Qoriy Xoʻqandiy
Qoriy Xoʻqandiy (taxallusi; asl ismi Mulla Mirmahmud Mirshamsiddin oʻgʻli) (1828 – Qoʻqon shahri Sarmozor dahasi – 1906) – shoir va xattot. XIX asr oʻzbek adabiyotining isteʼdodli namoyandalaridan. Qoʻqondagi Norboʻtabiy madrasasida taʼlim olgan. Arab va fors tillarini, sarf, nahv va lugʻat ilmini chuqur oʻzlashtirgan. Hasanqori domladan qiroat ilmini oʻrganib, Qurʼon hofizi – qorilik unvoniga erishgan. Sheʼrlarida ham „Qoriy“ taxallusini qoʻllagan. Qoʻqonning Xoʻjand dahasi Gʻoziyogʻliq mahallasidagi katta masjidda uzoq yillar imomlik qilgan. Q. X. mukammal husnixat egasi – xattot ham boʻlgan. Qoriy Xoʻqandiyning oʻzi koʻchirgan (2 dastxat) „Devon“i, Majzub Namangoniyning „Devon“i, Bahouddin Naqshbandning risolasi, Muqimiy bilan hamkorlikda koʻchirgan katta bayozi va yana bir necha asarlar bizgacha yetib kelgan.
„Devon“idan gʻazal, muxammas, muvashshah va taʼrix janridagi sheʼrlar oʻrin olgan. Gʻazallari oshiqona va orifona mazmunda boʻlib, sof lirik xarakterga ega. Muxammaslari (65 ta) oʻzbek va fors tillarida yaratilgan, ularning aksariyati fors adabiyoti klassiklari Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Bedil, Ahmad Jomiy, Osafiy, Soib kabilarning, turkiy adabiyot klassiklaridan esa Alisher Navoiy, Fuzuliy, Amiriy, Mashrab, Zaliliy, Gʻoziy, Uvaysiy, Azimiy kabi ijodkorlarning gʻazallariga bogʻlangan taxmislardir. Qoriy Xoʻqandiy sheʼrlari Allohga hamdlar, ayniqsa, paygʻambarimiz muhammad (s.a.v)ga bagʻishlangan naʼtlarning koʻpligi bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, uning ijodida goʻzal mahbubaning yorqin tasviri va unga boʻlgan muhabbat sitamlari aks etgan misralardan tashkil topgan sheʼrlar ham salmoqli oʻrinni egallaydi. Devoni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida (inv. № 2310) saqlanadi.
Ls. Devoni Qoriy, T., 1912; Oʻzbekadabiyoti tarixi xrestomatiyasi. 2-j.. T., 1945; Oʻzbek adabiyoti, 1-kitob, T., 1960.
Adabiyot
tahrir- Qayyumov P.. Tazkirai Qayyumiy. 2-kitob, T., 1998.
Otabek Joʻraboyev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |