Qonunchilik tashabbusi - qonun loyihalarini qonun chiqaruvchi organlar muhokamasiga taqdim etish huquqi; mazkur organlar qonun loyihasini muhokama qilishga va shu loyiha yuzasidan qaror qabul qilishga majbur. Zamonaviy davlatlarda Qonunchilik tashabbusi huquqiga, odatda, parlament deputatlari, parlament qoʻmitalari, hukumat, davlat boshligʻi va umummilliy kompetensiyali alohida idoralar egadir. Qt. huquqi qanday idoralar va shaxslarga berilishi Konstitutsiyada belgilab qoʻyiladi. Mas, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi boʻyicha, Qonunchilik tashabbusi huquqiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, oʻz davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokurori egadirlar va bu huquq Qonunchilik tashabbusi huquqi subʼyektlari tomonidan qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi (83-modda). Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega boʻlmagan tashkilot va ayrim fuqarolar ham muayyan qonunlar tayyorlanayotganda oʻz takliflarini berishi mumkin (ular qonun tayyorlanish jarayonida koʻrib chiqiladi va inobatga olinadi).