Qalampirmunchoq
Qalampirmunchoq — mirtadoshlar oilasiga mansub oʻsimliklar turkumi. Doim yashil efir moyli daraxt (balandligi 35 m gacha) yoki buta. Tropik va subtropiklarda. ayniqsa, Sharqiy Osiyo va Janubiy Amerika hamda Afrika va Avstraliyada 700 (1000) ga yaqin turi maʼlum. Tanasining pastki qismi shoxshabbasiz, barglari butun (uz. 20 sm), gullari toʻpgulga yigʻilgan. Togʻ va vodiylardagi mussonli oʻrmonlarda, Avstraliyada evkalipt oʻrmonlaridaoʻsadi. 30 ga yaqin turi (Tanzaniya, Hindiston, Shri Lanka, Indoneziya, Braziliya va boshqalar koʻplab tropik mamlakatlarda) ekiladi. Q.ning keng tarqalgan turi xushboʻy Q.ning vatani Molukka orollari. Boʻyi 10–12 m, barglari qayishsimon, qaramaqarshi joylashgan, gullari mayda, toʻpgulga yigʻilgan, tojbarglari oq yoki pushti. Mevasi rezavorsimon, bir urugʻli, rangi qizil. Tanasida xushboʻy moddali bezchalari bor. Quritilgan gʻunchasidan efir moyi olinadi va shoda taqinchoq tayyorlanadi, ziravor sifatida ishlatiladi. Guli va gul murtagidan olinadigan Q. moyi (17—20% moy va 20% oshlovchi modda) parfyumeriya sanoatida, tibbiyotda, likyor va vanilin ishlab chiqarishda qoʻllanadi. Ayrim turlari yogʻochi qurilishda va duradgorlikda ishlatiladi. Jahon boʻyicha 80% Q. mahsulotlari Zanzibar o.ida yetishtiriladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |