Qatlam (geologiyada) — geologik jism, choʻkindi togʻ jinslari yotqizilishining asosiy shakli va ularning ketmaket joylashishi. Q.ning litologik tarkibi nisbatan bir xil boʻlib, bir-biriga deyarli parallel yuzalar (yuqoridagisi — Q. usti va pastdagisi — Q. osti) bilan chegaralanadi. Q. qalinligi uzunligiga nisbatan ancha kam. Yuqoridagi Q. (normal yotganda) ostki Q.ga qaraganda yosh boʻladi. Q. metamorfik jinslardan ham iborat boʻlishi mumkin. Magmatik jinslar va rudalar muvofiq shaklda yotganda ularni Q. deyish mumkin. Q koʻpincha bir necha qatlardan iborat boʻladi (mas, tarkibida oʻziga xos togʻ jinsi uchraydigan foydali qazilma, koʻmir Q., neftli Q. va gazli Q).