PanamaPanama Respublikasi poytaxti. Aholisi 669 ming kishi (1990-yillar oxiri). Iqlimi subekvatorial, sernam iqlim. Oʻrtacha yillik temperatura 27°. Yillik yogʻin 1500–2000 mm. Panama kanaliga Tinch okean tomondan kiraverishdagi dengiz porti, transport yoʻli va shosse yoʻl orqali Karib dengizi boʻyidagi Kolon porti bilan bogʻlangan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Shahar 1519-yilda indeyslarning Panama qishlogʻi yonida ispanlar tomonidan bunyod etilgan. 1903-yildan mamlakat poytaxti. Panama iqtisodiyoti kanaldagi kema qatnoviga xizmat koʻrsatish va port faoliyati bilan uzviy bogʻliq. Toʻqimachilik, oziq-ovqat, koʻn-poyabzal, mebel, sement sanoati korxonalari mavjud. Esdalik buyumlari ishlab chiqariladi. Panama universiteti, Panama akademiyasi va boshqa akademiyalar, muzeylar, opera va drama teatrlari, konservatoriya va boshqalar bor. 17—18-asrlarga oid meʼmoriy yodgorliklari saqlangan.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil