Qizilsuv (daryo, Tojikiston)
Qizilsuv — Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyatidagi daryo. Panj daryosining chap irmogʻi. Uzunligi 230 km, havzasining maydoni 8630 km2. Vaxsh tizmasi tarmogʻining jan. yon bagʻrida, 2840 m balandlikda boshlanadi. Oʻng irmogʻi (Shakildara daryosi) ning quyilishigacha Mullokoni, pastroqda, oʻng irmogʻi Safedobning quyilish joyigacha Safedsangob, undan keyinroq, oʻng irmogʻi Talxobning quyilishigacha — Shoʻrobdaryo (Surxob) nomlari bilan maʼlum. Qizilmozor shahri dan quyiroqda daryo suvi uning chap irmogʻi Yaxsuv bilan birga (Panjga quyilgungacha) sugʻorishga sarflanadi. Buning uchun keng tarmoqlangan kanal, kollektorlar sistemasi tashkil etilgan. Asosiy irmoqlari: chapdan — Tira, Obimozor, Kaliksoy, Shoʻrak, Yaxsuv, oʻngdan — Safedob, Talxak, Toirsuv (oxirgisi shoʻr). Qor, qisman yomgir suvlaridan toʻyinadi. Toʻlinsuv davri fevral— martda boshlanib iyun—iyulda tugaydi. Oʻrtacha yillik suv sarfi Boboxonshoid qishlogʻi yonida 82 m3/sek. dan (koʻp suvli yilda) 15,1 m3/sek. gacha (kam suvli yilda) oʻzgaradi. Samanchi qishlogʻi yonida 146 m3/sek. dan 66 m3/sek. gacha.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |