Qorakoʻl yodgorliklari
Qorakoʻ yodgorliklari. Qorakoʻl Oʻzbekistonning janubida, Qizilqum va Qoraqum sahrolari tutashgan hududda, Zarafshon daryosi quyi oqimida joylashgan.
Qadimda Qorakoʻl hududidagi Zamonbobo mavzesi, Poykent, Kichiktuzkon, Kattatuzkon, Odilquduq, Qurbonboy, Rahmatbobo, Oqrabod va Hatar degan joylarda odamlargavjum yashagan.
Zamonbobodan topilgan miloddan avvalgi II-I ming yilliklarga oid arxeologik topilmalar orasida ayo haykalchasi, xovoncha dastalari, oltin munchoq, qimmatbaho tosh — lojuvard, har xil ibtidoiy qurollar, jezdan ishlangan pardoz-andoz buyumlari mavjud.
Tarixga „Zamonbobo madaniyati“ nomi bilan kirgan ushbu maskan bronza davri urugʻ jamoasining madaniyati boʻlib, bu yerdan ikkita yarim yertoʻla shaklidagi chayla uy, kulolchilik humdoni va 43 ta qabr topilgan. Bu esa jamoaning dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shugʻullanganini anglatadi.
Qorakoʻlning yana bir qadimiy yodgorligi Poykent(Boykent) shahridir. Poykentning tarixi 2500 yildan ziyod boʻlib, uning arki va ikkita shahristoni mustahkam qalʼa devori bilan oʻralgan. 20 gektarli maydonga ega shahar sunʼiy tepalik ustida joylashgan. Shahar devorining tashqarisida keng va chuqur zovur qazilib, undan koʻtarma koʻpriklar orqali oʻtilgan.
Qorakoʻlning yana bir tarixiy obidasi Chibirdon ota — Shoh Abdurahmon Vali maqbarasi kompleksi ham Oʻrta Osiyo meʼmorchiligining noyob namunalari sirasiga kiradi. Shoh Abdurahmon Vali maqbarasi baland qum tepaligi ustida barpo qilingan boʻlib, u ikki qismdan: yer ostida joylashgan goʻrxona va uning ustki qismida qurilgan yagona gumbazli ziyoratgohdan iborat. Ziyoratxonaga toʻrtala tomondan ham eshik mavjud boʻlib, binodagi markaziy peshtoq marmar toshlar, naqshlar va kufiy yozuvidagi epigrafika bilan beatilgan.
Sakkiz burchakli maqbara XI asrning boshlarida qurilgan. Maqbaraning koʻrinishi Somoniylar davriga xos kvadrat pishiq gʻishtlari, oʻziga xos konstrukciyasi, kompazitsion tuzilishi, choʻzinchoq gumbazi, sal ogʻirroq va balandroq qurilgan peshtoqi uning qadimiyligidan dalolat beradi. Maqbara tashqi tomonidan ortiqcha bezakka ega emas.
Bino kompozitsiyasi oddiy: har tomoni 2,65 metrli sakkiz tomonli, sakkiz burchakli boʻlib, diametrik 6,4 metrli gumbaz bilan yopilgan. Gumbazning yuqorisidan 1,4 metr diametrga ega tuynuk maqbara ichkarisini yoritishga xizmat qilgan. Bundan tashqari, maqbara ichkarisini uchta tobodoni — panjara yoritib turadi. Markaziy peshtoq tepasi hamda sharq va janub tomonlarda joylashgan panjaralar terrakotadan yasalgan.
Maqbaraning yana bir oʻziga xos jihati shundki, bino devorining tashqi tomoni balandligi 2 metr keladigan qismining kvadrat qismi tashqariga qaratib gʻishtdan 9 qator qilib terilganidadir. Bunday uslub Oʻrta Osiyo va Eronda IX-X asrlarda xom gʻisht va paxsadan qurilgan yodgorliklarning ulkan ustunlarining atrofini qoplashda ishlatilgan.
Chirirdon ota yoki Shirburdon ota maqbarasi esa chorvadorlar piri, avliyo Shirburdon ota sharafiga Sohibquron Amir Temur davrida, XIV-XV asrlarda qurilgan. Yodgorlik uchta xonadan: xonaqoh, chillaxona va goʻrxonadan iborat. Maqbaraning peshtoq qismi oʻzidan sharq tomonda joylashgan sakkiz burchakli maqbaraga qarab turadi. Peshtoq yuqori qismida beshta qavoqchalar, ikki burchagida minorasimon guldastalar qurilgan. Binoning baland gumbazli xonaqohi diametrik 10 metr keladigan sferik gumbaz bilan varoqlar ustiga sakkiz burchak hosil qilib joylashtirilgan. Maqbaraning goʻrxona va chillaxonalari esa diametrik 4 metr hajmdagi pastroq qilib qurilgan gumbazlar bilan yopilgan. Goʻrxonaning dastlab toʻrtta eshigi boʻlgan.shimoliy va janubiy devorlardagi eshiklar bir-biriga simmetrik joylashgan boʻlib, gʻarbiy devorda esa ikkita bir xil oʻlchamli eshiklar boʻlgan.
Bino devori ostidagi poydevor quyidagi tartibda joylashgan: qattiq qum qatlami ustiga qalin loy yotqizilgan, ustidan tikkasiga ikki qator kvadrat gʻisht terilgan, uning ustidan qamish qatlami yotqizilib, ustidan gʻisht terilgan. Bino yonida qazishma ishlari olib borilganda 1428-29 yillarda Buxoroda zarb qilingan tangalar majmuyi topilgan. Bino oʻzining tashqi koʻrinishiga koʻra Buxorodagi Sayfiddin Boharziy maqbarasiga oʻxshab ketadi. Ammo Chibirdon ota maqbarasining peshtoqi ancha past ekanligi, uning XIV asr II yarmida qurilganidan darak beradi.
Chibirdon ota maqbaralar majmuasi taniqli qadimshunos olim Yahyo Gʻulomov ekspeditsiyasi tomonidan 1951 yilda aniqlangan.[1]
Manbalar
tahrir- ↑ Qoryogʻdi Jumayev. Zafar Hakimov."Moziydan Sado" 4.(44).2009.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |