Qaʼda (arab. — oʻtirish) — kishi vafotidan keyin "yigirma" yoki "qirq" marosimini marhumning yaqin qarindoshlaridan biri oʻz uyida oʻtkazadigan marosim. Marhumning oila aʼzolariga ogʻirlik tushmasligi hamda marhumga boʻlgan hurmat yuzasidan biror kishi (opasingil, akaukalar, boʻlak yashaydigan farzandlar) navbatdagi marosimni "qaʼda qilib olib ketadi", yaʼni oʻz uyida oʻtkazadi. Marhum ruhiga bagʻishlab dasturxon yozadi. Q.da marhum xotirasini yodga olmoqchi boʻlgan kishilar marhum xonadoniga emas, Q. oʻtkazayotgan kishi uyiga boradilar. Marosimga imom, domla yoki otin oyi taklif qilinib, marhum ruhiga Qurʼon tilovat qilinadi. Keyingi paytlarda yaqin qarindoshlardan biri marosimning butun xarajatlarini qoplagan holda Q.ni marhumning uyida oʻtkazish hollari ham uchramoqda. Q. marosimi islom dinida mavjud emas.