Qahva daraxti
KOFE (Soneag; arab. — qahva), qahva daraxti — roʻyandoshlar oilasiga mansub koʻp yillik doim yashil daraxt. Sharqiy yarim sharning tropiklarida, aksariyat Afrikada oʻsadigan 40 ga yaqin turi maʼlum. 5—6 madaniy turi Arabiston yarim orolda 14—15-asr dan, Braziliyada 18-asr dan ekiladi. Yevropaga K. urugʻi 1592-yil keltirilgan va K. ichimligi ichish odatga aylangan. S. arabica (Arabiston K.si) va C.liberica (Liberiya K.si) koʻproq tarqalgan. Kofezorlarning asosiy qismi Braziliya (jahon boʻyicha yetishtiriladigan K.ning yarmi), Efiopiya, Kolumbiya, Yamanda joylashgan. Indoneziya, Hindistonda ham ekiladi. Jahon boʻyicha K. daraxti ekilgan maydonlar 11,5 mln. ga, oʻrtacha hosildorlik 6,16 s/ga. K. oʻstirish uchun yetarli miqdorda namlik (yillik yogʻin miqdori 2200–2300 mm) va oʻrtacha yillik harorat 18° dan kam boʻlmagan tabiiy-iqlim sharoit zarur. K. yil boʻyi gullaydi va meva tugadi. Daraxti balandligi 8–20 m. Gullari oq, xushboʻy, ikki jinsli. Chetdan changlanadi. Mevasi 2 uyali rezavor, 9 oyda yetiladi, toʻq yashil mevalar dastlab sariq, pishish davrida qizil rang oladi.
K. urugʻi va qalamchasidan koʻpaytiriladi. Oʻtqazilgan koʻchati 5-yili hosilga kiradi. 30—40 yil hosil beradi. 1 tup daraxtidan 1 kg ga yaqin urugʻ olinadi. Urugi tarkibida 13—14 % azot moddalari, 0,65—2,7 % kofein, 2—3 % saxarin va boshqa mavjud.
Ulardan kofein va K. ichimligi tayyorlanadigan kukun olinadi. K. ichimligi tayyorlash uchun K. doni 180—200° xaroratda 20—30 min. davomida qovuriladi, yanchiladi. Qovurilganda ichimlikka jigarrang tus, xushboʻylik va yoqimlik taʼm beradigan moddalar hosil boʻladi. K. kukunini issiq suvda eritib, shakar qoʻshib isteʼmol qilinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |