Qapchigʻay ustaxonasi — paleolit davriga oid (chaqmoqtoshga ishlov beruvchi) ustaxona. Fargʻonadan 40 km janubida Oloy tizmasining shim. qiyaligidagi Dangarak dara soyida joylashgan. 1956-yilda ochilgan. 1958— 59 yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya institutining A.P. Okladnikov rahbarligidagi otryadi tekshirgan. Qapchigʻay ustaxonasi dan tosh qurollar, nukleuslar topilgan. Qurollar baland togʻ choʻqqisi qatlamlaridagi yuqori sifatli har xil chaqmoqtoshlardan yasalgan. Qurollar yasash va toshga ishlov berish uchun chaqmoqtoshning yirik siniqlaridan choʻkich sifatida foydalanilgan.