Qalmoqlar, qalmiqlar (oʻzlarini xalmg deb atashadi) — xalq, Qalmogʻistonning asosiy aholisi (146 ming kishidan ziyod); Rossiya Federatsiyasida jami 166 ming kishi (1990-yillar oʻrtalari). Qalmoq tilida soʻzlashadi. Dindorlari — buddaviylar; pravoslavlar ham bor. Milodiy 1-ming yillik va 2-ming yillikning boshlarida qalmoqlarning ajdodlari (oyrotlar), yirik siyosiy uyushmalar dunxu, syanbi, jujanlar, kidanlar tarkibiga, 13—14-asrlarda Chingizxon va vorislari davlati tarkibiga kirgan. 16-asr oxiri — 17-asrning 1-choragida Q Rossiya chegaralariga, Volganing quyi oqimi va Kaspiy boʻylariga koʻchib oʻtib, rus fuqaroligini olishgan. Ular joylashgan hozirgi hududda asosiy negizi oyrotlardan iborat boʻlgan qalmoqlar elati shakllangan. Qalmoqlar chorvachilik, dehqonchilik bilan shugʻullanadi.