Qazilma organizmlar qoldiqlari, toshqotganlik — oʻtgan geologik davrlarda yashagan organizmlarning choʻkindi togʻ jinslarida saqlanib qolgan hayot faoliyati izlari va qoldiqlari. Ularga qarab choʻkindi togʻ jinslarining nisbiy yoshi aniqlanadi. Qazilma organizmlar qoldiqlariq.ning turli xil saqlanish shakllari maʼlum. Oʻsimliklar, ayniqsa, yiriklari, togʻ jinslarida butunligicha koʻmilib qolmaydi; ulardan boʻlinib ketgan barglar, shoxlarning uzilgan qismlari, oʻsimliklar tanasining boʻlaklari, mevalari, alohida urugʻlari va kamdankam gul izlari saqlanib qoladi. Oksidlanish jarayoni taʼsirida organik moddalar yoʻqolib, togʻ jinslarida oʻsimliklarning faqatgina izlari qoladi va ularda baʼzan koʻmirga aylangan yupqa poʻst (kutikula) saqlanadi; kimyoviy reagentlar bilan ishlov berilgandan soʻng mikroskop ostida epiderma va ogʻizchalarning katakli tuzilishi koʻrinadi. Baʼzan oʻsimlik qoldiqlarini turli xil minerallar (kaltsit, limonit, amorfli kremnezyom, siderit va boshqalar) bilan oʻrin almashishi sodir boʻladi. Bu toshqotganlikda oʻsimliklar anatomik strukturasi saqlanib qoladi, ular fan uchun juda qimmatlidir. Hayvonlarning faqat skeletlarigina emas, balki yumshoq toʻqimalarining tuzilishi toʻgʻrisida ham xulosa chiqarishga imkon beruvchi butun jasadlari yoki ularning boʻlaklari antropogen yotqizikdaridagina saqlanib qolgan. Hayvonlarning yaxshi saqlangan qoldiqlari (mamontlar, baliqlar va boshqalar) abadiy muzloq yer oblastlarida va baʼzan uyumlarni tashkil qiluvchi tabiiy asfaltsimon modda — ozokeritda qolgan boʻladi. Mumiyoga aylangan qoldiqlar ham organizmlar toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Toshqotishlikning tez-tez sodir boʻlishi — qachonki organizmlar qoldiqlaridagi gʻovaklar suvli eritmalardan choʻkkan mineral moddalar bilan toʻlganda; oʻsha skeletning moddasi ham oʻz strukturasini saqlagan holda (psevdomorfoza) ular bilan almashtiriladi. Qazilma organizmlar qoldiqlariq. minerallashish jarayoni fossilizatsiya deyiladi. Jinslarda, xitin skeletli umurtqasizlardan yupqa koʻmirga aylangan qatlamchalar qoladi. Paleontologiya va tarixiy geologiyaning qazilma organizmlar hosil boʻlish jarayonini oʻrganuvchi boʻlimi tafonomiya deb ataladi.

Yer poʻsti yotqiziqlarida saqlanib qolgan qadimiy geologik davrlardagi oʻsimliklarning qoldiqlari. Q.oʻ.ni paleobotanika fani oʻrganadi. Butun holda tuban oʻsimliklar (suvoʻtlar va bakteriyalar), yuksak oʻsimliklardan yoʻsinlar, baʼzi mayda oʻsimliklar, yirik yuksak oʻsimliklardan ularning boʻlakboʻlak qismlari (tanasi, poʻstlogʻi, bargi, guli, mevasi, urugʻi, sporasi, gulchang donalari va boshqalar) saqlangan. Koʻpincha qazilma qoldiqlar orasida suv havzalari yonida oʻsgan yogʻochsimon oʻsimlik va suvoʻtlarning qismlari uchraydi. Q.oʻ. odatda, botqoqlik, koʻl, daryo yotqiziqlarida hamda manbalarning ohakli va kremniyli yotqiziqlarida va dengiz sohili yotqiziqlarida qazilma hayvonlar bilan birga uchraydi. Qoldikdarning saqlanish darajasi Q.oʻ.ni oʻzida mujassamlashtirgan togʻ jinslarining geologik yoshiga ham bogʻliq. Q.oʻ. strukturasi yemirilmay anatomik tuzilishi (mas, oʻsimliklarning urugʻi, danagi, yogʻochi, changi, bargining epidermisi va igna barglilarning qubbasi va boshqalar) saqlanib, oʻsimlik toʻqimalarining kimyoviy tarkibi birmuncha oʻzgargan holda va oʻsimlik qoldigʻi butunlay yoʻqolib, togʻ jinslari orasida, ularning faqat izlari yoki har xil minerallar bilan toʻlgan shakllari sakdangan holda uchraydi. Q.oʻ.ning bir nechta katta boʻlimlari, tiplari (mas, psilofitsimonlar, bennettitlar, lepidodendronlar va boshqalar) maʼlum. Ularni oʻrganishdan olingan dalillarga koʻra, uch mlrd. yil oldin, yaʼni arxey va proterozoy yotqiziqlarida bakteriyalar va bir hujayrali suvoʻtlar yashagan. Yer usti oʻsimliklarining kembriyordovikda paydo boʻlganligi ehtimoldan uzoqroq boʻlsada, silur davrida paydo boʻlganligi aniq. Uzgaruvchan iqlim sharoitiga moslashish natijasida oʻsimliklar dunyosida katta va murakkab oʻzgarishlar roʻy bergan. Oʻzgargan tabiiy sharoitga moslasha olmagan oʻsimliklar yoʻqolib ketgan va moslasha olganlari yashab, yangi turlar yuzaga kelgan. Q,oʻ.ni oʻrganish oʻgmishda Yer yuzini qoplagan oʻsimliklarning tarqalishi va tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni beradi hamda oʻsimliklar evolyutsiyasi etapini belgilaydi. Q.oʻ. sanoatda foydalaniladigan qazilmalarning (torf, qoʻngʻir koʻmir va toshkoʻmir, yonuvchi slanetslar) toʻplamlarini hosil qiladi. Oʻrta Osiyo hududida karbon davrida yevromeriy tipdagi flora mavjud boʻlgan. Yura florasining vakillari Oʻzbekistonda, mas, Ohangaron, Shoʻrob, Sulukta va Shargʻundagi koʻmir konlari hosil boʻlishida katta rol oʻynagan.