Qisqa toʻlqinlar
Qisqa toʻlqinlar - toʻlqin uzunligi 10 m dan 100 m gacha (30—3 MGs) diapazonda boʻlgan radiotoʻlqinlar. Qisqa toʻlqinlarning tarqalish tarziga Yer atmosferasi kuchli taʼsir qiladi. Qisqa toʻlqinlar qisqa (-500 km) masofalarga yer toʻlqinlari (Yer sirtiga yaqin bir jinsli atmosferada tarqaluvchi radiotoʻlqinlar) koʻrinishida, oʻta uzoq masofalarga, xususan, Yer shari atrofida ionosfera toʻlqin oʻtkazgichlar boʻylab tarqalishi mumkin. Qisqa toʻlqinlarning ufq ortida tarqalishi asosan ularning ionosferadan yoki ionosfera va Yer sirtidan koʻp marta qaytishi tufayli amalga oshadi.
Qisqa toʻlqinlarning ionosferadan qaytish chastotasi ularning ionosferaga tushish burchagiga va qaytish sathidagi elektronlar konsentratsiyasiga bogʻliq. tushish burchagining maʼlum kritik qiymatidan kichik qiymatlarida Qisqa toʻlqinlar ionosferadan qaytmaydi va radioaloqada sukunat (jimjitlik) zonasi yuzaga keladi. Maʼlum uzunlikka ega radiotrassa uchun radioaloqada foydalaniladigan maksimal chastota mavjud. Trassaning uzunligiga, sutkaning vaqtiga va geofizik sharoitlarga qarab, bu chas-tota amalda Qisqa toʻlqinlarning butun diapazoni boʻyicha oʻzgarishi mumkin.
Qisqa toʻlqinlardan radioaloqada, Yer va sayyoralar ionosferalarini, Quyosh tojining tashqi qatlamlarini va boshqa radioastronomik obʼyektlarni tadqiq qilishda foydalaniladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |