Pyatidesyatniklar (yoki Toʻliq injil xristianlari) - protestantlikdagi eng yirik oqim boʻlib XX asr boshlarida AQSHda yuzaga kelgan. Diniy hayotda “Muqaddas Ruh in’omlari” degan tushunchaga tayanishadi. Ta’limotga koʻra bu in’omlar faqatgina Muqaddas Ruh bilan choʻqintirish orqali Xudo Oʻgʻlining (ya’ni Iso Masihning) asl izdoshlariga, unga xizmat qilish vositasi sifatida beriladi. Muqaddas Ruh bilan choʻqintirilganlikning tashqi belgisi deb pyatidesyatniklar glossaliya, ya’ni “xudo bilan notanish tilda gaplashish”ni tushunishadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Pyatidesyatniklik tarixi rasman 1901-yilning 1-yanvariga borib taqaladi. Aynan shu kuni Kanzas shtatining Topeke shahridagi Bibliya maktablarining birida Ch.Parxem ismli ruhoniy boshqarayotgan talabalardan biri Agnessa Ozman “uchinchi rahmat”ga erishib (ya’ni, Muqaddas Ruh bilan choʻqintirilib), xitoy tilida gapira boshlaydi. Uning ketidan “xudo bilan notanish tilda gaplashish” “epidemiya”si butun maktabni qamrab oladi. Shundan soʻng Ch.Parxem oʻz oʻquvchilari bilan janubiy shtatlarda pyatidesyatniklikni targʻib qila boshlagan.

Ch.Parxem shogirdlaridan biri, qora tanli D.Seymur Los-Anjelesdagi metodist cherkovining tashlandiq binosida “muqaddas pyatidesyatnisa” gʻoyasini targʻib qila boshlagan. Uch yil davomida ushbu cherkov aktiv faoliyat yuritib, AQSHdagi qora va oq tanlilarning diqqatini oʻziga jalb qildi. Bu yerda Xudo bilan notanish tilda gaplashishni boshidan oʻtkazgan koʻpchilik keyinchalik oʻzining pyatidesyatniklik cherkovlariga asos solishdi. Bunday cherkovlar Skandinaviya, Angliya, Hindiston, Chili, Germaniya kabi davlatlarda ham paydo boʻldi. Ularning bir-biridan asosiy farqi xudoning rahmatlari soni va suv bilan choʻqintirishning uslublaridadir. Muqaddaslik cherkovlaridan ajrab chiqqan pyatidesyatniklar 3 ta rahmatga ishonishadi - dinga kirgizish, nurlantirish ya’ni, xristian ta’limoti bilan chuqurroq tanishtirish va Muqaddas Ruh bilan choʻqintirish.

Baptistlardan ajralib chiqqan pyatidesyatniklar esa faqat 2 ta rahmat - dinga kirgizish va Muqaddas Ruh bilan choʻqintirishni tan olishadi. Shuning uchun ham, ularni «Ikki rahmat cherkovlari» deb atashadi. Ularning eng yirik birlashmasi “Xudo Assambleyalari” hisoblanadi. Suv bilan choʻqintirish usullari, ya’ni muqaddas uchlikni tan olishlari yoki inkor qilishiga koʻra, pyatidesyatniklar ikkiga boʻlinadi. Lekin bunday boʻlinish barcha pyatidesyatnik cherkovlariga taalluqli emas. Ayni paytda, ba’zi cherkovlar xristianlik chegarasidan chiqqanini ta’kidlash zarur. 1960-yillarda “xudo bilan notanish tilda gaplashish” tushunchasi ba’zi boshqa protestant cherkovlari, hatto 1966-yildan katoliklar orasida ham tarqalgan. Hozirgi kunda pyatidesyatniklik koʻp sonli turli oqimlar koʻrinishida tarqalgan boʻlib, ularning rahbarlari har 2-3 yilda «Butundunyo pyatidesyatnik konferensiyalari»da uchrashib turishadi. Pyatidesyatniklik insonlarning qaygʻu-alamlari, muammolari va jamiyatda oʻz oʻrinlarini yoʻqotib qoʻyishlari bilan bogliq masalalarga alohida urgʻu berishi va ulardan ustalik bilan foydalanishga intilishi tufayli unga ergashuvchilar soni tez suratda oʻsib bormoqda. 1990-yilda dunyo boʻyicha bu oqim a’zolarining soni 50 millionni tashkil qilgan boʻlsa, hozirda taxminan 120 millionni tashkil qilmoqda[1].

Manbalar tahrir

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 323.

Adabiyotlar tahrir

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.