Qiyshiq boʻyin - boʻyin yumshoq toʻqimalari va muskullarining bir tomonlama tortishishi, umurtqa pogʻonasi boʻyin qismining qiyshayishi yoki kasallanishi natijasida boshning bir tomonga qiyshayib qolishi. Koʻpincha homilaning ona qornida notoʻgʻri rivojlanishi yoki tugʻruq vaqtida bola boʻynining yumshoq toʻqimasiga shikast yetishi oqibatida paydo (tugʻma Qiyshiq boʻyin) boʻladi. Kishi kuyganda, jarohatlanganda, yalligʻlanish jarayonlaridan soʻng boʻyinda chandiq hosil boʻlganda ham boʻyin qiyshayib qolishi mumkin. Tugʻma Qiyshiq boʻyinda boʻyin bir tomonga (shikast yetgan muskul tomonga) qiyshayib qoladi, ensa oʻsha tomonda yelkaga yaqin turadi, iyak esa koʻtarilgan va qarama-qarshi tomonga burilgan boʻladi. Chandiqlanish natijasida paydo boʻlgan Qiyshiq boʻyinda boʻyinning qiyshayishi chandiqning joylashishi va katta-kichikligiga bogʻliq. Bola boshini bemalol qimirlata olmasa-da, ogʻriq sezmaydi. Tugʻma Qiyshiq boʻyinda boʻyinning qiyshiqligi bola tugʻilgan kunidan boshlab bilinadi. Oʻz vaqtida davolanmasa, unga ikkilamchi nuqsonlar — umurtqa pogʻonasi boʻyin qismining qiyshayishi qoʻshiladi. Koʻpincha chaqaloq boshi uzunchoq va yon tomonlari goʻyo yassi boʻlib koʻrinadi. Tugʻruq tufayli bosh shaklining bu xildagi oʻzgarishi keyinchalik yoʻqolib ketadi. Biroq bunday bola doimo boshini bir tomonga qiyshaytirib yotadi, bu esa Qiyshiq boʻyinning rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, bolalar ensasi ostiga bosh toʻfi tursin uchun yumshoq paxta chambar qoʻyish tavsiya etiladi. Ona bolada salgina, hatto vaqtinchalik oʻzgarish sezsa, darhol vrachga murojaat etishi kerak.

Baʼzi hollarda Qiyshiq boʻyin operatsiya qilinadi. Operatsiyadan soʻng ota-ona vrach nazoratida davo gimnastikasi va massaj qilib turishlari kerak.