Qisqamoʻy koʻkbosh (Echinops brevipenicillatus) — murakkabguldoshlar oilasi, exinops turkumiga mansub oʻt oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob tur sifatida kiritilgan. Surxondaryo viloyati, Bobotogʻ tizmasida oʻsadi[1].

Qisqamo‘y ko‘kbosh
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Oila: Murakkabguldoshlar
Binar nomi
Echinops brevipenicillatus

Tasnifi

tahrir

Balandligi 30—60 sm ga yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Poyasi tik, barglar va tikanlar bilan qoplangan, yuqori qismi shoxlangan, yuzasi oqish qalin tuklar bilan qoplangan. Barglari charmsimon, ustki tomoni yashil, siyrak bezchali, siyrak tuklar bilan qoplangan. Barglari navbatma-navbat joylashgan, ikki jinsli. Bargining ostki qismi qalin tukli. Poyadagi barglari yuqoriga qarab kichrayib boradi, bandsiz. Poyaning pastki qismida joylashgan barglar kichik oʻsimtali, choʻziq nashtarsimon shaklda. Gullari savatcha toʻpgulda joylashgan. Savatchalari yumaloq shaklda, diametri 5 sm. Oʻrama bargchalari 16—19 ta, yuzasi silliq. Gultojibarglari oqish rangda, chuqur kesilgan, naychasi bezchali. Urugʻlari qalin tuklar bilan qoplangan. Oʻsimlik iyun—iyul oylarida gullab, mevasi iyul—avgustda yetiladi. Mevasi silindrsimon shaklda, uzunlogi 6-8 mm, tepasi chashka ko‘rinishida, tarkibida zaharli alkaloid exinopsin mavjud. Oʻsimlik urugʻidagi alkaloid miqdori 1,5-2% ga yetadi, poya va barglarda — ancha kam miqdorda mavjud. Urugʻi orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti

tahrir

Tabiatda juda kam tarqalgan. Surxondaryo viloyati Bobotogʻ tizmasida tarqalgan. Togʻlarning pastki qismidagi va togʻ etaklaridagi ochiq ola jinsli tuproqlarda oʻsadi. Ochilib qolgan ola jinsli tuproqlardagina oʻsgani sababli tabiatda soni kamayib ketgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Echinops brevipenicillatus“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.