Siyishning buzilishi - Sogʻlom odam bir sutka davomida oʻrtacha 1500 ml siydik ajratadi, bu bir sutka mobaynida qabul qilingan suyuqlikning qariyb 75% ni (qolgan 25% oʻpkalar, teri, ichaklar orqali ajraladi) tashkil etadi. Bir sutkada siyish meʼyorda 4 yoki 6 martagacha oʻzgarib turadi. Qovuq butunlay boʻshaydi. Siyish jarayoni 20 soniyadan ortiq davom etmaydi, siyishning tezligi meʼyorda ayollar uchun 20–25 ml/s ga va erkaklar uchun 15–25 ml/s ga teng. Erkaklarda siydik oqimi parabola hosil qilib ancha masofaga chiqariladi.

Peshob ajralishining buzilishi
Ayirish tizimi kasalliklari

Odamda siydik chiqarish

tahrir

Butunlay xushiga bogʻliq, yaʼni ixtiyoriy holat. U markaziy nerv tizimidan impulslar kelishi bilan boshlanadi. Siyishga boʻlgan istakni hatto qovuq toʻlib turganda ham toʻxtatib turish mumkin. Siyish boshlanganda uni tegishli impulslar bilan toʻxtatib qoʻyish ham mumkin. Qovuqning fiziologik hajmi 250–300 ml ni tashkil etadi[1], lekin bir qancha omillar (harorat va atrof muhitning namligi, odamning taʼsirchanlik holati)ga qarab u oʻzgarib turishi mumkin.

Pollakiuriya

tahrir

Siyish jarayonining buzilishlaridan (dizuriya) birinchi navbatda uning tezlashishi, yaʼni pollakiuriyani[2] aytish mumkin. Bu belgi pastki siydik yoʻllari va prostata bezining kasalliklariga xos. Har bir siyishda kam sonda siydik chiqadi; bir sutkada chiqqan siydik soni meʼyordagidan koʻp boʻlmaydi. Agar tez–tez siyish koʻp sonda siydik chiqarish bilan kuzatilsa, sutkalik siydik soni meʼyordagidan ancha koʻp boʻlsa, unda bu siydik ajratish (diabet, buyrakning surunkali yetishmovchiligi va b.) mexanizmining zararlanganligi belgisi boʻladi. Tez–tez siyish bir sutkada 15–20 marta va undan koʻproq boʻlishi mumkin. Pollakiuriya baʼzan siyishga imperativ (buyruq) istak bilan kuzatiladi. Qovuqda tosh boʻlganda, odatda, tez–tez siyish faqat kunduzi va harakat vaqtida paydo boʻlib, kechasi va harakatsiz holatda yoʻqoladi. Prostata bezida oʻsma boʻlganda koʻpincha tungi pollakiuriya roʻy beradi. Qovuqning surunkali kasalliklarida doimiy pollakiuriya kuzatilib u baʼzi dorilarni (masalan, siydik haydovchi) qabul qilganda ham paydo boʻlishi mumkin. Pollakiuriya koʻpincha ogʻriq bilan kuzatiladi.

Oligakiuriya

tahrir

Oligakiuriya - bu gʻayritabiiy kam siyish, odatda orqa miyaning shikastlanishi yoki kasalliklari oqibatida qovuq innervatsiyasining buzilishi bilan   bogʻliq boʻladi.

 
Siydik nayi va Siydik yo'llari

Nikturiya

tahrir

Nikturiya[3] yoki, toʻgʻrirogʻi – tungi pollakiuriya, tez–tez siyish hisobiga tungi siydik miqdorining kunduzgidan ortiq boʻlishi. Bunga, odatda, yurak–tomir yetishmovchiligi sabab boʻladi, yaʼni kunduz kuni yurganda va jismoniy ish qilganda yashirin shishlar paydo boʻladi va qachon yurak faoliyati uchun sharoit yaxshilanganda, asosan, tunda ularning kamayishi kuzatiladi, bu diabet va prostata bezi kasalliklarida ham boʻlishi mumkin.

Stranguriya

tahrir

Stranguriya[4] – siyishda qiynalish, uning tezlashishi va ogʻriq bilan birga kelishidir. Stranguriyada bemor qovugʻining tortishib qisqarishini sezadi, baʼzan behuda yoki bir oz sonda siydik chiqishi bilan kuzatiladi. Odatda, stranguriya siyishga imperativ qistash bilan kuzatiladi. Qovuqda patologik jarayon boʻlganda stranguriya ayniqsa bilinadi.

