Qoʻchqor — sovliqlarni urugʻlantirishda foydalaniladigan erkak qoʻy. Zotli Q.lar 1,5 yoshidan sovliqlarni qochirishga qoʻyiladi. Xoʻjalikda 7 yil foydalaniladi. Qoʻychilikda sunʼiy urugʻlantirish qoʻllanishi munosabati bilan Q.lar 2 toifaga — asosiy nasldor Q.lar va sinovchi Q.lar guruhiga ajratiladi. Asosiy nasldor Q.lardan sovliqlarni urugʻlantirish-da, sinovchi Q.lardan suruv tarkibidan kuyikkan qoʻylarni aniqlash va ajratishda foydalaniladi. 120—180 bosh kichik guruh sovliqlar ichiga 3 bosh Q. (60 sovliqqa bir sinovchi Q. hisobidan) qoʻyiladi. Qoʻychilikda bir Q. bilan 3000, hatto 5000 sovliqni sunʼiy urugʻlantirish mumkin. Odat-da, yetuk yoshdagi Q.lardan olingan urugʻlar bilan bir mavsumda sunʼiy qochirishda oʻrtacha 300—500 bosh, erkin va qoʻlda qochirishda (tabiiy holda) esa 30—70 bosh sovliq urugʻlantiriladi. Nasl olish uchun qoldi-rilgan Q.lar tugʻilgan kunidan to 1,5 yoshga qadar doimiy nazorat ostida boʻladi va alohida parvarish qilinadi. Q.lar donador va aralash yem, mineral moddalar va vitaminli hamda oqsilga boy ozuqalar bilan boqiladi.

Ayrim shoxdor Q. zotlari urishqoqligi bilan ajralib turadi. Oʻzbekistonda ommaviy xalq sayillarida Q. urishtirish tomoshalari juda qadimdan oʻtkazib kelingan.