Qozikalon — bosh qozi, eng yuqori darajadagi qozi (oliy mahkama raisi). Oʻrta Osiyo xonliklarida barcha qozilar, dindorlar va mullalarning boshligʻi, yaʼni raisi boʻlib, ular ustidan nazorat qilgan. Bosh qozi ham diniy, ham adliya ishlarini boshqargan. Barcha musulmon mamlakatlarida boʻlgani kabi Xiva xonligida ham huquq masalalari dinga qarashli, yaʼni dindorlar qoʻlida boʻlgani sababli, Q. barcha huquq masalalari va qoʻshin maʼmuriyatining ham raisi hisoblangan.

Q. fuqarolarning daʼvolari, janjallari bilan ham shugʻullangan. Oliy jazo talab qilinadigan jinoiy ishlar uning vazifasiga kirmagan. Bu ishlarni xonning oʻzigina koʻrgan. 1824—25 yillarda xonlikdagi q. ning 11 ta navkari boʻlgan.

Q rasmiy qabul marosimlarida xonning oʻng tomonida, 1-oʻrinda oʻtirgan. Q. Buxoro amirligida ham xuddi shunday vazifani bajargan.

Xiva xonligi mutlaq monarxiya davlati boʻlgani uchun oliy sud hokimiyati xon ixtiyorida boʻlsa-da, biroq shunga qaramay Q. ham katta vakolatlarga ega edi. Mas, maosh toʻlanadiganlar roʻyxatida shayx ul-islomdan keyin turgan. Xonlikda 2 ta qozi — q. va qozi-askar boʻlgan.