Siydik tutaolmaslik

tahrir

Siydik tutaolmaslik[5] – siyishga qistash boʻlmasdan siydikning ixtiyorsiz chiqishi (oqishi). Siydikning chiqib ketishi uretradan yoki undan tashqarida kelib chiqishi mumkin. Uretradan siydik tutaolmaslikning quyidagi turlari farq qilinadi:

– stressli – kuchanganda siydik tutaolmaslik;

– urgentli (imperativ) — siyish aktining yaqqol, toʻxtatib boʻlmaydigan qistashi oqibatida boʻlishi;

– siydikning surunkali tutilishi natijasida qovuq toʻlib ketganda, siyishga qistash boʻlmasa ham siydikni tuta olmaslik.

Stressli siydik tutaolmaslik

tahrir

Stressli siydik tutaolmaslikda qovuq sfinkterlarining yetishmovchiligi oqibatida bemor siydikni tutaolmaydi, lekin siydik yoʻllarining anatomik butunligi buzilmagan boʻladi. Haqiqiy siydik tutaolmaslik doimiy yoki gavdaning faqat maʼlum bir holatida (masalan, tik turgan holatga oʻtganda), koʻproq jismoniy zoʻriqqanda yoki yoʻtalganda, aksa urganda, kulganda sodir boʻladi. Ayollarda odatda bu holat chanoq tubi mushaklarining tonusi pasayganda, qovuq sfinkterlari boʻshashganda kuzatiladi, ularga qin oldi devori va bachadon tushishi ham sabab boʻlishi mumkin.

Ayollarda klimakteriya davrida stressli siydik tutaolmaslik baʼzi hollarda detruzor faoliyatining buzilishi va gormonal disfunksiyalar oqibatida sfinkterlar ishlash kordinatsiyasining buzilishi ham sabab boʻladi.

Siydikni uretradan tashqarida (“soxta”) tutaolmaslikda siydik nayi, qovuq yoki siydik chiqarish kanalining tugʻma yoki orttirilgan nuqsonlari sababli siydik ixtiyorsiz tashqariga chiqadi.

Qovuq ekstrofiyasi, epispadiya, uretrorektal oqmalarda siydik nayi ogʻizchasining uretrada yoki qinda joylashishi tugʻma nuqsonlarga kiradi. Bunday sabablar koʻproq bolalar uchun xosdir. Siydikni uretradan tashqarida tutaolmaslikka olib keluvchi orttirilgan nuqsonlar hamma vaqt shikastlanish bilan bogʻliq boʻladi. Bunda siydik yoʻllarining butunligi buziladi va qoʻshni aʼzolarga, koʻpincha qinga, kamroq toʻgʻri ichakka (siydik nayi– qin, qovuq–qin, qovuq–toʻgʻri ichak, uretra–toʻgʻri ichak oqmalari) ochiladigan oqmalar paydo boʻladi.

 
Siydik yo'li anatomiyasi

Urgentli (imperativ) siydik tutaolmaslik

tahrir

Urgentli (imperativ) siydik tutaolmaslik[6] – toʻxtatib boʻlmaydigan, imperativ qistash vaqtida qovuqda  siydikni tutib turishga layoqatsizlik.

Qisqa vaqt oraligʻida  tez–tez siyish, siyishga toʻxtatib boʻlmaydigan (buyruq bilan) qistash boʻlishi, birdan paydo boʻlgan qistash sababli qistalangan siydik tutaolmaslik, koʻpincha tungi pollakiuriya urgentli  siydik tuta olmaslikning belgilari hisoblanadi. Bu oʻtkir sistitda, qovuq boʻyinchasi oʻsma bilan   zararlanganda, baʼzan prostata bezining xavfsiz giperplaziyasi (adenomasi)da kuzatilishi mumkin. Bogʻcha va maktabgacha yoshdagi bolalarda siydikni tutaolmaslik uzoq muddatli qiziqarli oʻyinlarda qovuqning toʻlib ketishi oqibatida kelib chiqadi.

Enurez – tunda uyquda siydikni tutaolmaslik. Bola hayotining birinchi 2–3 yoshi davomida fiziologik boʻlishi mumkin. Agar enurez davom etaversa,  bu uretrovezikal segmentning neyromushak tuzilmasi rivojlanishining sekinlashishi yoki organik kasalliklar (pastki siydik yoʻllari infeksiyasi, oʻgʻil bolalarda uretra orqa qismining qopqoqlari, qiz bolalarda uretraning distal torayishida, neyrogen qovuqda) oqibatida boʻlishi mumkin.

