Qadimgi misr maorifi
QADIMGI MISR MAORIFI – Qadimgi Misrdagi ta’lim-tarbiya va madaniy-marifiy muassasalar tizimi. Qadimgi Misr davlati va xo‘jaligini boshqarish uchun xat-savodli, bilimdon kishilar zarur bo‘lgani uchun ham Misr fir’avnlari va a’yonlari xat-savodli va bilimdon xodimlar tayyorlashga alohida ahamiyat berganlar. Mamlakatning barcha shaharlari va yirik qishloqlarida o‘qitish, ta’lim-tarbiya berish uchun maktablar bunyod etilgan. Maktablarda fir’avnlar, a’yonlar, amoldorlar, ruhoniylarning bolalari va o‘qishga havaslari bo‘lgan kishilarning farzandlari ham o‘qiganlar. Misrda boshlang‘ich, o‘rta va oliy maktablar bo‘lganlar. Boshlang‘ich maktablarga bolalar 5-6 yoshdan jalb etilib, harflar o‘rgatilib, savodi chiqarilgan. Bolalar maktabda husnixat bilan shug‘ullanib, ular har kuni 3 sahifa yozishlari kerak bo‘lgan. Misrdagi o‘rta va oliy maktablarning ko‘pchiligi mirzolar tayyorlab chiqarganlar. Uni “Mirzolar maktabi” ham deyishgan. Misr fir’avnlarining markaziy mahkamasi qoshida podsho xazinasi uchun maxsus amaldor mirzolar tayyorlaydigan maktablar ham bo‘lgan. Bu maktablar katta tajribaga ega bo‘lgan bilimli ustoz – o‘qituvchilar bilan ta’minlangan. Maktablarda matematika, geometriya, astronomiya, tarix, tibbiyot, adabiyot kabi dunyoviy va diniy bilimlar o‘qitilgan. Misr maktablarida intizom juda qattiq bo‘lib, u tan jazosi bilan jazolangan. O‘sha vaqtda yozilgan “nasihatlar”da: “Ey mirza, dangasalik qilma, yo‘qsa jazoga duchor bo‘lasan. Qo‘lingda kitob bo‘lsin, ovoz chiqarib o‘qigin va o‘zingdan ko‘p biladiganlar bilan maslahat qilib ish tut. Bir kun ham yalqovlik qilma yo‘qsa kaltak yeysan. Axir bolaning qulog‘i yelkasida bo‘lsada, qachon ursang, shuda uning qulog‘iga gap kiradi”, - deb yozilgan.
Adabiyotlar
tahrir1. Bekmuhammadov H.Y. Tarix terminlarining izohli lug‘ati. Toshkent, O‘qituvchi, 1986.
2. Boboyeva M. Q., Qurbongaliyeva R.S. Qadimgi dunyo tarixidan izohli lug‘at. Toshkent, O‘qituvchi, 1992.
3. Qadimgi dunyo tarixi: (maktab, akademik litsey, kasb-hunar kolleji o‘quvchilari, abiturientlar va tarix fani o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha qo‘llanma).Tuzuvchi-mualliflar: F.Sultonov va boshq.; Oʻzbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Respublika Ta’lim markazi, Oʻzbekiston Respublikasi FA Tarix instituti. –T.; O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2007.
Manbalar
tahrir1. Ergashev Sh. Qadimgi sivilizatsiyalar. – Toshkent: “O‘zbekiston” NMIU, 2016.
2. Boynazarov F.A. Qadimgi dunyo tarixi. –T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2004.
3. Kabirov A. Qadimgi Sharq tarixi. – Toshkent: “Tafakkur”, 2016
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |