Qatlam bosimi — neft uyumidagi suyuklik va gaz bosimi. Qatlam bosimi neftli, gazli va suvli qatlamlar energiyasini ifodalaydigan eng muhim belgi (parametr)dir; bu bosim qatlam qazilguncha koʻpgina gidrostatik bosim (qatlam balandligiga teng suv ustuni bosimi)ga taxminan teng boʻladi. Qatlam bosimi meʼyoriy va anomaliya holida boʻlishi mumkin. Meʼyoriy Qatlam bosimi qatlamning joylashish chuqurligi bilan uzviy bogʻliq boʻlib, bu bosim chuqurlikning har 10 metrida taxminan 0,1 Mn/m2oshadi. Gidrostatik bosimdan sezilarli darajada farq qiladigan bosim anomaliyali bosim deyiladi. Neft va gaz konlarida Q.6., asosan, gidrostatik, geostatik (togʻ jinslarining ustki qatlamlari massasi taʼsirida), geotexnik (tektonik jarayonlar taʼsirida) bosimlar, turli bosimli qatlamlar orasidagi yoʻllar, suvlar va jinslarning kimyoviy taʼsiri, shuningdek, gʻovak (oʻtkazuvchan) qatlamlarning ikkilamchi sementlanishi oqibatida hosil boʻladi va oʻzgaradi. Burgʻi quduqlari oʻzlashtirilayotganda, ularning zaboylari (tubi) atrofida past bosim hosil boʻladi. Qatlam qazilayotganda tegishli choralar koʻrilmasa Qatlam bosimi pasayadi. Qatlamning turli nuqtalaridagi Qatlam bosimini qiyoslash uchun muayyan bitta tekislikda deb tasavvur qilinadi. Bunday tekislik sifatida, odatda, shartli ravishda qatlamdagi suvneft kontaktining dastlabki holati olinadi. Kon qazish jarayonida Qb.ning oʻzgarishi doimiy qayd qilib boriladi. Bu esa, qatlamda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarni aniqlash va kondagi ishlarni nazorat qilib turishga imkon beradi. Burgʻi quduqlaridagi Qatlam bosimi monometrlar yordamida oʻlchanadi.