Bir qancha urologik kasalliklar qiynalib siyish bilan   kuzatiladi.  Bunda siydik oqimi sust, ingichka, tik pastga qarab yoki faqat tomchilab, oqimsiz chiqadi. Uretraning torayishida siydik oqimi ikkiga boʻlinib, uning girdoblanib va sachrab chiqishi kuzatiladi. Prostata bezining xavfsiz giperplaziyasi (adenoma) va rakida siydik oqimi ingichka, sust boʻlib, odatdagi yoy hosil qilmay pastga yoʻnaladi, siyish muddati choʻziladi

Siydik tutilishi (ishuriya)

tahrir
 
Buyraklar va Siydik qopi

Siydik tutilishi (ishuriya)[7] oʻtkir va surunkali boʻladi. Siydikning oʻtkir tutilishi toʻsatdan boshlanadi va qovuq toʻlib turadi, siyishga istak boʻlishiga qaramasdan siydik chiqmaydi, qorinning pastki qismida ogʻriq paydo boʻladi. Baʼzi hollarda siydikni oʻtkir tutilishi siyishga istak boʻlmaganda ham boʻlishi mumkin. Koʻpincha bunday tutilish nerv–reflektor boʻlib, har xil operatsiyalardan keyin, bemor toʻshakda chalqancha yotganida, kuchli hayajonlanish hissi paydo boʻlganda kuzatiladi. Bunday holda siydik tutilib qolishini anuriyadan (qovuqda siydik yoʻqligi) ajratish kerak, bunda ham siyishga istak boʻlmaydi.

Siydikning oʻtkir tutilishi, odatda, siydik oqimiga surunkali toʻsiq borligi natijasida paydo boʻladi. Prostata bezining xavfsiz giperplaziyasi (adenomasi) va raki, uretra torayishi, siydik chiqarish kanalining ichidagi yoki qovuq boʻyinchasidagi tosh va oʻsmalar uning eng koʻp sabablari hisoblanadi. Qovuqni kateterlash siyish jarayoni boʻlmaganda tashxislash (siydik oʻtkir tutilishini anuriyadan ajratishga imkon beradi) va davolash uchun katta ahamiyatga ega. Siydik passajini infravezikal soxada buzuvchi har–xil obstruksiyalar (qovuq boʻyinchasi sklerozi, uretra qopqogʻi va torayishi, qovuq va siydik chiqarish kanali toshi, katta oʻlchamdagi ureterotsele) bolalarda siydikning qisman tutilib qolishiga sabab boʻladi.

Qovuq boʻyinchasi sohasida yoki siydik chiqarish kanalida yoki detruzorning gipotoniyasida siydik oqimiga qisman toʻsiq boʻlganda siydikning bir qismi qovuqda qolsa (qoldiq siydik), siydikning surunkali tutilishi paydo boʻladi. Detruzorning kuchsizlanishiga qarab qoldiq siydik ortib boradi. Siydikning surunkali tutilishi prostata bezining xavfsiz giperplaziyasi (adenomasi) va raki, qovuq boʻyinchasi sklerozi, uretraning torayishi va boshqalarda kuzatiladi. Agar meʼyorda siyib boʻlgandan keyin qovuqda bor–yoʻgʻi 15–20 ml siydik qolsa, siydikning surunkali tutilishida esa uning soni 100–200 ml gacha (baʼzan 1 litrgacha va koʻproq) boʻladi.

Qoldiq siydik miqdorining koʻpayishi va qovuqning borgan sari choʻzilib borishi nafaqat detruzorni balki sfinkterning ham nimfalajini keltirib chiqaradi. Bunday hollarda bemor bemalol siya olmaydi yoki siyishga qistash boʻlganda faqat oz miqdorda siydik ajraladi. Shuning bilan birga qovuqdan noixtiyoriy ravishda, doimo, siydik tomchilab chiqib turadi. Shunday qilib, bemorda siydik tutilib qolishi bilan birga siydik tutaolmaslik ham boʻladi. Bunday holat paradoksal ishuriya deb ataladi. Bu prostata bezi xavfsiz giperplaziyasining (adenoma) III bosqichida, orqa miyaning shikastlanishi va kasalliklarida kuzatiladi.

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • „Urologiya xastaliklari va davolanish choralari“- Pol Bregg, Patritsiya Breg (2015-yil)
  • „Urologiya“ Tibbiyot Oliy taʼlim muassasasi talabalari uchun darslik — (Toshkent 2011)

Havolalar

tahrir