Qaytmas jarayonlar (fizikada) — muvozanat buzilganda sistemada oʻz-oʻzidan faqat bitta yoʻnalish boʻyicha sodir boʻladigan fizik jarayonlar. Diffuziya, issiqlik oʻtkazuvchanlik, gazning muayyan hajm boʻyicha kengayishi va boshqalar hodisalar Qaytmas jarayonlarga misol boʻladi. Hamma Qaytmas jarayonlar ketmaket muvozanatsiz holatlarning uzluksiz qatoridan iborat. Sistemalarda Qaytmas jarayonlar sodir boʻlgan boʻlsa, uni tashqi muhitda hech qanday oʻzgarish yuzaga keltirmasdan boshlangʻich holatiga qaytarish mumkin emas. Umuman, tabiatda sodir boʻladigan hamma real jarayonlar Qaytmas jarayonlardan iborat. Berk sistemalarda shunday Qaytmas jarayonlar sodir boʻlishi mumkinki, natijada sistema entropiyasi faqat ortib boradi.