Qazi
Qazi — ot goʻshtidan tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsuloti. Qazini tayyorlash uchun otning toʻsh va peshnob yoki lahm qismi goʻshti va yogʻi eni 3—4 sm, uzunligi 10—15 sm qilib tilimlanadi. Tilimlar togʻoraga solinib tuz, murch va zira bilan yaxshilab aralashtiriladi (1 kg goʻshtga 0,5 kg ot yogʻi, 50 g tuz, 15 g murch, 25 g zira) va 4 soatdan 24 soatgacha salqin joyda saqlanadi. Ot (mol) ning 45—50 sm uzunliqdagi ichagi agʻdarilib, sovuq suvda yuviladi, shilimshiq moddasi tuz bilan ishqalab yoki 2% li sirkali suv bilan tozalanadi. Ichakning bir uchiga choʻp suqib (ichak sitilib chiqib ketmasligi uchun), orqasidan pishiq ip bilan mahkam bogʻlab, ikkinchi uchidan tayyor tilimlar bir goʻsht va bir yogʻ zich qilib tiqiladi. Ichak toʻlgach, ikkinchi tomoni ham choʻp suqib qattiq bogʻlanadi, ikkala uchini biriktirib, saqlash uchun osib qoʻyiladi. 2—3 kundan soʻng Qazi tayyor boʻladi. Qazini 10—12 sm qalinlikda un yoki kepakka koʻmib, 2 yilgacha saqlash mumkin. Qazini pishirishda qozondagi sovuq suvga solinib 1,5—2 soat mildiratib qaynatiladi. Qazi qaynab chiqqandan soʻng, koʻpigi olinib, yorilib ketmasligi uchun bir necha joyiga nina uriladi. Dasturxonga parrak parrak qilib, noringa qoʻshib yoki yaxna tarzida murchli piyoz yoki salatlar bilan tortiladi. Qazi Toshkentda koʻp tayyorlanadi. Qazi moʻgʻullar, qozoqlar, qirgʻizlar, turkmanlarda ham mavjud.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |