeklarim“ (?)
- „Yolgʻiz ayol“ (?)
- „Sogʻinch“ (?)
- „Yoshligim“ (?)
- „Unutmoq osonmas bizlarni“ (?)
- „Onamning duosi“ (1994)
Mukofotlari
tahrirMadaliyev 1997-yil 26-avgustda „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan. 1999-yil 25-avgustda "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist" unvonini olgan[4].
Manbalar
tahrir- ↑ „«Наркотикдан ўлди, суиқасд бўлган дейишади, аммо…». Охунжон Мадалиевнинг сирли ўлимига нима сабаб бўлган? (видео)“. Daryo (20-iyun 2021-yil). Qaraldi: 15-may 2022-yil.
- ↑ „Oxunjon Madalievning unvoni almashib qolgan edi. Qilichbek Tojiev shogirdining almashib qolgan unvoni haqida (video)“. Daryo (27-iyun 2021-yil). Qaraldi: 15-may 2022-yil.
- ↑ „Oxunjon Madaliyev Nusratovich“. Javoblar (7-mart 2019-yil). Qaraldi: 15-may 2022-yil.[sayt ishlamaydi]
- ↑ Eshmirzayeva, Mohichehra „Охунжон Мадалиевнинг биз билмаган олами“. Kun (4 may 2016-yil). Qaraldi: 26-iyul 2022-yil.
Havolalar
tahrir- Oxunjon Madaliyev bilan intervyu (1993-yil) (Wayback Machine saytida 2022-10-28 sanasida arxivlangan)
- YouTube kanali